BUXORO - ISLOM OLAMI MADANIYATI POYTAXTI
Muallif: . .
Sana: 07.01.2023
1976

Buxoro – jahonning eng qadimiy va tarixiy-meʼmoriy obidalarga boy goʻzal shaharlaridan biri. 1997-yil shaharning 2500-yillik yubileyi xalqaro miqyosda nishonlandi.

Buxoro nomi dastlab IX asrda tarixchi Narshaxiy tomonidan zikr etilgan. Koʻplab tarixchilar, tilshunoslarning fikriga koʻra, Buxoro soʻzi sanskritcha “vixara” soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, “qalʼa” degan maʼnoni anglatar ekan. Qadimda shahar Numijkat va Faxira, deb ham atalgan. Buxoro ilk oʻrta asrlardan hunarmandchilik va savdo markazlaridan biri boʻlgan, bu yerda tayyorlangan mahsulotlar Osiyo va Yevropa mamlakatlariga chiqarilgan. Arablar Buxoroni “Madinat ut-Tujjor” (“Savdogarlar shahri”) yoki Madinat as-Sufriya (“Mis shahar”) deb atagan.

1996-yil YUNESKO Buxoroni jahon madaniy merosi hisoblanuvchi shaharlar safiga qoʻshganligi va muhofazaga olganligini eʼlon qildi.

Koʻhna Buxoroni tarixchilar, sayohatchilar “sheʼriyat va afsonalar shahri” deb atagan. Bu qoʻhna shaharning har bir koʻchayu xiyoboni, bogʻiyu maydoni, xullasi kalom har bir goʻshasida olis oʻtmishning aks-sadosi, qoldirgan izi bor. Koʻkka boʻy choʻzgan minoralar, obidayu qadamjolar, osoru antiqalar inson aql-zakovatini namoyish qiladi. Buxoro Sharqu Gʻarbda “ochiq osmon ostidagi muzey, shavkatli tarixning jilvakor koʻzgusi” degan faxrli nomni ham olgan ekan.

Qadimiy Buxoroning Arkida nafaqat hukmdor amirlar, balki buyuk olimlar, shoiru faylasuflar ham yashab, ijod qilib, avlodlarga bebaho meros qoldirgan. Buxoro madaniyati eng yuksalgan oʻrta asrlarda Arkda Rudakiy, Firdavsiy, Abu Ali Ibn Sino, Forobiy, Umar Xayyom kabi buyuk zotlar yashagan. Masalan, Abu Ali ibn Sino bu haqda bunday yozadi: “...Bu yer kutubxonasidan shunday kitoblarni topdim, ularni oldin ham, keyin ham hech qayerda koʻrmadim. Ularni oʻqib chiqdim va menga olam sirlari ayon boʻldi...”.

Arxeologik qazishmalar natijasiga asosan olimlar bu qadimiy shahar eramizgacha boʻlgan davrda hududning iqtisodiy va madaniy hayotida muhim rol oʻynagan, degan xulosaga kelgan. Tarixiy faktlarga koʻra, geografik nuqtayi nazardan, Buxoro Xitoydan Rimgacha olib boruvchi Buyuk ipak yoʻlining eng muhim chorrahalaridan birida joylashgan.

Solnomalarda qayd etilishicha, VIII asrda bu yerda arab istilosi natijasida islom dini joriy etilgan. Davr oʻtishi bilan Buxoro asta-sekin eng muhim diniy markazga aylanib, “Buxoroi Sharif” deb atala boshlangan.

