G’alaba kunimi yoki xotira kuni?
Muallif: . .
Sana: 09.05.2020
1058

Ikkinchi jahon urushi! Dunyoda qanchadan-qancha insonlarning yostig’ini quritgan. Hanuzgacha insonlar bu urushni eslasa, yuraklari orqaga tortadi. “Bunday urushdan Xudo saqlasin”, deya duo qiladi. Halok bo’lganlarning ichida bizning vatandoshlar ham bor, albatta.

Islom shariati nuqtai nazaridan avvalda o’tgan jangni g’alaba kuni deya nishonlagandan ko’ra ham xotira kuni deya esga olish o’rinlidir. Zero, musulmon kishi urushni sevmaydi. Urushda kimnidir o’ldirib, uning uchun xursand ham bo’lmaydi. Balki, urushda yo’qotgan birodarini esga olib, uning haqqiga duoyi xayr qiladi.

Undan tashqari xotira kuni deyishda aynan urushda vafot etib ketgan yurtdoshlarimiznigina emas, balki, shu kungacha qaysidir sabablarga ko’ra Allohning taqdiri bilan bizdan oldin vafot etib ketgan bobo-buvilarimiz, ota-onalarimiz, yaqin jigar-bag’irlarimizni ham xotirlash, ularni yodga olish ma’nosi bordir.

Imom Tahoviy ahli sunna val jamoa e’tiqod qilishi kerak bo’lgan narsalarni qisqacha “Aqida” kitoblarida bayon qilganlar. Unda: “Tiriklarning o’liklar haqqiga qilgan duolarida ular uchun manfaat bordir”, deyilgan.

Zero, Payg’ambarimiz s.a.v.: “O’lganlariningizning yaxshi amallarini eslanglar. Ularning yomonliklarini yodga olishdan tiyilinglar”, deganlar.

(Abu Dovud va Termiziy rivoyati).

Shunday ekan, biz musulmonlar o’tgan insonlarni ular bu dunyoda qanday yashab o’tganlaridan qat’iy nazar ularni eng yaxshi sifatlari bilan yodga olishimiz, tilovati Qu’ron qilib, ularning ruhlariga bag’ishlashimiz kerak bo’ladi. Zero, biror kimsa men begunohman, deya olmaydi. Hech bir banda gunohdan xoli emas. Musulmon kishi birovning yomon sifatlarini eslashdan avval o’zining yomon sifatlari ham bor ekanini bilishi va ertaga u ham mana shu sifatlari ila eslanishidan ehtiyot bo’lsin. Shunga ko’ra o’tganlarni yilda bir emas, balki, har kuni, kerak bo’lsa, har bir namozlarimiz ortidan yodga olishimiz kerak bo’ladi. Agar ularning haqlariga har kuni duo qilayotgan bo’lsak, ushbu kunlarda yana ham ko’proq esga olsak, ularning yaxshiliklarini farzandlarimizga ham aytib bersak, ertaga bizlar ham vafot etib, tuproq ostiga ko’milganimizdan so’ng ular ham shunday qilishga odatlanadi. Zero, kishi tirikligidan ko’ra vafot etgandan so’ng duoga ko’proq muhtoj bo’ladi.

Bu borada Nabiy s.a.v.: “Kishi vafot etgach undan amallari uziladi (unga hech qanday savob yetib bormaydi). Faqat uch narsa borki, u vafot etgandan keyin ham uning foydasiga xizmat qiladi. (Ana shularning biri) uning haqqiga duo qiladigan farzanddir (zero, farzandning duosi uning otasiga o’lgandan keyin ham yetib turadi)”, deganlar. (Muslim rivoyati)

9-may xotira kuni bo’lishi bilan bir qatorda qadrlash kuni ham ekanini esdan chiqarmaslik kerak. Bu kunda o’tganlarimiz eslanib, ularning haqlariga duoyi xayrlar qilinsa, tiriklar, yoshi keksalar, bemorlar ziyorat qilinadi. Ularning ko’ngli olinadi. Hech imkonini qilolmagan odam hozirgi zamonning keng imkoniyatlaridan foydalanib, telefonda bo’lsa ham o’z yaqinlarining holidan xabar olib qo’ysa, ularning ko’ngli tog’day ko’tariladi. Qarindosh urug’lar orasidagi rishta yanada mustahkamlanadi.

Bu ishlar, albatta, boshimizga nur sochib kelgan ramazon oyidan ham unumli foydalanish yo’llaridan biridir. Zero, bu oyda qilingan bitta farz amal yetmishta farz amalga teng, nafl amallar esa farz amallarga teng ekani hadisi shariflarda ta’kidlangan.

Alloh taolo o’tgan musulmonlarimizni o’z rahmatiga olsin. Ularning gunohlarini kechirsin. Joylarini jannat qilsin. Tiriklarimizni esa o’z hidoyatida bardavom qilsin. So’zimizni Alloh taolo Qur’oni karimning Hashr surasida o’rgatgan go’zal duo bilan tugatamiz. Bu duo, albatta, tiriklarimiz va vafot etib ketgan mo’min birodarlarimiz haqidadir:

“Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o’tgan birodarlarimizni mag’firat qilgin, qalbimizda iymon keltirganga nafrat solmagin, ey Robbimiz, albatta, sen shafqatli va mehribonsan”. Omin.


To’xtasinov Ro’zimuhammad

Mir Arab oliy madrasasi o’qituvchisi

. .