CHIROQ YONGANDA…
Muallif: . .
Sana: 07.01.2023
337

Har gal qishloqqa kelar ekanman, tafakkur qilishga sabab bo’ladigan bir qancha hodisalar ro’y beradi. Bugun oila bilan qishloqdagi uyimizdamiz. Qishloqda svet yo’q. Uylar qorong’i. Ko’chalar zimiston va bu qishloq aholisi uchun odatiy holga aylangan. Kutilmaganda svet yonadi hamda insonlar ko’ngli beixtiyor quvonchga to’ladi. Chiroq uyimiz, yon-atrofni yoritish bilan bir qatorda qalbimizga ham nur, yorug’lik olib kirganday bo’ladi. Buni vujudimiz bilan his etamiz. Qalblarda bunday xursandchilik paydo bo’lishini nafaqat qishloq ahli, balki, bir bor bo’lsa-da svet o’chib-yonishini boshidan o’tkazgan inson inkor qilmasa kerak.

Ana shunday hollarning birida qalbimga bir xayol keldi-yu, g’alati bo’lib ketdim. Namozlarimizda, ibodatlarimizda, duolarimizda Allohdan Qur’onni qalblarimizga nur qilishini ko’p bor so’raymiz. Lekin bir bor bo’lsa-da, chiroq yonganda qalbimizga kirgan nur kabi Qur’on qalbimizga nur bo’lganini sezganmizmi? Qur’oni karim tilovat qilinganda beixtiyor xursand bo’lib, qalbimiz quvonchga to’lganmi? “Ha endi, Qur’onning nur ekani, bu majoziy ma’noda. Chiroq uyimizni yoritgani kabi Qur’on hayot yo’limizni yoritadi. Uning nur ekani his etiladigan narsa emas”, deb javob berishimiz mumkin. To’g’ri, azizlar, biz Qur’onning hayot yo’limiz yorituvchisi ekanini inkor etmaymiz. Lekin biz aytmoqchi bo’lgan narsa shuki, chiroq yonganda birdaniga ko’nglimizning yorishib ketishi kabi holat Qur’oni karimning tilovati vaqtida ham bo’ladimi, biroz bo’lsa-da buni his etamizmi?Axir chiroq ham qalbimizga yorug’lik beruvchi vosita emasku! Lekin, uyimiz bilan bir qatorda ko’nglimizni ham yoritishini his etamiz. Nega xuddi shu holat Qur’on o’qiganda yoki tinglaganda kuzatilmaydi? Darhaqiqat, bu savol har birimizni biroz bo’lsa-da o’ylantirishi kerak.

Zero, yoqimli bir musiqa tinglasak yoki biror ma’nili qo’shiq eshitsak, dilimiz yayraydi, ma’naviy hordiq olamiz. Ana shu yorug’likni, hordiqni Qur’ondan ham olyapmizmi? Qur’onni tinglaganda yana ko’proq eshitsam, degan ishtiyoq bormi? Yoki uning tilovatidan betoqatmizmi?

Darhaqiqat, Alloh taolo O’z kalomida “(Biz) sizlarga ochiq oydin nurni nozil qildik”, deb marhamat qilgan (Niso surasi, 174-oyat). Bundan, albatta, Qur’oni karim iroda qilingan. Nega biz nurni his etmayapmiz? Yoki Allohning O’zi bizni bunday nurdan bebahra qildimikan? Zero, yana bir oyatda: “Alloh kimgaki nurni bermasa, unda nur bo’lmaydi”, deyilgan (Nur surasi, 40-oyat).

Shu o’rinda Rosululloh sollalohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan bir hadis yodimizga keladi: “Oxirgi zamonda bir qavm chiqadi. Ular Qur’on o’qiydi. Lekin tomoqlaridan u yog’iga o’tmaydi” (Imom Termiziy rivoyati). Muhaddislarimiz ushbu hadisning sharhida ular Qur’onni o’qiydilar-u, ammo qalblariga yetib bormaydi, degan gapni aytganlar.

Shunday ekan, azizlar, Qur’onning qalbimiz nuri ekani haqida biroz tafakkur qilaylik. Haqiqatdan ham shunday bo’lyaptimi? Bizlarni yuqorudagi hadisda yomonlangan qavmlarning biri bo’lib qolishdan Allohning o’zi saqlasin. Bizlarni Qur’on o’qiganda, tinglaganda undan rohatlanadigan, hayoti va qalblari nurga to’ladiganlardan qilsin.

TO’XTASINOV RO’ZIMUHAMMAD

Mir Arab oliy madrasasi o’qituvchisi

. .