DINIY MUTASSIBLIK-JAHOLATDIR.
Muallif: . .
Sana: 01.06.2018
4485

Dunyo yaratilibdiki, Alloh taolo insoniyatga ketma-ket shariatlarni yubordi va bu shariatlar elchilar ya’ni payg’ambarlar orqali bizlarga yetkazildi. Har bir kelgan shariat o’zidan oldingisini hukmini ketkazib, yanada mukammal qilgan holatda o’zgaraverdi, shu o’rinda bizda noto’g’ri tushuncha paydo bo’lmasligi uchun shuni aytishimiz kerak-ki, Alloh taoloning hukmi islohotlarga muhtoj emas va o’zgarishliklar biz insonlarni O’ziga yaqinlashtirishlik uchun Robbimizning bosqichma-bosqich bergan tarbiyasi edi. Alloh taolo nihoyat o’zining so’nggi rasuli Muhammad s.a.v.ga oxirgi shariati islomni yubordi. Islom ko’plab qiyinchiliklarni boshidan o’tkazgan holatda bugun ulug’ maqomiga erishdi, lekin ming afsuslar bo’lsinki, shayton va uning inson ko’rinishidagi malaylari islomni yomon qilib ko’rsatishlik maqsadida sof e’tiqoddagi mo’min-musulmonlarga har tarafdan hujum qilmoqda.

Bugungi kunda diniy mutassiblik, ekstremizm, terrorizm kabi so’zlar ko’payib ketishligi mana shu hujumlarning oqibatidir. Natijada dunyoda islomofobiya degan tushuncha kuchayib, insonlarning islomga nisbatan nafrat va g’azab bilan qaraydigan qatlami paydo bo’lishiga sabab bo’ldi. O’zi mutassiblik nima va uning zamonaviy ko’rinishi qanday?

Mutassiblik ( arabcha متعصب va grekcha favationus ya’ni fanatizm) – ma’lum bir mafkura va qarashlarga, ayniqsa, diniy-falsafiy, milliy va siyosiy sohalarda haddan ziyod, ko’r-ko’rona va hissiyotlarga berilib ergashish va ularga amal qilish. Qandaydir tushunchalarga, e’tiqodga yoki dunyoqarashga sodiqlikning eng so’nggi darajasi. “Kashshofu istilohotil funun” kitobida “mutaassiblik, garchi dalil ko’rinib turgan bo’lsa ham, bir tomonga moyillik tufayli haqni rad etishdir” deb ta’riflangan.

Diniy mutaassiblik bu g’uluvga ketishlik deganidir va bu narsadan bizni payg’ambarimiz s.a.v. ham qaytardilar. Chunki bizdan oldingi nasorolar ham Alloh buyurmasa ham rohiblik yo’lini tutdi va bu bugun Yevropada keng tarqalgan bachabozlik illatini keltirib chiqardi. Iso a.s.ni insonlik maqomidan ilohiylik darajasiga chiqarishlik bilan esa haq yo’ldan adashib ketdilar. Alloh taolo ularnihaddan oshishdan qaytarib: “Ey kitob ahli diningizda g’uluvga ketmang va Alloh haqida faqat haq so’znigina gapiring!” dedi (Niso surasi, 171-oyat).

Bu kabi haddan oshishlik afsuski, bizlarga ham begona emas. Tarixdan yaxshi ma’lumki, ko’plab adashgan toifa va firqalar, zalolatga ketib qolgan odamlar dinda, e’tiqodiy masalalarda haddan oshib, g’uluvga ketganlari uchun to’g’ri yo’ldan ozib, johillik botqog’iga botdilar. Diniy mutaassiblik dinni yaxshi tushunmasdan, shariat hukmlari, fiqh ilmini va aqidani tushunmasdan Allohga chinakam ibodat qilish kabi oily maqsadlar tufayli yuzaga kelgan. Ya’ni inson ilmsizlik va jaholat bilan Allohga ibodat qilsa, u insonning niyati garchi o’z ko’nglida go’zal bo’lmasin, to’g’ri yo’ldan adashishligi muqarrardir.

Rasululloh s.a.v. ham dinda g’uluvga ketishdan qaytarib: “ Dinda g’uluvga ketishdan ehtiyot bo’ling! Zero, sizlardan avvalgi qavmlarni halokatga tushirgan narsa bu dinda g’luvga ketish edi”. So’ngra, uch marta: “chuqur ketuvchilar halok bo’ldilar”, “chuqur ketuvchilar halok bo’ldilar”, “chuqur ketuvchilar halok bo’ldilar”,- dedilar. ( Imom Muslim rivoyati).

Demak payg’ambarimiz Muhammad s.a.v. bizni haddan oshishlikdan qaytarayotgan ekanlar inshaAlloh amallarimizni isloh qilib, ibodatlarimizda mo’tadillikni lozim tutaylik. Zero, Alloh taolo: “… Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og’irlikni xohlamaydi”. (Baqara surasi, 185-oyat). -deb marhamat qiladi.

BUXORO SHAHAR TAGBAND-BOFON

JOME’ MASJIDI IMOM-XATIBI

ASHUROV MIRFAYZ

. .