ODOB-AXLOQ FAZILATI
Muallif: . .
Sana: 30.01.2020
1789

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi, bir kishi Nabiy s.a.v.ga dedi: “Menga nasihat qiling”. U zot: “Gʻazab qilma”, dedilar. U (savolini) bir necha bor takrorladi. Paygʻambar s.a.v.: “Gʻazab qilma”, dedilar. (Imom Buxoriy rivoyati).

Imom Jurdoniy (rohimahulloh) aytadi: “Darhaqiqat, bu hadis Paygʻambar s.a.v.ga ato etilgan javomiʼ ul-kalim (qisqa lafzlar orqali ulkan maʼnolarni ifoda etish moʻjizasi)dan hisoblanuvchi buyuk hadisdir. Chunki, u dunyo va oxirat yaxshiliklarini oʻzida mujassam etgandir”.

Savol beruvchi sahobiyning shaxsiga kelsak, ayrim ulamolar

bu Abu Dardo (roziyallohu anhu) ekanini taʼkidlaydilar. Bunga Imom Tabaroniyning Abu Dardo (roziyallohu anhu)dan qilgan quyidagi rivoyatini dalil qilib keltiradilar: “Men: “Ey Allohning rasuli, meni jannatga olib kiradigan amalga yoʻllang”, dedim. U zot s.a.v.: “Gʻazab qilma, jannat seniki”, dedilar”. Ayrim ulamolar esa mazkur sahobiy Joriya ibn Qudoma (roziyallohu anhu) ekanini aytadilar. Bunga Imom Ahmadning Joriya ibn Qudoma (roziyallohu anhu)dan qilgan quyidagi rivoyatni hujjat qiladilar: “Men Paygʻambar s.a.v.ga savol berib bunday dedim: “Ey Allohning rasuli, menga bir oʻgit ayting, uni anglab olishim uchun uni menga oz qiling”.

U zot s.a.v.: “Gʻazab qilma”, dedilar. Men bir necha bor u zotga soʻrovimni takrorladim. Har gal u zot: “Gʻazab qilma”, dedilar”.

Bunday voqea bir necha marotaba yuz bergan boʻlishi ehtimoldan xoli emas. Shunday ekan, soʻrovchi sahobiylarning ham bir nechta boʻlishidan biror mone yoʻq.

Komil musulmon goʻzal xulqlar bilan sifatlangan inson boʻlib,

u muloyimlik va hayo ila bezanadi, insonlarga nisbatan kamtarlik

va doʻstlik libosini kiyadi. Odamlarga ozor berishdan saqlanish, intiqom olishga qurbi yetsada, kechirib yuborish, qiyinchiliklarga bardoshli boʻlish, hatto oʻziga nisbatan adolatsizlik qilinganida ham gʻazabni yutish, hamma vaqt ochiq yuzli boʻlish uning mardonavor xislatlaridandir. Abadiy saodat istab nasihat soʻragan sahobiyga Rasululloh s.a.v.ning koʻrsatmalari yuqoridagi maʼnolarni oʻz ichiga olgan ushbu moʻjazgina oʻgit boʻldi:

“Gʻazab qilma”.

Soʻrovchi sahobiy jannatga kirishdek oliy maqsadiga erishishi uchun mazkur oʻgitni oz hisoblab, nasihat qilish haqidagi soʻrovini bir necha bor takrorladi. Mazmun-mohiyatini anglagan va taqozosiga amal qilgan kishi uchun yetarli nasihat ekanligini taʼkidlash uchun Paygʻambar s.a.v. har gal “Gʻazab qilma” degan jumlani qaytaraverdilar.

Oqil sahobiy Rasululloh s.a.v.ning taʼkidlarini tushunib yetdi

va maqsadlarini angladi. Darhaqiqat, Imom Ahmaddan qilingan bir rivoyatda nasihat soʻragan sahobiydan quyidagi xabar keltiriladi: “Nabiy s.a.v. aytgan oʻgitlarini aytganlarida tafakkur qildim, banogoh, gʻazab barcha yomonliklarni keltirib chiqarishini tushundim”. Buning maʼnosi shuki, agar kishi gʻazab qilmasa, barcha yomonliklarni tark etgan boʻladi. Kimki barcha yomonliklarni tark etsa, barcha yaxshiliklarni hosil qilgan boʻladi.

