Barcha odoblarni oʻz ichiga olgan hadis
Muallif: . .
Sana: 24.03.2020
1344

Malumki, dinimiz asoslari uchga: etiqod, ahkom va odoblarga boʻlinadi. Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam avvalgi ikki ilmga qanchalik etibor bergan bolsalar, undan kam boʻlmagan darajada odobni sahobalarga va biz ummatga oʻrgatganlar. Buning yaqqol misolini quyidagi hadisda ham korishimiz mumkin. Baʼzi ulamolar barcha yaxshi odoblar toʻrtta hadisdan kelib chiqqan, deyishadi va ularning ichiga mazkur hadisni ham kiritganlar:

عن أبي هريرة رضي الله تعالى عنه أن رسول الله صلى الله عليه وآله وسلم قال : من كان يؤمن بالله واليوم الآخر فليقل خيرا أو ليصمت ومن كان يؤمن بالله واليوم الآخر فليكرم جاره ومن كان يؤمن بالله واليوم الآخر فليكرم ضيفه رواه البخاري ومسلم

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rosululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirsa, yaxshilikni gapirsin yoki sukut saqlasin. Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirsa, qoʻshnisini ikrom qilsin. Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirsa, mehmonini ikrom qilsin”. Buxoriy va Muslim rivoyati.

Hadisning boshidagi iymon Allohning azobidan najot beradigan, roziligiga yetkazadigan iymon maʼnosidadir.

Alloh taolo Qurʼoni karimda quyidagicha marhamat qiladi.

ما يَلْفِظُ مِنْ قَوْلٍ إِلاَّ لَدَيْهِ رَقِيبٌ عَتِيدٌ

“U (inson) biron soʻzni talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa), uning oldida hoziru nozir boʻlgan bir kuzatuvchi ( farishta u soʻzni yozib olur)”. (“Qof” surasi, 18-oyat.)

Muoz roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam tillarini koʻrsatib, buni tiygin, dedilar. Shunda sahobiy:

“Ya rosululloh, gapirgan narsalarimiz bilan ham jazolanamizmi”, deb soʻraganda, Paygʻambarimiz sollalohu alayhi vasallam: “Shoʻring qurisin, ey Muoz, insonlarning burunlari bilan doʻzaxga tashlanishiga tillari, qilgan narsalari sabab boladi” deb, javob berganlar.

Hadisimizdagi “Yaxshilikni gapirgin yoki sukut saqlagin” degan iboradan sukut saqlab turgandan yaxshi soʻzlarni gapirish afzal, yomon soʻz aytgandan esa sukut saqlash afzal ekanini tushunamiz.

Qoʻshniga yaxshilik qilishga kelsak, shariatimizda qoʻshnining haqi alohida takidlangan. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Jabroil qoʻshni borasida shunchalik koʻp vasiyat qilganidan oʻylab qoldimki qoshni ham (yaqin qarindoshlar kabi) merosxor boʻlib qolsa kerak”, deb marhamat qilganlar.

Mehmondoʻstlik bu islomdan, nabiylar va solihlarning xulqidan sanaladi. Mehmonni ikrom qilishga mehmonga ochiq yuzli boʻlish, shirin soʻzlarni gapirish va eng muhimi, qodir boʻlganicha taom hozirlash kiradi.


IBROHIM TEMIROV

Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi

. .