Har bir davlat, har bir yurt, oʻlka, shahar hamda tuman hayotida shunday voqea va hodisalar yuz beradiki, ular tarix sahifalarida bir umrga muhrlanib qoladi. Bu kabi sanalar solnomalar sahifalarida zarhal harflar bilan bitiladi. Bunga yaqin oʻtmishimizdagi Oʻzbekiston Respublikasining istiqloli eʼlon qilingan sana - 31-avgust (1991-yil), Mustaqillik - 1-sentyabr (1991-yil) kunlari, davlatimizning BMTga tenghuquqlik aʼzo boʻlishi - 2-mart (1992-yil) hamda 2007-yil Toshkent shahriga “Islom madaniyati poytaxti” degan yuksak nomning berilishi va shunga oʻxshash boshqa birqancha tarixiy sanalar yaqqol misol boʻladi oladi. Yana ham batafsilroq aytadigan boʻlsak, bu kabi muhim va olamshumul sanalar butun yurtimiz, jonajon Oʻzbekistonimiz xalqi uchun ulkan tarixiy va madaniy - maʼrifiy voqea boʻlganiga barchamiz shohidmiz.

Buxoro siyosiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, diplomatik munosabatlar va aloqalarni har tomonlama izchil yoʻlga qoʻyib kelgan qadimiy shaharlar sirasidan joy oladi.

Yurtimiz azaldan insoniyat tamadduni, jumladan islom madaniyati rivojida alohida oʻrin tutadi. Buyuk ajdodlarimizning ilm-fan va madaniyatning koʻplab sohalari taraqqiyotiga qoʻshgan beqiyos hissasini dunyo tan olgan, barcha xalqaro tashkilotlar eʼtirof etgan.

Oʻzbekiston istiqlolga erishgach, ajdodlar qoldirgan boy madaniy merosni tiklash va yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Respublikamizda buyuk alloma va aziz avliyolarimiz muqaddas qadamjolarini taʼmirlash va obodonlashtirish, ularning boy ilmiy-madaniy merosini oʻrganish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband, Imom Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy singari benazir allomalarning muborak nomlari qayta tiklanib, ularning merosini oʻrganishga eʼtibor kuchaydi. Masjidi Kalon, Shohi Zinda, Koʻkgumbaz kabi koʻplab masjid va madrasalar qayta taʼmirlandi. Bu oʻzgarishlar xalqaro jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilmoqda va yuqori baholanmoqda.

Islom konferensiyasi tashkilotining tuzilmalaridan biri boʻlgan Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha xalqaro islom tashkiloti (ISESCO) tomonidan Toshkent shahrining 2007-yilda “Islom madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilinishi Oʻzbekiston, xususan uning poytaxti islom sivilizatsiyasi tarixida oʻziga xos oʻringa ega ekanidan yana bir dalolatdir.

Maʼlumot uchun: Islom Hamkorligi tashkiloti (IHT) oʻz tarkibida 57 ta mamlakatni jam etgan, xalqaro miqyosdagi muhim va dolzarb masalalarni hal qilishda taʼsiri va ahamiyati tobora ortib borayotgan nufuzli tashkilotdir. Uning tarkibidagi muassasalardan biri - Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Xalqaro islom tashkiloti (ISESCO) har yili tashkilotga aʼzo Osiyo, Afrika va arab davlatlari shaharlarini “Islom olami madaniyati poytaxti” deb eʼlon qiladi.

2005-yildan yoʻlga qoʻyilgan ushbu anʼana musulmon dunyosidagi muayyan shaharlarni islom madaniyati poytaxtlari deb eʼlon qilishi musulmon mamlakatlari oʻrtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish, islom madaniyatiga oid ilmiy – maʼrifiy, tarixiy – meʼmoriy merosni oʻrganish, tiklash va targʻib qilish, dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni kuchaytirish, turli mamlakatlarning bu boradagi saʼy – harakatini qoʻllab – quvvatlash hamda ragʻbatlantirishni maqsadini koʻzlaydi.

2007-yil Toshkent shahriga islom madaniyati poytaxti degan yuksak nomning berilishi nafaqat Toshkent shahri va butun Oʻzbekistonga, balki xalqimizga berilgan yuksak bahodir.

Ushbu anʼananing joriy qilinganidan uch yil oʻtib azim Toshkent shahriga islom madaniyati poytaxti maqomi berilishi, Toshkent shahrining nafaqat Osiyoda, balki butun dunyoda oʻziga yarasha obroʻsi borligidan dalolatdir.

