DO'STLASHISHDA OGOHLIK EHTIYOJI
Muallif: . .
Sana: 08.11.2017
3225

«Yuz so‘m puling bo‘lmasin, yuzta do‘sting bo‘lsin», – degan hikmat bor. Mana shu naqlga xalqimiz yaxshi e’tibor beradilar va hayoti mobaynida imkoni qadar do‘stlar ko‘paytirish, ulfatlar orttirish harakatida bo‘ladi. Xo‘sh, do‘stlashishda nimalarga e’tibor qaratish kerak, uning bo‘y-bastigami yoki vazniga yo boshqami? Keling bu borada ziyolilarning fikrlariga murojaat qilaylik, baholiqudrat mulohaza yuritaylik.
Darhaqiqat, sof tabiatli kishi hayoti mobaynida ko‘proq do‘stlar, ulfatlar orttirishni istaydi. Chunki, do‘stlarning ko‘pligi, ulfatlarning ko‘pligi har kimga ham yoqadi. Do‘stlarning ko‘pligi, dilxushlarning bisyorligining omili go‘zal odob-axloqqa bog‘liqdir. Do‘stlar yaxshi kuningda ham, aksida ham yoningda bo‘lsa, g‘amingni ko‘tarib, dardingni aritsa, xursandchiligingda sherish bo‘lsa qanday yaxshi...

Alloh taolo mo‘minlarni o‘zaro birodarlikka, do‘stlashib, birikib yashashga undagan. Jumladan «(Ey mo‘minlar!) Allohning mustahkam arqoni (Qur’oni Karim)ni mahkam ushlanglar, firqalanmanglar...», deb marhamat qilgan. Muqaddas dinimiz tarixiga nazar tashlasak, Rasululloh (s.a.v) ham sahobiylariga o‘zaro do‘stlashini, do‘stlashganda ham qiyomatli do‘st bo‘lishni tavsiya qilganlar. Ashobi kiromlar (r.a) mana shu tavsiga ko‘ra ko‘plari o‘zaro do‘st bo‘lishgan, ahil-inoq yashaganlar. Mana shuncha vaqt o‘tibdi hamki, musulmonlar o‘rtasida do‘stlik, birdamlik hissi bor. Bu his shundayki, kishini qarindoshlariga nisbatan, yaqinlariga nisbatan ko‘ngini moyil qilib qo‘yadi, ularga nisbatan g‘amxo‘r qiladi.

Do‘stlik borasida chuqur fikr yuritishdan muqaddam do‘stlik borasida ulamolarning fikrlarini, uning mohiyatini tushunib olsak maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Hakim zotlarda biri do‘stlikning toifalar bo‘lishiga ishora qilib bunday deganlar:

«Do‘stlar uch turli bo‘ladi. Ularning birinchi toifasi go‘yoki taomga o‘xshaydi, undan hecham ajrala olmaysan. Ikkinchi toifasi doriga o‘xshaydiki unga goh-gohida ishing tushadi. Uchinchi toifasi esa, dardga o‘xshaydiki, ularga imkon qadar ishim tushmasin deysan».

Taniqli fors-tojik shoiri Nosir Hisravning bu borada mashxur bayti bor:

Chinakam do‘st aytgan o‘git-masal,

Sirti zahar erur, tomiri asal.

Darhaqiqat, bu borada dono xalqimiz «Do‘st achitib gapiradi, dushman yashiradi», – deb bejiz aytmagan. Chunonchi do‘stimiz achchiq bo‘lsada haqiqatni

aytadi, kamchiliklarimizni o‘zimizga aytadiki undan halos bo‘lishimizni istaydi. Demak, do‘stlarning gaplariga ahamiyat berish, ular qilgan nasihatlariga quloq tutmoq insonga foydadan holi narsa emas. Magaram, do‘st chin do‘st bo‘lsa.

Alloh taolo insonlarni do‘stlashishga, birdamlikka chorlagan, Payg‘ambarimiz ham bunga ko‘p hadislarida ishora qilgan, ulamolar hayotlarida bularni tatbiq etgan ekan deb duch kelgan kishi bilan do‘stlashib ketaveramizmi?! Yo‘q albatta. Chunki, dimizdagi bu boradagi ko‘rsatmalar yaxshi do‘stlar orttirishga qaratilgan. Yaxshi do‘st bo‘lmagan, sizga chin do‘stlikni izhor qilsayu, amalan boshqacha aniqrog‘i aksincha bo‘lsa u kimsa munofiq bo‘ladi.

Jaloliddin Rumiy hazratlari bu borada bunday deganlar: «Kimlar bilan yurganingizga, kimlar bilan do‘st bo‘lganingizga e’tiborliroq bo‘ling. Zotan, bulbul gulga olib boradi, qarg‘a esa axlatga!». Zohiran ikkalasi ham bir sinf qushlar sinfiga mansub bo‘lgan ikki do‘stning olib borayotganiga e’tibor qaratgan kimsaga bundan ortiqroq misolni, izohni hojati bo‘lmasa kerak.

