Ramazon ro‘zasi sababli Islomni qabul qilgan hind yigiti
Muallif: . .
Sana: 18.05.2018
2553

Ramazon oyidagi ro‘za sababli hindistonlik Raxul ismli yigit Islomni qabul qildi. Raxulning qissasi qanday? Qanday qilib u Islomga kirdi? Ramazon oyi va undan keyin keladigan Iyd Al-Fitr bayrami xatto musulmon bo‘lmagan insonlarga ham ajoyib va manfaatli ta’sir o‘tkazadi. Musulmonlarning Ramazon oyi va Hayit bayramidagi ko‘tarinki kayfiyati bu insonlarning e’tiborini o‘ziga tortib o‘ylantirib qo‘ymoqda. Ular o‘zlariga musulmonlar bu oyda bajaradigan amallari yuzasidan savol berishmoqda: kunduzi ro‘za tutishadi, xuftondan so‘ng taroveh namozini ado etishadi, keyin tonggacha taxajjud namozini o‘qishadi.

Bu oyda musulmonlar kambag‘al va muhtojlarga yanada e’tiborli bo‘lib ularga ko‘proq yordam berishadi. Ramazon oyi tugagach esa Hayit bayrami munosabati bilan xursandchilik qilishadi, bir-birlarini tabriklab ziyorat qilishadi.

Buni kuzatib turgan musulmon bo‘lmagan insonlar esa o‘zlarining savollariga to‘laqonli javob olisha olmaydilar. Ularning aksariyati, masalan, nega musulmonlar aynan shu oyda va belgilangan vaqtlarda ro‘za tutishlarini tushunolmaydilar.

Bu savollar ustidagi o‘ylar ba’zi musulmonlar bo‘lmaganlarni ham musulmonlar bilan birga ro‘za tutishga undaydi, lekin oqibatda ularning hammalari ham musulmon bo‘lmaydilar.

Ular bu bilan musulmonlar uzoq vaqt davomida ovqat, ichimlik va nafslaridan tiyilish orqali oladigan g‘aroyib kuchning sirini his etmoqchi bo‘ladilar.

Ramazon oyidagi musulmonlarning ro‘zasi katta ta’sir o‘tkazgan inson bu hindistonlik Raxul ismli yigitdir. Aynan Ramazon ro‘zasi uning Islomga kirishiga sabab bo‘ldi.

Raxul o‘zining Islomga kirish tarixini quyidagicha bayon qiladi:

"Men ko‘pchilik hindular kabi induizm diniga mansub oilada katta bo‘ldim. Aholining katta qismi bir dinga e’tiqod qilishlariga qaramay turli ma’budlarga sig‘inishadi. Ba’zilar butlarga, ba’zilar sigir va boshqa hayvonlarga, boshqalar esa quyoshga sig‘inishadi...

Bu din meni ko‘pxudolik, e’tiqodsizlik va adashishlar ummoniga g‘arq etdi. Ammo Alloh taolo menga arab musulmon yurtida ishlashimga imkon yaratib berdi.

Bu yurtda men umrimda birinchi marta Islomni nima ekanligini angladim. Uch yil Ummon sultonligida ishladim. Bu erda o‘tkazgan vaqt mening ongimni tubdan o‘zgarishiga va haqiqat nurini ko‘rishimga sabab bo‘ldi.

Mendagi bu o‘zgarishlarga musulmon birodarlarim bilan birga ishlashni boshlaganim sabab bo‘ldi. Ular Ramazon ro‘zasini tutishni boshlaganlari meni e’tiborimni qaratdi va men ularga savollar bera boshladim: "Nima uchun ro‘za tutasizlar? Va u nimani anglatadi?". Mening birodarlarim bu savollarga jiddiy yondashishdi va ularga batafsil javob berdilar. Ularning aytishicha ular musulmon bo‘lib Ramazon oyi ro‘zasini tutishadi va bu bilan Allohga yaqin qiluvchi ibodatni ado etishadi.

So‘ngra ular muqaddas Qur’onni ushbu oyda nozil bo‘lganini hamda uni bu oyda ko‘proq tilovat qilish kerakligini aytishdi. YAna bu oyda ko‘proq savob ishlar qilish orqali katta ajrlarga erishib gunohlardan forig‘ bo‘lish mumkin.