2015-yil Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Xalqaro islom tashkiloti (ISESCO) shaharlarga Islom madaniyati poytaxti maqomini berish boʻyicha ikkinchi bosqich rejalarini eʼlon qildi. Unga muvofiq 2015-2025-yillardan tashkilotga aʼzo davlatlarning qaysi shaharlari yuqoridagi eʼtirofga sazovor boʻlishi koʻzda tutilgan.

Bu olamshumul voqea respublikamizda va xorijda katta qiziqish uygʻotdi, xalqimizga, ilmu fan vakillari hamda ziyolilarimizga alohida gʻurur bagʻishladi. Qabul qilingan tartibga muvofiq, Islom hamkorlik tashkiloti har yili musulmon mamlakatlaridagi 3 ta shaharni “Islom olami madaniyati poytaxti” deb eʼlon qiladi. Ularning biri arab mamlakatlaridan, boshqasi Osiyo va uchinchisi Afrikadagi musulmon mamlakatlardagi shaharlardir. Quvonarlisi ushbu rejaga asosan 2020 Oʻzbekistonning qadamiy Buxoro shahri ham shu kabi yuksak eʼtirofga loyiq koʻrilib, “Islom olami madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilinishi nazarda tutilgan.

Islom hamkorlik tashkiloti madaniyat vazirlari IX Islom konferensiyasida 2020-yilda Buxoro (Oʻzbekiston), Qohira (Misr) va Bamako (Mali) shaharlari” Islom olami madaniyati poytaxti” sifatida tasdiqlandi.

Ushbu anʼana yoʻlga qoʻyilgan 2005-yildan beri oʻtgan davrda jonajon Oʻzbekistonimizning ikki shahri – Toshkent va Buxoro bu yuksak nomga munosib topildi. Bu ish bir tarafdan tariximizga berilgan munosib va yuksak baho boʻlsa, ikkinchi tarafdan har bir vatandoshimiz, millatimiz, xalqimiz uchun ham gʻurur, hamda sharaf desak, xato qilmagan boʻlamiz.

Sana munosabati bilan eʼlon qilingan xabarlardan birida, “Aslida Buxoroi sharif bir necha asrlar davomida Islom madaniyati poytaxti boʻlib kelgan. Uning “Qubbatul Islom”, yaʼni “Islom gumbazi” deb nomlangani ham bejiz emas. Tashkilot tomonidan ushbu shaharning Islom madaniyati poytaxti deb eʼtirof etilishi asrlar davomida ushbu shahar va undan chiqqan olimlarning islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini yana bir bor tasdigʻi hisoblanadi", - deb taʼkidlangan.

Aytib oʻtish joizki, islom olamidagi toʻrt sharif sanalgan shaharlardan biri Buxoroi sharifdir. Sharqda qadimdan “Samarqand sayqali roʻi zamin ast, Buxoro quvvati dini islom ast”, deb bekorga aytilmagan. Buxoroi sharifni eʼzozlab dunyoning juda koʻp shoirlari, olimlari, mutafakkir va mutassavif donishmandlari, sayyohu elchilar, tarixchilar hamda geograflar qimmatli asarlar yaratgan.

Buxoroning dovrugʻini islom olami boʻylab, qolaversa, butun dunyoga keng taratgan yetti buzrugvor pir 1103 va 1389-yillar oraligʻida, XII-XIV asrlarda birin-ketin, navbatma-navbat boshqarganlar va bagʻoyat xayrli faoliyat koʻrsatganlar.

Bu davr, maʼlumki, Movarounnahr va Xurosonda, butun Markaziy Osiyodagi keng va ulkan musulmon mintaqasida moʻgʻullar zulmi va istibdodi barham topib, Movarounnahrda ulkan va qudratli temuriylar saltanati dadil qad koʻtarayotgan ajoyib bir maʼnaviy hamda madaniy uygʻonish davri edi.