Zamon texnologiya rivojlanib bormoqda, internet ko‘p taraflama qulayliklar taqdim etmoqda deyilgan vaqtlar ham ortda qoldi. Chunki bularning aksari eskirib bo‘ldi. Internetni kirib kelganiga, turmushimizning bir qismiga aylanib qolganiga ham ancha bo‘ldi. Ammo shuncha vaqt o‘tdi hamki, ana shu birgina internetda oqilona, foydali bo‘lgan o‘rinlarda ishlatishga kelganda hanuz oqsamoqdamiz. Chunki, uzog‘imizni yaqin, og‘irimizni yengil qilib bergan internetdan unumli ishlargagina foydalanish masalasi hamon dolzarb va og‘riqli holat bo‘lib qolmaqdi. Kimlardir suhbat, yozishmalar manbai bo‘lgan tarmoqlardan o‘zining g‘arazli maqsadi yo‘lida foydalansa, yana boshqasi mana shunaqangi buzg‘unchilar safini kengaytirish yo‘lida qo‘llamoqda. Yan boshqasi esa millatchilik, dinparastlik, oqimparastlik, irqchilik va behayolik singari bir so‘z bilan aytganda illatparastlik bilan internetni bulg‘amoqda.

Mana shu internet orqali do‘stlashish odati paydo bo‘lgani, ommalashib ketgani yetmaganidek endi muqaddas va nozik masalalardan biri bo‘lmish turmash qurish holatlari ham tobora ko‘payib bormoqda. Bu holat ko‘p hollarda achinarli tuslarga olib kelmoqda. Muqaddas oilaning barbod bo‘lishi, begunoh go‘daklarning yetim qolishi, bir nechta oilalarning o‘zaro nizolashishiga sabab bo‘lmoqda! Bu kimga kerak, kim bularni istaydi?! Xulosani o‘zingizga qoldirdik.

Internetda sizga do‘stlikni taklif qilgan kishi kim, qayerda yashaydi, qaysi millatga, dinga mansub, e’tiqodi qanaqa va hokazolarni o‘zingizga biror marta berib ko‘rdingizmi? Mana shu do‘stlikning oqibati qanday intiho topishigachi? Do‘stlik taklif qilgan kilgan kishining maqsadi qandayligi borasida internet sizga aniq ma’lumot taqdim eta oladimi?

Muxtaram o‘quvchi, e’tiborliroq bo‘ling! Sog‘lom e’tiqod masalasi har narsadan ustun turadigan masala hisoblanadi. E’tiqod sog‘lom bo‘lmasa, qilgan amallaringiz misoli yelga o‘xshaydi. Sizning mana shu sog‘lom e’tiqodingizga o‘sha «do‘stingiz putur yetkazishidan qo‘rqmaysiz»mi? Qanchadan-qancha kimsalar mana shunaqa «do‘stlikning oqibati» o‘laroq o‘z Vataniga xoinlik qilib, muqaddas diniga bo‘xtonlarni, uydurmalarni to‘qishgacha borayotganligi borasida aynan o‘sha internetda o‘qimadingizmi yoxud ziyolilardan eshitmadingizmi?

Ogoh bo‘ling! Har qanday do‘stlikning zamirida muayyan maqsad yotadi. Kimdir chin ma’noda do‘stlashsa, yana kimdir o‘z maqsadini amalga oshirish yo‘lida do‘stlashadi. Shunday ekan, duch kelgan kishilar bilan do‘stlashib, shaxsiy ma’lumotlarni unga tadim etib, uning ko‘rsatmalariga amal qilaverish, yo‘rig‘iga yurish chinakam nodonlik va beilmlikdan o‘zgasi emas.

Ijtimoiy tarmoqlarning jamiyatga va uning birligiga o‘z navbatida tahdid ekanligi borasida jamiyatshunos olim Sherri Terkl bunday deydi: «Ijtimoiy tarmoqlardagi suhbatlar insoniylikni barbod qilayotgan ahmoqlikning yangi ko‘rinishidir».

Mulohazalarimizga intiho nuqtasini qo‘yishdan muqaddam shuni alohida ta’kidlab o‘tamizki, mulohazalarimiz chog‘ida internet orqali do‘stlashish, tanishishni qoralashni iroda qilmaganmiz. Bizning fikr mulohazalarimiz kim bilan do‘stlashatganingizga, kimning do‘stligini qabul qilayotganingizga e’tiborliroq bo‘lishga chorladik. Maqsadiizki, xalqimiz orasidagi millatlar va dinlar aro do‘stonalik, ahillik va bag‘rikenglik abadiy bo‘lsin. Yurtimiz istiqboli yanada nurafshon, istiqloli abadul-abad bo‘lishini so‘ragan holda mulohazalarimizga yakun yasaymiz.

Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani «OQ MASJID» masjidi imom-xatibi A.Isaqov maqolasi

. .