Ehsonning dunyo va oxiratga foydasi
Muallif: . .
Sana: 08.06.2020
2444

Dinimiz ko’rsatmalari har bir musulmonning qo’lidan kelganicha ehson qilishga buyuradi. Alloh taoloning nazdida ehsonning e’tibori uning ibodat niyatida, O’zining roziligini istab, shaytonning ming xil vasvasalariga aldanmay bera olish bilandir. Ba’zida orzu qilib, men ham boy bo’lganimda ancha narsalar qilardim deymiz, aslidachi? Aslida, nochor odamning muhtoj bo’lib turgan holda bergan ming so’mi, boy odamning keragidan ortiqcha bo’lib turgan milyonidan savobi ko’prog’ bo’lishi mumkin. Quroni Karimda Alloh taolo qilingan ehsonni ko’paytirib, yetti yuz barobargacha qilib berishining xabarini bergan. Oyatda insonlar yaxshiroq tushinishi va faraz qila olishimiz uchun hayotimizdagi bir dona urug’ ekilgandan so’ng yettita boshog’li, har bir boshog’ida yuztadan donli bug’doyni undirib chiqargan bir dona bug’doyga o’xshatiladi .

مَثَلُ الَّذِينَ يُنْفِقُونَ أَمْوَالَهُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ كَمَثَلِ حَبَّةٍ أَنْبَتَتْ سَبْعَ سَنَابِلَ فِي كُلِّ سُنْبُلَةٍ مِائَةُ حَبَّةٍ وَاللَّهُ يُضَاعِفُ لِمَنْ يَشَاءُ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ

Mollarini Allohning yo’lida sarflaydiganlarning misoli xuddi bir dona donga o’xshaydi. Undan yetti boshoq o’sib chiqadi, har boshoqda yuztadan dona bor. Va Alloh kimga xohlasa, yana ko’paytirib beradir. Va Alloh qamrab oluvchi va biluvchi zotdir.

( Baqara surasi 261-oyat)

Haqiyqatdan ham Alohning fazli kengdir. Bandalrining ixlosiga qarab oxiratda savobini ko’paytirib beraveradi. Qolaversa bu oxiratdagisi, dunyo hayotida ham qilingan ehsonning ta’siri juda kattadir. Ulardan birini ushbu hayotiy bo’lgan voqealarda ham ko’rishimiz mumkin.

Abu Bakr Xobbaziy aytadi: “Men xatarli kasalga yo’liqdim, shu holatimni bir solih qo’shnim ko’rib, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning “Kasallaringizni sadaqa bilan davolanglar” degan so’zlarini ishlat, deb maslahat berdi. Vaqt juda oz edi. Ko’chaga chiqib ko’p tarvuzlar sotib oldim, bolalar va faqirlar to’planib yedilar. So’ng qo’llarini ko’tarib, Allohdan menga shifo so’rab duo qildilar. Allohga qasamki, ertalab turganimda Allohning fazli ila to’liq sog’ayibman”.

Mansur ibn Ammor aytadi: “Misrga kelsam, qurg’oqchilikni boshlaridan o’tkizishayotgan ekan. Jumani o’qib bo’lishgach shovqin solib, yig’lab, duolar qilayotganlarida mening xayolimga bir narsa keldi va sahnaga chiqib, ey qavm Allohga sadaqa bilan yaqinlashinglar, unga o’xshash yaqin qiladigan narsa yo’q dedim, so’ng bu mening ataganim, sadaqa qilinglar deb, choponimni otdim. Odamlar ehson qila boshladi, hatto bir ayol ziraklarini tashladi, oxiri chopon to’ldi. Shundan so’ng bir oz o’tib, osmondan yomg’irlar quyila boshladi. Shu darajada quydiki, odamlar masjiddan loy bosib chiqib ketdilar”.

Bundan ko’rinib turibdiki, hozirgi ustimizga sinovlar tushib turgan vaziyatda yaqinlarimizga, muhtojlarga ko’proq xayr-ehson qilishimiz kerak ekan. Shoyad, Alloh taolo bu balolarni ko’tarsa. Shuningdek, odamning qanaqaligi qiyinchik vaqtda bilinadi.

IBROHIM TEMIROV

Mir Arab oliy madrasasi o’qituvchisi

. .