Hikmatlar - maʼrifat manbai
Muallif: . .
Sana: 30.01.2020
442

Allohga hamdu sanolar, paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga durudu salovotlar boʻlsin. Alloh taolo sizu bizga qanchadan qancha neʼmatlarni ato etdi, bularning ichida eng oliylaridan biri bu shak-shubhasiz mustaqillik nematidir. Bu mustaqillik bizga ulugʻ ulamolarimizning hayotlarini hamda ularning tarix zar varaqlariga bitgan ilmiy va maʼnaviy va ularning aytib oʻtgan hikmatli soʻzlarini sinchiklab oʻrganishlik imkoniyatini taqdim yetdi. Ularning oʻgitlarida inson uchun muhim boʻlgan taʼlim va tarbiyani koʻramiz.

Bizga maʼlumki, hikmatlar insonning ruhiy va jismoniy hayotida juda muhim ahamiyatga egadir. Hikmat borasida Qurʼoni karimda koʻplab oyatlar hamda Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir necha hadisi shariflar vorid boʻlgan. Xususan, Alloh tabaroka va taolo oʻzining kitobi Qurʼoni karimda shunday marhamat qiladi: “U kimni xohlasa oʻshanga hikmatni berar. Kimga hikmat berilgan boʻlsa, unga koʻp yaxshiliklar berilgan boʻlar”. (“Baqara” surasi, 269-oyat) va shu kabi koʻplab oyatlarni nozil qilgandir.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam ham oʻzlarining hadisi shariflarida: “Hikmat moʻminning yoʻqotgan narsasidir, uni qayerda topsa uni oladi”, deya marhamat qilganlar. Zero hikmat insonni ruhan va jismonan tarbiyalab borara ekan ulugʻ ajdodlarimiz aytgan soʻzlarga amal qilmogʻimiz zarur boʻladi. Shular jumlasidan Xoja Abduxolq Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshband hazratlaridir. Bu ulugʻ bobolarimiz ham bunday hikmatli soʻzlarni bejiz aytib oʻtmaganlar.

Bahouddin Naqshband hazratlari aytadilar:

“Dast ba koru dil ba yor”- “Qoʻling mexnatda, diling Allohda bulsin”.

*******

“Bizning yoʻlimiz suhbatdir. Xilvatda shuxrat, shuxratda esa ofat bordir. Xayr jamoat bilandir”.

*******

“Xalqning yukini yengillashtiring, xalqqa yuk boʻlmang!”

*******

“Chumoliga xam, odamga ham ozor bermang, najot yoʻli shudir!”

*******

“Har qayerda har kim va har qanday ish bilan band bulmang!”

*******

“Doim qalb zikri bilan mashgʻul boʻling, biroq bundan hech kim voqif boʻlmasligi lozim”.

*******

Ey yoronlar yoronlar quloq soling soʻzimga,

Bahouddin Naqshband nasixat qildi bizga.

Dil ba yoru, dast bakor bu ajib, shirin soʻzdir,

Biling bu kabi soʻzlar sizu bizga hikmatdir.

Hikmatlarni tinglasak shodu hurram boʻlamiz,

Boshimiz koʻkga yetib, ajib dunyo kezamiz.

Bepisandlik qilmangiz bundayin hikmatlarga,

Alarning soʻzlarida shifo bor ruhu tanga.

Va dediki yoʻlimiz ajoyib bir suxbatdir,

Xilvatda shuxrat, shuxratda esa ofat bordir.

Bu satrlar ostida ulkan ulkan maʼno bor,

Bu maʼnoni anglamoq biling doimo darkor.

Najot topmoq istasang, ozor berma insonga,

Insonlar hamki mayli hatto bir kichik jonga.

Buni bilgan insonlar doimo xushyor boʻlgay,

Alloh nasib etsa gar, jannatiylardan boʻlgay.

Xalqqa yuk bulmoqlikdan Alloh oʻzi asrasin,

Xalol kasb, xalol rizqdan Allohim ato qilsin.

Xar qayerda xar qanday ishlar bilan band boʻlmang,

Vaqtni zoya qilib soʻng nadomat chekib yurmang.

Doimo qalb zikri birlan mashgʻul boʻlmoq yaxshidir,

Gar buni bilsa odam qalbining zoʻr naqshidir.

Nasihatni tinglasak qalbimiz orom olgay,

Alloh fazliga olsa joyimiz jannat boʻlgay.

Xoja Abduxoliq Gʻijduvoniy hazratlari aytadilar:

Gar senga birovdan shikoyat bordur,

Dardi diling undan bagʻoyat bordur.

Yomonligi oʻzi yomonga jazo,

Intiqom olmoqqa na hojat bordur.

*******

Ilm izlashdan bir qadam ham uzoqlashma. Sarmoyang ilm olmoq, libosing faqir, diling halim boʻlsin.

