ONAGA EHTIROM DINIMIZ TALABIDIR
Muallif: . .
Sana: 23.01.2018
3304

Alloh taolo O’zining muborak kalomi bo’lmish Qur’oni azmu sha’nda marhamat qilib “Onasi uni (homilani) qiynalib ko’tarib yurdi va qiynalib qo’ydi (tug’di)” deb marhamat qilgan va shu orqali onaning farzandi bilan muomalotdagi avvalgi bosqichining o’ziyoq qanchalik mashaqqatli ekanini sizu bizga bildirgan. Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham o’zlarining hadisi shariflarida: “Jannat onalar oyog’i ostidadir”, deb marhamat qilish orqali onaning qadrini bizlarga ma’lum qildilar.

Ulug’lardan biri har kuni onalarining oyoqlari ostiga yotar va: “Ey onajon, yuzimni oyoqlaringiz bilan bosing va bu orqali mening yuzlarimni do’zaxdan forig’ qiling” , der ekanlar.

Ulug’larimizdan bo’lmish Muhammad ibn Munkadirdan qilingan rivoyatda u kishi aytadilarki: “Yosh yigit paytlarimiz edi, tunlarning birida onamiz be’mor bo’lib qoldilar, men akamga: “Akajon, siz kirib damingizni olavering, men onamziga qarayman” , dedim. Akam o’sha kecha uxlamay tuni bo’yi ibodat qilib chiqdilar, men esa onamning boshlarida o’tirib chiqdim, tong otganida qalbimda bir xotirjamlik hukm surar edi, chunki men akamdan ko’ra ulug’roq ishni qilgan edim”.

Olimlarimiz ota-onaning haqqini bir-biriga taqqoslab: “Onaning haqqi otanikiga nisbatan uch barobar ko’proqdir, chunki ona avval uni homiladorlikda ko’tarib yuradi, keyin uni qiynalib tug’adi, keyin esa kechalari uxlamay farzandiga qarab chiqadi. Ota esa faqatgina uning yeb-ichishiga javobgardir”, deganlar.

Olimlarimizning bu gaplarining isboti ham Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan takror-takror “Kimga yaxshilik qilay?” deb so’ralgan savolning avvalgi uchtasiga “Onangga” deya qaytargan javoblarida o’z aksini topgandir.

Endi bu xususda shu zamonamizda sodir bo’lgan bir voqeani keltiramiz/

Bir bola olti yoshida otasidan ayrilib, yetim qoldi. Oilaviy sharoiti juda og’ir edi. Onasi o’g’lini boqish uchun ish qidirdi, aksiga olib ayol birorta kasb egallamagani sababli uni hech qayerga ishga qabul qilishmadi. Tinimsiz izlanishlardan so’ng ayol arzimagan haq evaziga bir qurilishdan ish topdi. U ayol boshi bilan qurilishda erkaklarning ishini qilar edi. Juda katta mashaqqatlar bilan farzandini ulg’aytirdi. Farzand ulg’aygach savdoga kirishdi va katta tijoratchiga aylandi. Kunlarning birida shaharda dang’illama uy sotilayotganini eshitgan yigit o’sha kungi barcha uchrashuvlarini bekor qildi va darhol uyni sotib olish uchun yo’lga tushdi. Yigit uy egasining oldiga kelib, uyning narxini so’radi, uyning egasi esa sotiladigan uyning narxini ikki barobar qimmatroq aytdi, yigit darhol aytilgan pulga chek yozib berdi. Uy egasi chekni olarkan yigitga: “Siz savdo qilishni bilmas ekansiz, agar ozgina savdo qilganingizda, men uyni aytilgan narxning yarmiga berar edim, chunki uyning narxini ikki barobar qimmat aytgan edim” , dedi. Yigit bunga javoban: “Agar siz bu uyning men uchun qanchalik qadrli ekanligini bilganingizda edi, bundan o’n barobar qimmat aytgan bo’lar edingiz va shunda ham men bu uyni hech ikkilanmansdan sotib olgan bo’lar edim”, deb javob berdi. Buning sababini so’ragan sotuvchiga esa: “Janob, bundan roppa-rosa yigirma yil oldin xuddi mana shu uyning qurilishida mening onam g’isht tashiganlar, bugun esa men bu uyni onamga sovg’a qilmoqchiman”, dedi.

Insonning hayotida do’stu yor, oshna-og’ayni topilaveradi, lekin ota-ona bir marta beriladi. Shuning uchun ham Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam “Sizlardan kimning huzurida otasi yoki onasidan biri qari holatda bo’lsayu, ularning xizmatini qilib, o’ziga jannatni vojib qilib olmasa, o’sha kishiga vayl bo’lsin”, dedilar.

Alloh taolo barchalarimizni ota-onasining xizmatini qilib, o’ziga jannatni vojib qilib oluvchi bandalaridan qilsin!

O’rishev Anvar

Mir Arab oliy madrasasi 1-kurs talabasi

. .