Allohning mudabbir sifatiga bo’lgan e’tiqodimiz
Muallif: . .
Sana: 25.02.2020
1518

Bizning moturudiya ta’limotiga ko’ra Alloh taoloning 99 ism va sifatlari bor bo`lib, ularning barchasi mukammal va nuqsonlardan xolidir. Mehribon, Rahmli, Saxiy, Qodir va hokazo. U zot biz bandalarni yaratar ekan o`zining bu sifatlaridan bir qismini ato qilgan. Sababi shuki uning buyuk zot ekani, mukammal sifatlar egasi ekanligini u xususiyatlarning mazasini tatib ko’rgandan keyingina tasavvur qila olamiz, his eta olamiz. Alloh taoloning ana o`sha buyuk sifatlaridan biri “mudabbirlik”dir. Bu sifat barcha maxluqotlarning ishlarini oldindan tadbir qilib turuvchi, uni tartib intizomga solib turuvchi va bu ishlarning nazoratida nuqsonga yo`l qo`ymaydigan degan ma’noni bildiradi.

Yuqorida aytganimizdek, Alloh o’z sifatlaridan bandalariga ato qilgani kabi mudabbirlik (tadbirkorlik) sifatidan ham bizlarga nasib qilgan. Lekin bu xislat hammaga har xil taqsimlangan. Biriga ko`proq, biriga esa ozroq. Har bir inson bu xislatdan qanchalik oqilona foydalanishiga qarab, ishi shunchalik kamchilikdan holi bo`lib, mukammallashib boradi. Chunki insonga berilgan tadbirkorlik sifati noqis bo`lib, uni rivojlantirish har kimning o`ziga bog`liq.

Tadbirkorlik deganda biz tor doiradagi savdo-sotiqnigina tushunmasligimiz kerak, balki, u keng qamrovli tushuncha bo`lib, har bir ishni o`z o`rniga qo`yish tadbirlilik bo`lsa, bu ishni bajargan shaxs tadbirkor deyiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2018-yil “Yurtimizda faol tadbirkorlik va innovatsion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab quvvatlash”, 2019-yil esa ”Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish” yili deb e`lon qilinishi ham aynan maqsadga muvofiq bo`ldi. Chunki dinimizda ham barcha insonga tadbirkorlik xususiyati berilgani bayon qilinibgina qolmay, uni shariatga muvofiq tarzda amalga oshirish va rivojlantirib borishga targ`ib qilingan. Misol uchun, tadbirkorlikning bir bo`lagi bo`lgan tijoratni oladigan bo`lsak. U haqida Alloh taolo “…Va Alloh bay (savdo)ni halol, ribo (sudxo`rlik)ni harom qilib qo`ydi…”, (“Baqara” surasi, 275-oyat), degan bo`lsa, boshqa bir surada esa:

“Ey iymon keltirganlar! Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo’l bilan yemanglar. Magar o`zaro rozilik ila tijorat bo`lsa, mayli…” (“Niso” surasi,

29-oyat), deya marhamat qiladi.

Payg`ambarimiz sollollohu alayhi vasallam esa: “Rostgo`y, omonatdor tijoratchi payg`ambarlar, siddiqlar va shahidlar bilan birga bo`ladi”,

deganlar. (Imom Termiziy rivoyati).

Ushbu oyat va hadislar, bir tomondan, savdogarlik halol, fazilatli kasb ekanini anglatsa, boshqa bir tomondan, rostgo`ylik? omonatdorlik kabi mas`uliyatli ishlarni ham zimmaga yuklanganligini tushuntirmoqda.

Boshqa bir hadisda “Savdoda ko`p qasam ichishdan saqlaninglar, chunki qasam savdoni yurishtiradiyu, keyin barakani o`chiradi”, deyilgan. (Imom Muslim rivoyati).

Haqiqatdan ham savdo-sotiq ishlarida tovarni bir amallab o`tkizish uchun aldovlar, yolg`on-yashiq gaplar, kezi kelsa, to`g`rimi noto`gri qasam ichish holatlariga ko`p guvoh bo`lamiz. Bizningcha, shular bilan savdo yaxshi bo`ladi, foyda keladi. Shunday bo`lishi mumkin, lekin Alloh uning barakasini o`chirib qo`yadi. Qayerdandir bugunmi erta savdodanmi yoki boshqasidan, o`zimiz bilmagan holda qaytarib oladi. Shundan xulosa qilb aytishimiz mumkinki, hammamizda Alloh bergan tadbirkorlik xislati bor. Undan to`g`ri yo`lda foydalanib, bosqichma-bosqich rivojlantirib borsak, oilamiz, jamiyatimiz, eng muhimi, oxiratimiz obod bo`ladi.

To’xtasinov Ro’zimuhammad

Mir Arab oliy madrasasi o`qituvchisi


. .