ULUGʻLAR ULUGʻI
Muallif: . .
Sana: 08.01.2023
591

Maykl Hart “Tarixda oʻtgan yuz ulugʻ kishi” degan kitob yozib, ulugʻ kishilar silsilasini Paygʻambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam bilan boshlaganligini bilasizmi? Vaholanki, oʻzining ilohi va xaloskori Masih alayhissalomni uchinchi oʻrinda zikr qilib oