UCHINCHI RENESSANS – YOSHLAR NIGOHIDA
Muallif: . .
Sana: 28.12.2023
110

Marralar qanchalik baland bo‘lmasin,loyihalar nechog‘lik istiqbolli bo‘lmasin, Vatanni sevadigan, chin yurakdan mehnat qiladigan fidoyi insonlarsiz ularni amalga oshirish imkonsiz.

Sh. Mirziyoyev

Hozirda butun dunyo davlatlari xoh ta’limda bo‘lsin, xoh iqtisodiyotda bo‘lsin jadal rivojlanib bormoqda. Shular qatorida, Vatanimiz “Yangi O‘zbekiston” ham dunyodagi ilg‘or davlatlardan qolishmagan holda ulkan-ulkan yutuqlarga erishib kelmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston”ni barpo etishda Uchinchi renessans g‘oyasini oldga surishlari bu yo‘lda juda katta qadam bo‘lib namoyon bo‘lmoqda. Aslida ham, nafaqat bizning hududlardagi balki dunyo rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ikkita buyuk renessansning asoschilari bizning yurtdoshlarimiz boshchiligida bo‘lgani hech kimga sir emas. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarish bugun davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Tarixdan ma’lumki, 9-12-asrlarda O‘rta Osiyoda juda katta uyg‘onish davri yuzaga kelgan. Bu uyg‘onish davri Yevropadagi uyg‘onish davridan bir necha asr avvalroq bo‘lgan. Insoniyatning asosiy e’tibori ilm-fan, adabiyot va turli aqliy va ijodiy mehnatga qaratilgan. Muhammad Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Nasr Farobiy, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshg‘ariy, Mahmud Zamaxshariy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Muturidiy, Abul Muin Nasafiy kabi buyuk ajdodlarimiz serqirra ijod sohiblari bo‘lishlari bilan bir qatorda, o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha butun olamga ustozlik qilishdek ulug‘ maqomga erishdilar. Aynan mana shu davr dunyo taraqqiyotining asl tamoyillarini belgilab berdi va bunga Xorazmdagi Ma’mun akademiyasini yaqqol misol qilib keltira olamiz. Ushbu dargoh nafaqat o‘z mintaqasi, balki, butun dunyo uchun uyg‘onish beshigi bo‘ldi desak, adashmagan bo‘lamiz. Chunki, aynan mana shu akademiyada sferik trigonometriya, o‘nli raqamlarni tizimli qo‘llanilishi, trigonometriyada funksiya tushunchasini paydo bo‘lishi, jug‘rofiy koordinatalarni aniq ifodalanishi, yer sayyorasining sferik globusi, qattiq va suyuq moddalarning solishtirma og‘irligi, minerallar tasnifi, quruqlik tarkibiy jismlarining harakati va qatlamlar hosil bo‘lishi, dengiz va materiklarning joylashuvi, tibbiy va farmaseftik bilimlarning bir tizimga solinishi, tashxislash va davolashning yangi usullari kashf qilingan va bundan hozirgi kunda zamonaviy dunyo olimlari keng foydalanib kelmoqdalar.

Ko‘z oldimda necha asrlar,

Ko‘z-ko`z etib nuqs-u chiroyin.

Sarson o‘tgan necha nasllar,

Topolmasdan tug‘ulgan joyin.

Amerika – sehrli diyor,

Uxlar edi Kolumb ham hali,

Dengiz ortin yoritdi ilk bor,

Beruniyning aql mash’ali.

Kolumbda bor alamim manim,

O‘zbekiston Vatanim manim.

