Ro’zadorning xursandchiligi
Muallif: . .
Sana: 22.05.2020
36

Har bir banda Alloh taolo tomonidan xursand bo’lish va mahzun, xafa bo’lish xislati bilan yaratgan. Insonning xursand bo’lishiga ham, xafa bo’lishiga ham sabablar talaygina. Ana shu sabablardan biri kishi qilishni maqsad qilgan ishi muvaffaqqiyatli amalga oshirilsa, ko’ngildagidek chiqsa, albatta, undan xursand bo’ladi. Aksincha, maqsad qilingan ish yetarli darajada bajarilmasa, oxiriga yetmasa, undan mahzun bo’ladi.

Inson zoti Alloh taolo buyurgan buyruqlarni aytilganidek bajarganda ham xursand bo’ladi, albatta. Alhamdulillah, Ramazon oyi kelib, nihoyalab ham qolmoqda. Bu oy davomida barcha mo’min musulmonlar Alloh farz qilgan ramazon ro’zasini tutmoqdalar. Ular har kungi ro’zani yetkazganlarida bir xursand bo’lsalar, oyning hamma ro’zalarini tutib bo’lganlaridan so’ng yana bir xursand bo’ladi. “Alloh taolo buyurgan bir farz amalni to’liq bajardim. Allohga hamd bo’lsin”, deya quvonadi.

Ro’zador tutgan ro’zasidan xursand bo’lishi borasida Pyg’ambarimiz (s.a.v.) o’z hadisi shariflarida bunday deganlar: “Ro’zador xursand bo’ladigan ikki xursanchilik bordir. Birinchi xursandchilik ro’zasini ochganda bo’lsa, ikkinchisi Robbisiga yo’liqqanda bo’ladi”. (Imom Buxoriy rivoyati)

Haqiqatan ham kuni bilan ro’za og’iz yurgan inson og’zini ochganda beixtiyor xursand bo’ladi. Unga bu xursandchilik qayerdan paydo bo’ladi? Bu xursandchilik kuni bilan och va chanqoq yurgan insonning qorni to’yish va chanqog’i qonish sababidan paydo bo’ladigan xursandchilikdir. Zero, tashnalik va ochlikni boshdan o’tkazgan inson taom-u ichimliklarni boshqacha ishtaha bilan, xursand bo’lib, Allohning ne’matlariga shukr qilgan holatda tanovul qiladi. Bu xursandchilik har bir ro’za tutgan insonga oid tabiiy quvonchdir.

Ammo og’iz ochgan vaqtda mo’minning yana bir xursandchiligi bo’lib, bu xursandchilik hammada ham bo’lmasligi mumkin. U ham bo’lsa, ro’za ibodatini kamchiliklarsiz nihoyasiga yetkazganlik xursandchiligidir. Alloh ro’zani boshidan oxirigacha go’zal tarzda ado qilishga qodir qilganidan paydo bo’ladigan xursandchilikdir.

Bu borada Ibn Hajar Asqaloniy ro’zani ochgan vaqtdagi xursandchiliklar odamlarning darajalariga qarab ikki xil bo’ladi, deganlar. Birinchisi qornini to’ydirish va chanqoqni bosish xursanchiligi bo’lib, bu tabiiy xursandchilik deyiladi. Ikkinchisi ro’za ibodatini kamchiliklarsiz oxiriga yetkazganlik xursandchiligi bo’lib, u mustahab xursandchilikdir.

Demak, tabiiy xursandchilik hammada bo’lar ekan. Bizda mustahab xursandchilik ham bo’lyaptimi, yo’qmi, shunga ham bir e’tibor qaratib qo’yishimiz kerak bo’ladi. Zero, inson bir ishni qildimi, buni men qildim, emas, balki, Alloh shunga muvaffaq qildi, degan fikrda bo’lish hamma ishga yanada ko’rk beradi, uning darajasini oshiradi. Bandasi o’z ojizligini tan olgani sababidan Alloh taolo unga ro’zaning savoblarini yana ham ko’paytirib beradi.

Bu xursanchiliklar ro’zadorning oxirgi xursanchiligi emas. Uning yana bir xursandchiligi ham bo’lib, u hadisi sharifda aytilganidek, Allohga yo’liqqan vaqtdagi xursandchilik ekan. Ro’zador nega Allohga yo’liqqanda xursand bo’ladi? Chunki hadisi qudusiyda “Ro’zaning savobini men o’zim beraman, degan Alloh taolo”. (Imom Buxoriy rivoyati). Agar bir podsho sen mana bu ishni aytganimdek bajarsang buning mukofotini o’zim beraman, desa, uning uchun beriladigan mukofot behad ko’p ekanini ifodalaydi. Shunga ko’ra ro’zador banda Alloh taologa qiyomat kuni yo’liqqanda bu dunyoda tutgan ro’zasi uchun bergan mukofotini, ajr-u savobini ko’rib cheksiz quvonadi.

Biz musulmonlar ro’zani tutayotganimizdan, uni oxiriga chiroyli yetkazayotganimizdan behad xursandmiz. Endi Alloh taolo bizlarga ikkinchi xursandchilikka ham nasib qilsin. Buning uchun bizga kuch-quvvat, g’ayrat, shijoat bersin. Bizlarning tutgan ro’zalarimizga savoblarni ko’paytirib bersin. Ibodatni bajara olmay yoki oxiriga yetkaza olmay mahzun bo’lib qolishdan o’zi saqlasin. O’tkinchi rohatni deb, doimiy, boqiy rohatni ustun qo’yishdan o’zi panoh bersin. Omin.


Mir Arab oliy madrasasi o’qituvchisi

To’xtasinov Ro’zimuhammad

. .