Zamonaviy ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda islomning buzib talqin etilishi
Muallif: . .
Sana: 30.01.2020
38

Hozirda yirik ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar soni millionlab, milliardlab kishiga yetgan. Ular oʻzaro muloqot qiladilar, saytlarga oʻzlarining, yaqinlarining fotosuratlari, videolarini qoʻyadilar, u yoki bu mavzuda fikr almashadilar. Kimlardir bu saytlarda oʻzlarining unutilib ketgan tanishlarini va bolalikdagi doʻstlarini topadilar.

Har yaxshining bir kamchiligi boʻlganidek, tarmoqlarning ham bir qancha yomon tomonlari bor. Avvalo, ijtimoiy tarmoqlar – psixologik qaramlik hisoblanadi. Koʻpgina foydalanuvchilar bunday saytlarga bir kirgach, kun boʻyi qolib ketadilar. Natijada ularning ongida haqiqiy hayot bilan virtual olam aralishib ketadi. Inson virtual olam bu xayolot ekanigi, real hayotga doim ham toʻgʻri kelavermasligini unutib qoʻyadi. Buning oqibatida ayanchli hodisalar yuz beradi.

Endilikda ijobiy yoki salbiy mazmundagi fikrlarning global tarmoqqa chiqishi uchun bir soniya kifoya. Xabaringiz bor, bundan bir qancha muddat muqaddam Yangi Zelandiyada fojiali terakt yuz berdi.

Yangi Zelandiyadagi ikkita masjidda otishma sodir etildi.

Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahridagi ikkita masjidda juma namozidan keyin sodir etilgan otishma oqibatida kamida 27 kishi halok boʻldi. Shifoxonalarga 30 ga yaqin yarador yotqizildi. Dastlab otishma bir masjidda sodir etilgani va 6 kishi yaralangani maʼlum qilingan edi. Maʼlumotlarga koʻra ushbu otishmani qurollangan kishilar mahalliy vaqt bilan soat 13:45 da yonma-yon joylashgan “Al-Nur” va “Linvud” masjidiga bostirib kirib, chiqish eshiklarini yopgan holda, namozxonlarni oʻqqa tuta boshlagan. Otishma sodir boʻlgan vaqtda masjidda 300 ga yaqin kishi boʻlgan.

Nyu Zealand Herald xabariga koʻra, Kraystcherch shahridagi masjidlarga hujum qilganlardan biri Avstraliyalik 28 yoshli Brenton Tarrantdir.

Taʼkidlanishicha, Tarrant “Al-Nur” masjidiga hujumni ijtimoiy tarmoqlarda jonli translyatsiya qilgan, u 17 daqiqa davom etgan.

Nashrdan qoʻshimcha qilinishicha, hujumdan biroz oldin Tarrant ijtimoiy tarmoqlarda Germaniya kansleri Angela Merkel va Turkiya prezidenti Redjeb Tayib Erdogʻanni oʻldirishga chaqirgan.

Avvalroq, ommaviy axborot vositalari manbalarga tayangan holda hujum oqibatida 27 kishi qurbon boʻlganini xabar bergan edi. Keyinchalik jinoyatchilardan biri “Al-Nur” masjidiga hujumni onlayn translyatsiya qilgani aniqlandi.

Translyatsiya ijtimoiy tarmoqlarda ham olib borilgani maʼlum boʻldi. Shu jumladan, Facebook ijtimoiy tarmogʻida ham ushbu qatliom onlayn olib berilgani haqida internet saytlarida xabar berildi.

Bundan tashqari, bu fojiada ham musulmonlarni aybdor deganlar topildi. “Euronews” bergan xabarga koʻra, Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahrida juma namozi paytida ikki masjidda yuz bergan teraktlardan keyin avstraliyalik senator Frayzer En oʻz bayonotida hujumlarning sababi musulmon aholi sonining ortishi va immigrantlar ekanini aytdi. Uning fikricha, Yangi Zelandiyadagi hujumlar jamiyatda musulmonlarga nisbatan ortgan qoʻrquvning belgisidir .

“Bugun Yangi Zelandiya koʻchalarida qon toʻkilishining asl sababi mutaassib musulmonlarning Yangi Zelandiyaga koʻchishiga imkon bergan immigratsiya siyosatidir”, - deydi senator. Soʻzining oxirida u: “Ochiq gapiraylik, bugungi hujumning qurbonlari musulmonlar boʻlsa-da, umuman olganda asl jinoyatchilar ular boʻladi va musulmonlar dunyo boʻylab oʻz dinlari nomidan odamlarni oʻldiryapti”, - dedi. Shuningdek, islomofob senator islom dini zoʻravonlik mafkurasiga tayanganini iddao qildi.

Keyinroq Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison uning soʻzlarini “jirkanch”, uning nuqtai nazarini esa mamlakat parlamenti uchun nomunosib deb atagan.

Shu oʻrinda eʼtibordan chetda qolgan bir jihat. Oʻzi bu terakt kim tomonidan uyushtirildi? Teraktni amalga oshirganlar aslida qaysi din vakillari va qanday gʻoyalarga ega insonlar?

Muhim bir nuqta yana islom olamining eʼtiboridan chetda qolmoqda!

Yangi Zelandiyadagi mazkur terrorist mashʼum hodisadan biroz oldin oʻzining virtual sahifasida 70 sahifalik bayonot bergan. Bayonotda, eng asosiy dushman sifatida besh narsa haqida soʻz boradi.

• Istanbul

• Ayasofiya (Istanbul fathining ramzi)

• Usmoniylar

• Turklar

• Erdoʻgʻan

Ijtimoiy tarmoqlarda oldinroq tarqalgan suratlarda terroristning qoʻlidagi qurollarda usmoniylar davlatiga qarshi jang qilgan gʻayridin qoʻmondonlar, qoʻzgʻolonchilar va musulmonlar qotili boʻlgan baʼzi jallodlarning ismlari yozilgani maʼlum boʻldi.

Xulosa qilib aytganda, oʻz xohishlari bilan yovuzlikning eng tubiga tushgan insonlargina bunday jinoyatni katta ehtiros bilan bajaradilar. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar bergan imkoniyatlar esa bu istakni kuchaytiradi. Shuning uchun har bir shaxs turli xil terroristik harakatlarga targʻib qiluvchi virtual olamning zararlaridan oʻzini asrab-avaylashi lozim.


MANSUR JAMBILOV

Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi



. .