Ikkinchi renessans faqatgina bizning yurtimiz atroflarida emas balki, juda katta geografik hududni qamrab oldi. Ushbu davrni, shak-shubhasiz, Amir Temur davri desak ham aslo yanglishmagan bo‘lamiz. Chunki, ushbu uyg‘onish davrining asosiy asoschisi Amir Temur bobomiz hisoblanadi. Bobomizning qudratli davlati ostida yangi ilmiy va madaniy yuksalish yuzaga keldi. Temur bobomiz o‘z saltanatining barcha shaharlariga turli xil olimlar, shoirlar, hunarmandlar va me’morlarni jamladi. Faqatgina jamlabgina qolmay, ilm-fan taraqqiyoti uchun kerakli barcha shart-sharoitlarni yaratib berdi.

Ikkinchi renessans davri islom olamining “oltin davr”i bo`lishi bilan bir qatorda matematika va falakkiyot ilmlarining rivojlanishiga olib keldi. Bu uyg‘onish davrida Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi kabi benazr olimlar, Lutfiy, Sakkokiy, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar dunyo maydoniga chiqdi. Bu ulamolarimiz sabab birinchi renessansda bo‘lgani kabi butun dunyodan turli xil millat vakillari ilm istab oqib kela boshladilar. Keling, bu olimlarimizdan faqatgina birlarini qilgan buyuk ishlarini misol qilib keltiramiz. Samarqandda tug‘ilgan Mirzo Ulug‘bek bobomiz bir yilda 365 kun, 5 soat, 49 daqiqa, 15 soniya bor deb belgilaganlar. Hozirgi zamonaviy jihozlarda hisoblab ko‘rgan olimlar Ulug‘bek bobomizni faqatgina 25 soniyaga adashganini aytishgan.

Hozirgi kunda butun dunyo o‘z ta’lim tizimida mentorlik va kochlik yo‘nalishlaridan keng foydalanib kelmoqda. Lekin aslida bu yo‘nalishlar yangilik emas, balki, bu yo‘nalishning asl negizi bizning bobolarimizning ustoz-shogird an’analari asosida ta’lim olishiga to‘g‘ri keladi. Yana bir dunyo tan olib kelayotgan ta’lim uslublaridan biri bu – “tafakkur soatlari” uslubi hisoblanadi. Aslida bu metodni ham birinchi bizning ajdodlarimiz qo‘llagan. Asrlar oldin tafakkur ibotlari, chilla o‘tirib o‘zligini anglashga intilish, o‘z fikrlarini jamlash kabilar bizning daho bobolarimizning ta`lim va o‘rganish xaritalari edi. Qarangki, bugun dunyo ta`limida yangilik va innovatsiya hisoblangan bu usullar ildizlari ham bizning ajdodlarimiz faoliyati bilan bog‘liq. Menimcha, bugun “Yangi O‘zbekiston”da “Uchinchi Renessans” yuzaga kelar ekan, shubhasiz, bu birinchi va ikkinchi renessensda erishilgan zako va muvaffaqiyat negizida bo‘ladi. Ularning o‘lmas merosini chuqur o‘rganib, yangi bilimlar asosida tahlil va talqin etish, ularni “Yangi Dunyo”ga muvofiq tadbiq etish bizni buyuk marralar sari yetaklaydi. Buning uchun biz eng zamonaviy bilimlar bilan qurollanishimiz va ularni Vatanimiz taraqqiyoti uchun to‘g‘ri qo`llay olishimiz lozim.

Inson faqatgina aqlning ifodasi bo‘lgan ilm-fan taraqqiyoti bilan katta sharafga, barkamollikka erishadi. Natijada dunyoga o‘zini va yurtini tanita oladi. Jadidlarimizning ham asosiy maqsadlari aslida, mana shu edi. Ularning harakati millatni mustamlakachilik zulmidan ozod etgan holda xalqni, unib o‘sayotgan yosh avlodni ilmli, ma’rifatli qilib o‘stirib o‘z yurtini gullab yashnashini umid qilgan edilar. Bu yo‘lda o‘z jonlaridan kechishga ham tayyor bo‘lgan ushbu ajdodlarimiz orzulari to‘laqonli ushalib ulgurmadi. Lekin O`zbekiston mustaqilligining yigirma to`qqiz yilligi bag‘ishlanayotgan tantanali marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor qo‘yishlari yana umid uchqunlarini paydo qildi.