*******

Soʻzni zarur boʻlganda gapir.

*******

Doimo odobli boʻl.

*******

Odamlarga chiroyli muomala qil, xalq bilan tortishma.

*******

Kattayu kichikka shafqat koʻzi bilan boq,

Hech kimga yomon koʻz ila boqma.

*******

Birovning maqtoviga uchma, birov seni yomonlasa, xafa boʻlma.

*******

Oʻz yukingni oʻzing koʻtar, kimsaga xizmat buyurma, toki u zahmat chekmasin.

*******

Islomning asosi uch narsadur. Birinchisi, har bir ibodatiki ado etgaysiz, uning ilmidan voqif boʻling. Ikkinchisi, har bir ilmniki oʻrganibsiz, unga amal qiling. Uchinchisi, har bir amalni ado etgaysiz, sidqu ixlos bilan ado eting.

*******

Ey mening oʻgʻilginam! Haq taolodan doim qoʻrquvda boʻl.

Xudoi taoloni, Rasulullohni, ota-ona va barcha mashoyixning haq-huquqlarini ado etuvchi boʻlki, bu xislatlar bilan Haq taoloning rizoligiga musharraf boʻlasan va Haq taoloning farmonini ado qilgan boʻlasan.

*******

Halol luqma yegin. Imkon qadar shubhali luqmadan oʻzingni yiroq tut. Halollik barcha yaxshilikning kalitidur. Haromdan qochgilki, aks holda

Haq taolodan uzoqlashasan. Xalq bilan chiroyli muomala qil. Doim odobli boʻl. Barcha holatda yaxshiga ham yomonga ham lutfu marhamat bilan muomala qil.

*******

Har kimda quyidagi besh xislatni koʻrmaguncha, uni birodarlikka qabul qilma:

Birinchisi, faqirlikni boylikdan ustun qoʻygan boʻlsin;

Ikkinchisi, ilmini dunyo ishlaridan ustun qoʻysin;

Uchinchisi, xorlikni izzatdan ustun qoʻysin;

Toʻrtinchisi, zohir va botin amallarni yaxshi biluvchi boʻlsin;

Beshinchisi, oʻlimga doim tayyor boʻlsin.

*******

“Sukutni ixtiyor et. Qoʻlingdan kelmaydigan ishlar haqida gapirma. Tilingni tiy. Mabodo soʻzlamoqchi boʻlsang, albatta, xayrli va nek gaplarni ayt. Xalqqa hamisha pandu nasihat ayla. Haq gapni gapir. Haq gapni aytmoqdan aslo qoʻrqma. Mudom Haq tarafida boʻl.

*******

Ey farzand! Kam ye, kam gapir, kam uxla. Och qolmaguncha tanovul qilma. Zarurat tugʻilgandagina gapir. Uyqu gʻalaba qilmaguncha uxlama. Biroz uxla, zero, shundan soʻng ibodating xushuʼ ila boʻlgay.

*******

Sattori hama uyub boyad budan,

Gʻamxori hama qulub boyad budan,

Gar dar talabi rizoyi Xoliq boshi,

Bo xalq ba xulqi xub boyad budan.

Maʼnosi:

Ayblarni yopguvchi sattor boʻlgaysen,

Qalblarni topguvchi gʻamxoʻr boʻlgaysen,

Alloh roziligin topay desang, ey doʻst,

El birla adabda hushyor boʻlgay sen.

*******

Bo badon manishin, ki suhbati bad,

Garchi poki turo palid kunad.

Oftobro badin buzurgiyash,

Zarraye abr nopadid kunad.

Maʼnosi:

Yomon bilan suhbat etma hech,

Alar noming bulgʻab ketolgay.

Qara, ulkan quyosh nurini,

Parcha bulut xira etolgay.

*******

Hazrat Abduxoliq Gʻijduvoniydan soʻradilar: “Bu ikki jahon saʼodati, Allohning roziligi, buyuk darajaga qay xizmatlaringiz sababidan sizga muyassar boʻldi?”

Abduxoliq Gʻijduvoniy aytdilar: “Kor kardem. Xoʻrdem. Xudro nadidem”. (Maʼnosi: Alloh roziligi yoʻlida xizmat qildik. Doim moʻmin-musulmonlarning gʻamini yedik. Alloh taoloning bandalari, yetim-miskin kabilarga borimizni berdik va oʻzimizni koʻrmadik, yaʼni xudbinlik qilmadik).

Shunday ekan, ularning dono maslahatlariga amal qilib, uni oʻzlarimizga dasturul amal qilsak, maqsadga muvofiq boʻlib, Alloh xohlasa hayotimiz nurafshon, kelajagimiz porloq boʻladi.

Mir Arab oliy madrasasi 2-kurs talabasi

Aqilxonov Saidolimxon

. .