ILMNING FAZILATI
Muallif: . .
Sana: 09.01.2024
138

Biz ilmning fazilatlari nima ekanligi va ilm egasini qanday ulkan marralarga, cho‘qqilarga chiqarishini bilishdan oldin avvalo ilm nima ekanligini anglab yetishimiz lozim. Ilm qanday mezon bo‘ldiki? – insonni jaholatdan ma’rifatga, zalolatdan hidoyatga, xorlikdan azizlikka, tubanlikdan cho‘qqiga erishtiradi? U qanday ham yaxshi mezon bo‘ldiki? Alloh taolo ilmli kishini maqtab Qur’on Karimda “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar barobar bo'lurmi?” degan. Sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir muslim uchun farzdir”, deganlar.

Nima uchun? Chunki iymon keltirish uchun ham ilm kerak. Musulmon bo‘lish uchun ham ilm kerak. Niyat qilish uchun ham ilm kerak. Ixlos qilish uchun ham ilm kerak. Ibodat qilish uchun ham ilm kerak. Allohning roziligini topish uchun ham albatta, ilm kerak. Qolaversa, do‘zaxdan qutulib, jannatiy bo‘lish uchun ham ilm kerak. Xuddi oila qurish uchun ham ilm kerak bo‘lgani kabi bu dunyo saodatini topish uchun ham ilm kerak, oxirat saodatini topish uchun ham ilm kerak. Shunday ekan, ilm degani nima o‘zi?

“Ilm” so‘zi lug‘atda bir narsani voqelikdagidek idrok etishni bildiradi. Shar’iy istilohda esa, ma’naviy ishlarda narsalarni teskarisi yo‘q darajada aniq bilish sifatiga “ilm” deyiladi.

Ilm dunyoda azizlik, oxiratda sharafdir. Ilmga ana shunday ta’rif berilgan. Demak, kimga dunyo kerak bo‘lsa, ilm olsin, kimga oxirat kerak bo‘lsa, ilm olsin, kimga ikki dunyo kerak bo‘lsa, ilm olsin. Zanjiy ibn Xolid r.a aytadi: “Bolalik paytimizda Zuhriy r.a ning huzuriga kirgan edik, u zot bizga: “Ilm talab qilinglar. Shunda siz dunyoni istasangiz unga yetishasiz, oxiratni istasangiz ham unga yetishasiz”, dedilar”.

Ilmning darajasi ana shunday ulug‘dir. Ilm dinimizda ulkan darajalarga, maqomlarga ko‘tarilgan ulug‘ bir xislat, g‘o‘zal bir amal hisoblanadi. Ilm olish dinimizda eng ulug‘ ibodatlardan sanaladi. Chunki banda ilm vositasida Robbisini tanishga, U zotning buyruqlarini bajarishga, shuningdek, barcha mavjudotlarga taalluqli bo‘lgan haqlarni ado etishga muvaffaq bo‘ladi. Ilmning ulug‘ligi shu darajadaki, kimda kim ilm talab qilish yo‘lida yursa u jannat yo‘lida yurgan deb e’tibor qilinadi. Agar vafot etadigan bo‘lsa, ko‘zini jannatda ochadi. Bu haqda hadisi shariflar vorid bo‘lgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilib, bunday dedilar: “Kim ilm istab yo‘lga chiqsa, Alloh taolo uni jannatga yo‘llab qo‘yadi. Va olim uchun yeru osmon va xatto dengizdagi baliqlar ham mag‘firat so‘raydilar. Albatta, olimlar Payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir”. Alloh taolo Qur’oni Karimni yigirma uch yil davomida payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga oyatma-oyat, surama-sura, bo‘lak-bo‘lak holatda nozil qildi. Ma’lumki, birinchi nozil bo‘lgan oyatlarning birinchi so‘zi “Iqro” (o‘qi) buyrug‘i bilan nozil bo‘ldi. Shuning o‘zi dinimizda ilmga qanchalik e’tibor qaratilganligiga dalolat qiladi. Qur’onda ilm to‘g‘risida juda ko‘plab oyatlar nozil bo‘lgan. “Ilm” so‘zi Qur’oni karimning sakkiz yuz o‘n bir joyida turli ma’nolari bilan kelgan. Chunki dinimiz ilm dini, dinimiz ma’rifat dini, dinimizda jaholat mazammat qilingan, dinimizda ilmsizlik qoralangan. Dinimiz mo‘min-musulmonlarni ilm olishga targ‘ib qilgan dindir. Qur’oni Karimning bir necha oyatlari bunga dalolatdir. Alloh taolo aytadi:

“…Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi, 11).

Alloh taoloning O‘zi ahli ilmlarning, olimlarning darajasini ana shunday ko‘tarib qo‘ygan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan ham ilm olishga dalolat qiluchi nihoyatda ko‘p hadis shariflar vorid bo‘lgan:

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:

“Darhaqiqat, Alloh, Uning maloikalari, osmon va yer ahllari, hatto inidagi chumoli va dengizdagi baliqlar ham odamlarga yaxshilik o‘rgatuvchi olimlarni duo qilishadi”, dedilar. Alloh duo qiladi degani, Alloh rahmat nazari bilan qaraydi degani.

Yuqoridagi oyat va hadisga mukammal holatda amal qilingan yurtimizdan dovrug‘i dunyoga ketgan ulug‘ olimlar yetishib chiqishdi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Hafs Nasafiy, Abu Ali ibn Sino” Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mansur Moturidiy kabi buyuk olimlar va mutafakkirlarning yaratgan boy ilmiy merosi jahon madaniyati va tammaduniga bebaho xazina bo‘lib qo‘shilgan.