Yurtimizda so‘nggi yillarda juda katta ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bera boshladi. Mamlakatimizda zamon talablariga mos ravishda ta’lim tizimi joriy etildi, jumladan ta’lim tizimida yangi qonun ishlab chiqildi. So‘nggi olti yil ichida oliy ta’lim muassasalari soni ikki barobardan ham ko‘proq songa ko‘paydi. Magistratura bosqichiga qabullar soni 5mingdan 16 mingtaga yuqoriladi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi oliy maktabi, qolaversa, hozirgi kunda o‘zim tahsil olayotgan Mir Arab oliy madrasasi tashkil qilindi. Tizimda xotin-qizlar ta’limiga ham katta e’tibor qaratildi va magistr darajasida ta’lim olayotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari to‘liq qoplab berilmoqda. O‘quvchilarning yaxshi ta’lim olishi uchun, albatta, o‘qituvchilarning o‘rni muhim. Shuning uchun ham Prezidentimiz muallimlarning oylik maoshlarini ko‘tarishga tavsiyalar berdi.

Albatta, bu qilinayotgan ishlar faqatgina boshlanishi va qo‘yilayotgan kuchli va chidamli poydevor xolos. Yillar o‘tib bu harakatlarning mevasi, albatta, hosil beradi. Buning uchun xalqimiz ishonch va bu yaratib berilayotgan sharoitlarga “labbay” deya xizmatga shay turmog‘i lozim. Prezidentimiz aytganlaridek “Marralar qanchalik baland bo‘lmasin, loyihalar nechog‘lik istiqbolli bo‘lmasin, Vatanni sevadigan, chin yurakdan mehnat qiladigan fidoyi insonlarsiz ularni amalga oshirish imkonsiz”. Demak, har bir inson har bir farzand yurtimizdagi yangi uyg‘onish davriga – “Uchinchi Renessans”ga o‘zini daxldor deb bilishi lozim. Albatta, bu Vatanga bo‘lgan muhabbat bilangina bo‘ladi. Mashoyixlar aytadilarki, yer yuzini xosiyatli yoki xosiyatsiz joylarga ajratib bo‘lmaydi. Zamin unda yashaydigan kishilarning mehnati, muhabbati, Vatanga sadoqati va e’tiqodi sabab xosiyat kasb etadi. Yaratganga beadad shukrlar bo‘lsinki, bizga ulug‘ bobolarimizning Vatan uchun to‘kilgan muqaddas qoni, aziz xoklari jo bo‘lgan beqiyos O‘zbekiston Vatan qilib berilgan. Bu Vatan taraqqiyoti uchun barchamiz kamarbasta bo‘lishimiz, uni chin iymon bilan sevishimiz har birimizning farzandlik va fuqarolik burchimizdir.

Adabiyotlar royxati

1. Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimidagi ma’ruza. 2016 yil 7 dekabr/SH.M.Mirziyoev.

2. Abdulla Oripov O‘zbekiston qasida. O‘zbekiston LKSM markaziy komiteti “Yosh gvardiya” nashriyoti: Toshkent-1972

3. Birinchi renessans allomalari: o‘quv qo‘llanma. Xolmuradov R. va boshqalar. Toshkent- Yangi asr avlodi, 2023-yil

4. https://uz-m-wikipedia-org.translate.goog/wiki/Mirzo_Ulug%CA%BBbek

5.Otabek Almurotovich Berdiyev. Temuriylar davrida ikkinchi renessans vujudga kelishida yaratilgan shart sharoitlar. https://cyberleninka.ru

6. Xorazm ma’mun akademiyasining rasmiy veb-sayti- mamun.uz

Mir Arab oliy madrasasi 3-kurs talabasi
Asrorxon Teshaboyev

. .