Alohida taʼkidlab, aytish kerakki, bugungi kunda ham tarixiy va diniy yodgorliklar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev diqqat eʼtiborida boʻlib kelmoqda. Davlatimiz rahbari Buxoro viloyatiga oxirgi tashrifini Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilishdan boshlagan edi. Tashrif paytida, Buxoro viloyatida muqaddas qadamjolar koʻpligi, ularni “ziyorat qilish ham qarz, ham ulkan saodat ekani” taʼkidlandi. Prezidentimiz rejalashtirilgan qurilish ishlari mazmunan chuqur oʻylanmaganini tanqid qildi hamda Yetti pir maqbaralarini obod qilish, ularni bir yoʻl bilan bogʻlash loyihalarini takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Oʻzbekiston bugungi kunda turizmni rivojlantirish va xorijliklarni mamlakat durdonalari sanalgan Buxoro, Samarqand va Xivaga jalb etish boʻyicha misli koʻrilmagan ishlarni amalga oshirmoqda. Oʻzbekistonda turizmni tezkor rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Prezident farmoni qabul qilindi. Farmon bilan Oʻzbekiston Respublikasida 2019-2025-yillarda Turizmni rivojlantirish konsepsiyasi va chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. 2019-yil 1-fevraldan elektron kirish vizasini oluvchi mamlakatlar roʻyxati kengaytirilib, 45 ta davlat fuqarolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy qilindi.

Bundan tashqari, 2019-yil 15-martdan 30 kun davomida amal qilinuvchi elektron vizalar turlari tizimi hamda alohida xorijiy fuqarolar guruhlariga qoʻshimcha vizalar toifasi joriy etildi. Xorijiy davlat fuqarolariga viza rejimining soddalashtirilishi mamlakatga tashrif buyuruvchi mehmonlar sonini bir necha martaga oshiradi, albatta.

Buxoroning tarixiy qismida yoki Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “shaharning yuragida” ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu yerda haqiqiy oʻrta asrlar hunarmandlari mavzesi paydo boʻladi, Poyi Kalon va Mir Arab madrasalari qayta taʼmirlanadi, Haqiqat va Nurobod koʻchalari kengaytirilib, turistlar uchun sayohat xiyobonlariga aylantiriladi.

Shaharga kelgan turistlar bugundanoq mazkur hunarmandlar koʻchasida boʻlishlari, oʻzlari yoqtirgan buyumlarni xarid qilishlari, ustalarning qanday ishlashlarini kuzatishlari mumkin.

Bundan tashqari, bu yil Poyi Kalon majmuasidagi tarixiy yodgorliklar, Abdulazizxon, Ulugʻbek va Mir Arab madrasalari taʼmirlanadi. Buxoroning yana bir ramzi - Ark qalʼasi ham yangilanadi. Bu yerda inshootning ichki qismini taʼmirlash rejalashtirilgan.

Viloyatda turizmni rivojlantirish konsepsiyasida 61 loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan. Buxoroda 44 mehmonxona, 10 park quriladi, zamonaviy turistik avtobuslar sotib olinadi, yangi sayohat turlari tashkil etiladi.

Haqiqatda ham, sayyohlik iqtisodiyot tarmoqlarining yetakchi boʻgʻinlaridan biriga aylanayapti, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Buxoro viloyati esa bu borada benihoya katta salohiyatga ega. Birgina Buxoroda 660 ta moddiy madaniy meros obyekti roʻyxatga olinganining oʻziyoq juda koʻp narsani anglatadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-maydagi “2017-2019-yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyatining turistik salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2017-yil 16-avgustdagi “2018-2019-yillarda turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlari shu imkoniyatlarni roʻyobga chiqarish sari tashlangan muhim qadam boʻldi. Mazkur qarorlarga muvofiq, viloyatga tashrif buyurayotgan chet ellik turistlar va mamlakatimiz sayyohlariga qulay shart-sharoitlar yaratish, ularga koʻrsatilayotgan servis xizmatlari sifatini yanada yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Buxoro shahrida yangi mehmonxonalar, madaniy-koʻngilochar maskanlar va 500 kishiga moʻljallangan zamonaviy amfiteatr kabi obyektlarni oʻz ichiga oluvchi “Qadimiy Buxoro” turistik hududini barpo etish uchun 10 gektar yer maydoni ajratilib, xorijiy meʼmorlar bilan birgalikda loyihalash ishlari olib borilmoqda.