Raxulni birodarlarining so‘zlari ajablantirdi. Ular Raxul xayotida ilk bor eshitayotgan qiziq haqiqatlarni bayon qilishar edi. Uning hamkasblari gapirayotgan din Raxulni o‘ziga tortdi va u Islom haqida yanada ko‘proq bilishni hohladi.

Avvaliga Raxul ro‘zador musulmon nimani his etishini bilish maqsadida birodarlari bilan ro‘za tutishga ahd qildi.

Komillikka erishish. So‘ngra Raxul umrining Ummonda kechgan uch yilida Ramazon oyi ro‘zasini tutganligi haqida gapirib berdi. Unga Ramazondan keyingi Hayit bayrami nishonlanishi ham yoqdi.

Raxul Islomni o‘rganishni davom ettirdi va savollariga javobni qidira boshladi. Bu vaqt mobaynida u musulmonlarning xayot tarzlari haqida ma’lumot oldi. Musulmonlarning arabni arabmasdan, boyni kambag‘aldan ajratmagan holda har kuni muayyan vaqtlarda masjidda qator turib besh mahal namozni ado etishlari hayratga soldi.

Barcha musulmonlar Parvardigorga yuzlanib ibodat qilishardi va Undan avf qilinishini va jannatga tushirishini so‘rardilar. Uni qalblarga surur baxsh ato etuvchi azon tovushi ham lol qoldirdi.

Raxul xikoyasini davom etdi:

"Bu dinning qiyofasi men uchun komillik kasb etdi, Islomning haqliga bo‘lgan ishonchim esa Qur’onni o‘qiganimdan keyin kuchaydi. Qur’ondan uzoq vaqt davomida meni qiziqtirib kelayotgan barcha savollarga javob oldim: "Men ibodat qilishim lozim bo‘lgan Zot kim? Unga qanday ibodat qilinadi? U bizni nima uchun yaratgan? Va bizni o‘limdan keyin qanday hayot kutmoqda?".

Bundan tashqari, YUtub orqali o‘z dinidan voz kechib Islomga kirgan hindistonlik din targ‘ibotchilarining ma’ruzalarini tingladim. Va bu mening e’tiqodim mustahkamlanishiga katta xizmat qildi".

Undan so‘ng Raxul Hindistonga yaqinlarini ziyorat qilish uchun qaytganini aytdi. Aynan Vatanida Raxulning qalbi Islom uchun ochildi. U avvalroq Islomni qabul qilgan xindu birodaridan shahodat kalimalarini o‘rgatishini so‘radi.

Bir oz vaqtdan keyin Raxul uchun Dubayda ishlash imkoniyati paydo bo‘ldi. SHu tariqa, Alloh taolo uni o‘z dinining asoslarini o‘rganish uchun musulmon mamlakatiga qaytardi.

BAAda u bir do‘sti bilan Dubaydagi Islom masalalari va hayriya ishlari departamentiga jo‘nab ketdi va yangi musulmon guvohnomasi hamda maxsus adabiyot oldi.

So‘ngra Raxul turli ma’ruzalarga qatnashishni boshladi. U erda tahorat olishni va namoz o‘qishni o‘rgandi hamda Qur’onning ba’zi kichik suralarini yod oldi. U erishilgan narsalaridan kifoyalanmay dinini o‘rganishni davom ettirdi.

Raxul Islomga kirgandan keyin tutayotgan ro‘zasini Islomdan avvalgi ro‘zadan farqi haqida savolga javoban shunday dedi:

"Albatta, ular orasida farq bor. Islomdan avval tutgan ro‘zam bu faqatgina ovqat va ichimlikdan voz kechish edi. Islomni qabul qilganimdan keyingi ro‘za esa haqiqiy ro‘zadir. Bunda duo, namoz, sadaqa, miskin va bechoralarga yordam, uyqudan voz kechib masjidda taxajjud namozini ado etish, halovat va boshqa biror but yoki hayvonga qiyoslab bo‘lmaydigan Alloh taolo oldidagi bandalik bordir".

Ro‘zaga bo‘lgan muhabbati sababidan Islomga kirgandan so‘ng u ismini Rayyonga o‘zgartirdi. U bu ishni uning ismi Alloh taolo ro‘zadorlar kirishini va’da qilgan jannatning Rayyon eshiklari haqida eslatib turishi uchun qildi.

Manba: Islom.uz

. .