ATO IBN ABU RABOH rohimahulloh (1-qism)
Muallif: . .
Sana: 11.01.2020
1538

Hijriy toʻqson yettinchi yil. Zulhijja oyining oxirgi oʻn kuni. Kaʼbatulloh poyi-piyoda, ot-ulovda kelgan odamlar bilan toʻla. Ular orasida yoshu qari, erkagu ayol, oqu qora, arabu ajam, boshligʻu xizmatkorlar bor. Barchalari olamlar Robbisiga boʻyin egib, itoat etib kelishgan. Musulmonlarning oʻsha paytdagi xalifasi Sulaymon ibn Abdulmalik ham Kaʼbatullohni boshyalang va oyoqyalang tavof etar, ustida faqat izor va rido bor edi. Boshqa musulmonlardan mutlaqo farq qilmasdi, butun fikru-zikri Allohda. Ikki yonida yuzlari toʻlin oydek yorugʻ, kiyinishlari ham bejirim ikki oʻgʻli. Ibodat oxirlab qolganida xalifa Kaʼbatulloh xizmatchilarining biridan:

- Boshliqlaringiz qayerda?- deb soʻradi - Shu yerda, namoz oʻqiyapti,- deya javob berdi u va Masjidul Haramning gʻarb tarafiga ishora qildi.

Xalifa oʻgʻillarini olib oʻsha yoqqa yoʻnaldi. Xos xizmatkorlar xalifaga yoʻl boʻshatish uchun odamlarni chetga surishga urindilar. Biroq ularning harakatlari xalifaga maʼqul kelmadi:

- Bu joy shohu gadolar teng boʻladigan maskandir. Bu yerda birov-birovdan iymon va taqvodagina farqlanadi xolos. Bu dargohda podshohning emas, balki koʻrimsiz oddiy bir odamning duolari ijobat boʻlishi mumkin,- dedi u.

Moʻminlar amiri Masjidul Haramning gʻarb tarafiga kelib, soʻragan kishisi berilib namoz oʻqiyotganini, ruku va sajdada uzoq qolib ketayotganini koʻrdi. Xalifa odamlar yoniga borib oʻtirdi. Oʻgʻillari ham choʻkka tushib, qora yuzli, sochlari jingalak, burni yapaloq habashiy shayxni kuzata boshlashdi. Moʻminlar amiri namozini tugatgan shayx bilan salomlashdi. Soʻngra undan haj ibodati amallari xususida masala soʻrashga oʻtdi. Shayx har bir savolga chiroyli javob berdi, fikrini shoshilmay bayon etdi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari bilan asosladi. Savollar tugadi. Masala oydinlashdi. Xalifa oʻgʻillarini olib, Safo va Marvaga saʼy qilish uchun yurdi. Shu payt jarchining: “Ey musulmonlar, sizlarga Aʼto ibn Abu Raboh fatvo beradi, u boʻlmasa, Abdulloh ibn Abu Najih oldiga boringlar“, degan ovozini eshitdi. Oʻgʻillaridan biri otasiga:

- Nima uchun bu odam Aʼto ibn Abu Raboh va Abdulloh ibn Najihdan boshqa hech kimdan fatvo soʻramaslikka buyruq beradi? Nega biz hozir xalifani ham nazarga ilmagan bir kishidan fatvo soʻradik?- deb qoldi. Sulaymon oʻgʻliga qaradi:

- Ey oʻgʻlim, sen koʻrgan oʻsha kishi oldida biz arzimagan odammiz. Aʼto ibn Abu Raboh boʻladi bu kishi. U masjidul Haramning fatvo sohibidir. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan soʻng bu ulugʻ mansabga Aʼto munosib koʻrilgan,- dedi u oʻgʻliga tanbeh ohangida. Soʻngra soʻziga yana qoʻshimcha qildi:

- Ey bolalarim, ilm oʻrganinglar. Ilm insonni ulugʻlaydi. Ilm tufayli qullar podshohlar martabasiga koʻtariladi.

Sulaymon ibn Abdulmalik oʻgʻillariga toʻgʻri gapni aytdi. Haqiqatan, Aʼto ibn Abu Raboh bolaligida makkalik bir ayolning quli edi. Alloh taolo bola qalbini ilm yoʻliga burdi, yoshligidan mehnatkash Aʼto ilmga kuchli mehr qoʻydi. Aʼto vaqtini uchga taqsimladi. Birini sohibasiga ajratdi. Zimmasidagi vazifalarni toʻla ado etishga intildi. Ikkinchi qismida Alloh taologa ibodat qildi. Uchinchi qismini esa ilm olishga sarfladi. Sahobayi kiromlar huzurlariga borib, ilm oʻrgandi. Abu Hurayra, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhum va boshqa ulugʻ zotlardan taʼlim oldi. Shunday qilib, Aʼtoning qalbiga ilm, sharʼiy hukmlar mustahkam oʻrnashdi.

Makkalik sayyida qulining taqvosi va ilmga boʻlgan ragʻbatini koʻrgach, Alloh yoʻlida uni ozod qildi va bu bilan u Islom olamini yetuk bir olim bilan taʼminladi.

Alloh Aʼto ibn Abu Raboh va barcha oʻtgan salafi solihlarimizdan rozi boʻlsin!


“Mir Arab“ Oliy madrasasining 3-bosqich talabasi

Anvarjon Oʻrishev tayyorladi.

. .