Buxoro shahridagi sobiq “Shahriston” bozori hududida hunarmandlar markazini qurish, muqaddas qadamjolar - Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Xoja Orif ar-Revgariy, Xoja Mahmud Anjir Fagʻnaviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol, Xoja Bahouddin Naqshband va Chorbakr majmualarida keng koʻlamli qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilayapti. Hududning turistik salohiyatini yanada kengroq targʻib qilish maqsadida “Ipak va ziravorlar”, “Buxoro shahri kuni”, “Qovun sayli” va “Buxoro hunarmandlari” festivallari tashkil etilmoqda.

Xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda. Jumladan, Xitoyning Loyan va Rossiyaning Vladimir shaharlari bilan Buxoro shahri oʻrtasida birodarlik aloqalarini oʻrnatish memorandumlari imzolandi. Ispaniya, Yaponiya, Singapur, Indoneziya, Malayziya, Rossiya, Latviya va Turkiya kabi davlatlar bilan shu yoʻnalishda muzokaralar olib borildi.

Oʻzbekiston Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi turizm sohasini jadal rivojlantirishga doir farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda “Uzbekistan Airports” AJ tomonidan xorijiy aviakompaniyalar bilan bir qator koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Mamlakatimizda turizmni jadal rivojlantirish boʻyicha keyingi uch yilda 30 dan ortiq Farmon va qarorlar qabul qilinishi natijasida Buxoroda ham turistlar oqimining keskin koʻpayishi taʼminlanmoqda. Birgina 2019-yil 7 oyi davomida jami sayyohlar soni 2 milliondan, xorijiy turistlar soni 250 mingdan oshib, 2018-yil mos davriga nisbatan qariyb 2,2 baravarga koʻpaydi.

Bugungi kunda viloyatga tashrif buyurayotgan sayyohlarga sifatli transport xizmati koʻrsatish maqsadida Buxoro shahri ichida va “Yetti Pir” kabi ziyoratgohlarda transport qatnovlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, keyingi ikki yilda “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻlgan jismony shaxslar soni 3,1 baravarga koʻpayib, 3125 taga yetdi. Buxoro tarixiy markazida 383 ta tadbirkorlik subyektlari bilan madaniy meros obyektlaridan foydalanish boʻyicha shartnoma imzolangan.

Shuning bilan birga, “Buxoro boʻylab sayohat qil” dasturi asosida mahalladoshlar, Yoshlar ittifoqi aʼzolari, mehnat va fermerlar jamoalari vakillari uchun sayohatlar tashkil etilmoqda.

“Buxoro - Islom olami madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilinishi munosabati bilan respublikamizda, jumladan, Buxoro shahrida 2020-yil davomida qator ilmiy-amaliy anjumanlar, keng qamrovli tadbirlar majmuini ishlab chiqish va yuqori saviyada oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

Chora-tadbirlar rejalari doirasida mamlakatimiz va xorijiy davlatlar kutubxonalarida saqlanayotgan Buxoro tarixi, madaniyati va ilm-fan, dinimiz tarixi haqidagi nodir qoʻlyozmalarni birgalikda oʻrganishga imkon paydo boʻladi. Islomiy merosni oʻrganish doirasida Samarqand shahridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida qator amaliy ishlar bajariladi. Mamlakatimizda, jumladan Buxoro shahrida turizm, madaniyat, fan va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi.

Faxriddin PARPIYEV,

“Dunyo”AA.

. .