Ilmning fazli barchamizga ma‘lum va mashhur. Hech bir musulmon yoki g‘ayri musulmonga ilmning fazli va barakotlari maxfiy emas.

Bugun sizlar bilan ilmning fazliga dalolat qiluvchi oyat va hadislar bilan tanishib chiqamiz.

Qur‘oni karimda kelgan dalillar:

Alloh taolo aytadi:

“Alloh taolo, farishtalari va ilm egalari, Allohdan o‘zga Iloh yo‘qligiga guvohlik beradilar.”

E‘tibor bering, Alloh taolo O‘zi bilan boshlab, farishtarini so‘ngra ilm egalarini bir safda zikr qildi. Bundan ortiq sharaf, fazl va yutuq bo‘lishi mumkinmi?!

Mujodala surasida keladi: “Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm sohiblarini baland darajalarga ko‘tardi.”

Ibn Abbos roziyallohu anhumo bu borada aytganlarki, ulamolar va oddiy mo‘minlar orasida yetti yuz daraja bo‘ladi. Har bir darajaning orasida besh yuz yillik masofa bor.

Zumar surasida Alloh taolo marhamat qiladi:

“Ayting, bilganlar bilan bilmaganlar teng bo‘lurmi?” Yana bir oyatda:“Alloh taolodan bandalari ichida, faqat, ulamolarigina qo‘rqadi.”

Naml surasida Sulaymon alayhis salomning qissasida jinlarning eng kuchlisi ilm egalari ekanligi zikr qilinadi:

“Kitobdan ilmi bo‘lgani, men uni senga olib kelaman, dedi”. Bu yerda ilmning quvvatiga ishora bor.

Ankabut surasining 43-oyatida Alloh taolo marhamat qiladi:

“Ushbu masallarni insonlarga keltiramiz, lekin, ilm egalarigina uni anglarlar.”

A’rof surasida keladi:

“Ey Odam bolalari Biz sizlarga avratlaringizni berkitadigan va ziynat liboslarni tushurdik, (hammasidan) yaxshisi taqvo libosidir.”

Abu Tolib Makkiy “Qutul qulub” asarlarida, avratlarni berkitadigan libos
bu – ilmdir, ziynat libosi bu – yaqiniy ilmdir, taqvo libosi esa – hayodir, degan ekanlar.

Hadislardan dalillar:

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Kimga Alloh taolo yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi va to‘g‘ri yo‘liga ilhom qiladi.”

Imom Buxoriy rivoyati.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:“Ulamolar Payg‘ambarlarning vorislaridir.”

Abu Dovud rivoyati.

Bilamizki, payg‘ambarlik darajasidan oliy daraja mavjud emas, demak, bu daraja sohiblarining vorislari bo‘lishdan ko‘ra ulug‘roq sharaf yo‘q.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:

“Olim uchun Yerdagi va osmondagi barcha jonzodlar istig‘for aytadi.”
Abu Dovud rivoyati.

Qarang, olimlar o‘z ishlari bilan mashg‘ul ekanlar, osmon-u Yerdagi jonzodlar ularga istig‘for bilan mashg‘ullar, bundan ortiq sharaf va daraja bo‘lishi mumkinmi?!

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:

“Hikmat sharafli insonning sharafini ziyoda qiladi va mamluklarni (qullarni) qirollar davrasida o‘tirishiga sabab bo‘ladi.”

Abu Nai’m rivoyati.

Bu hadislari bilan Habibimiz sollallohu alayhi vasallam ilmning dunyodagi darajasini bayon qilyabdilar, oxiratdagi samarasi yaxshiroq va boqiyroqdir.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:

“Ikki xislat munofiqda bo‘lmaydi: To‘g‘ri maqsad va Dinda faqihlik”

Imom Termiziy rivoyati.

Faqihlikning eng past darajasi, oxirat dunyodan afzal ekanini bilishdir. Agar, faqih bu ma’rifatida sodir bo‘lsa, nifoq va riyodan pok bo‘libdi.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Iymon yalang‘ochdir, uning libosi taqvo, ziynati hayo va samarasi ilmdir.”

Abu Shayba rivoyati.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Bir olimning o‘limi butun bir qabilaning o‘limidan og‘irroqdir.”

Imom Bayhaqiy rivoyati.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Qiyomat kunida ulamolarning siyohlari shahidlarning qoni bilan o‘lchanadi.”

Abu Nai’m rivoyati.

Mana qarang azizlar, ilmning fazli nechog‘lik baland ekan. Inson har ne bilan umrini o‘tkazsada, bu darajani topa olmaydi. Shuning uchun barchamiz ilmga jiddu jahd bilan harakat qilmog‘imiz lozimdir.

Alloh taolo ummati Muhammadiyni olimlarini ko‘paytirsin va bizlarni ham bu ulug‘ martabalarga ko‘tarsin! Hech qachon unutmaylikki, biz ana shunday buyuk insonlarning avlodlarimiz.

Shuning uchun muborak islom ta’limotlariga tayangan holda, axloq odobimizni oliy darajaga ko‘tarishga harakat qilaylik, munosib ravishda o‘z farzandlarimizni dunyoviy va diniy bilimlardan bahramand qilib, kelajakda ahli solih, barkamol inson bo‘lib yetishishiga erishaylik. Amiyn ya Rob!

Bozorova Zarina
Mir Arab oliy madrasasi 1-kurs talabasi
. .