Dargʻazablik va qiziqqonlik zaiflik alomatidir. Garchi kishining bilaklari quvvatga toʻla, jismi sogʻlom boʻlsada, gʻazab tufayli magʻlubiyatga yuz tutadi. Shuning uchun kuchlilikka faqat jismoniy quvvat bilan emas, balki, oʻz oʻrnida gʻazabni yenga olish va oqilona ish yuritish bilan erishiladi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Hammani yiqitadigan pahlavon kuchli emas, balki, gʻazab kelganda oʻzini qoʻlga oladigan kishi kuchlidir”. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Dinimizda gʻazabni muolaja qilish choralari ham koʻrilgan. Ulamolar bu borada kelgan dalillarni oʻrganib chiqib, jumladan quyidagi xulosalarni bayon qilganlar:

1) kishi gʻazablangan vaqtda gʻazab qilishning yomon oqibatlari haqida oʻylamogʻi, gʻazabini yutganlar uchun vaʼda qilingan mukofotlar toʻgʻrisida fikr yuritmogʻi zarur. Alloh taolo aytadi: “Robbingizdan boʻlgan magʻfiratga va kengligi osmonlaru yercha boʻlgan, taqvodorlar uchun tayyorlab qoʻyilgan jannatga shoshiling. Ular yengillikda ham, ogʻirlikda ham

infoq-ehson qiladiganlar, gʻazabini yutadiganlar va odamlarni avf qiladiganlardir. Alloh yaxshilik qiluvchilarni yoqtiradi”. (“Oli Imron” surasi, 133-134-oyatlar).

Nabiy s.a.v. dedilar: “Kimki gʻazabini sochishga qodir boʻla turib uni yutsa, Alloh taolo qiyomat kunida uni xaloyiq koʻz oʻngida chaqirib,

unga hurlardan xohlaganini tanlash imkonini beradi”. (Imom Ahmad,

Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja rivoyati).

“Biror banda Alloh uchun gʻazabni yutsa, albatta, uning ichi iymonga toʻladi”. (Imom Ahmad rivoyati). Abu Dovudning rivoyatida: “..., Alloh uni omonlik va iymon bilan toʻlgʻizadi”, deyilgan;

2) Allohdan shaytonning yomonligidan panoh tilashi kerak. Paygʻambar s.a.v.ning huzurlarida ikki kishi tortishib qoldi. Biri gʻazablanib,

yuzi qizargan holda sherigini soʻka boshladi. Shunda Paygʻambar s.a.v. dedilar: “Albatta, men bir kalimani bilamanki, agar u ana shu kalimani aytganida, shubhasiz, undan gʻazab ketgan boʻlar edi. Agar u: “Aʼuzu billahi minash-shaytonir-rojiym (Quvilgan shaytonning yomonligidan Allohdan panoh tilayman)” deganida edi!” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati);

3) gʻzablangan paytda holatni oʻzgartirish ham gʻazabni bartaraf etishning samarali uslublaridandir. Nabiy s.a.v. dedilar: “Sizlarning birortangiz tik turgan holda gʻazablansa, oʻtirib olsin. Agar undan gʻazab ketsa, ketdi. Boʻlmasa, yonboshlab olsin”. (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati);

4) dargʻazab holatda gapirmaslik kerak. Chunki, u bu holatda gapirsa, gʻazabini ziyoda qiladigan soʻz bilan qarshi olinishi yoki gʻazabi soʻngandan keyin pushaymon boʻlishiga sabab boʻladigan gapni soʻzlab yuborishi mumkin. Paygʻambar s.a.v.: “Qachonki birortangiz gʻazablansa, sukut qilsin”, deya

uch bora takrorladilar. (Imom Ahmad, Termiziy, Abu Dovud rivoyati);

5) gʻazab jismda haroratni kuchaytiradi. Natijada, qon qaynaydi, insonda tutaqish yuz beradi. Suv uni sovutib, asl holatiga qaytaradi.

Shu bois, bunday paytda yangi tahorat olish gʻazab alangasini oʻchiradi. Paygʻambar s.a.v. marhamat qiladilar: “Albatta, gʻazab shaytondandir. Shayton esa olovdan yaratilgan. Bas, vaqtiki birortangiz gʻazablansa, tahorat olsin”. (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati).

Alloh taolo barchamizni nojoʻya gʻazab qilishdan saqlanuvchi suyukli bandalaridan boʻlmogʻimizni nasib etsin.

ASRORXON MAHMUDOV

Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi

. .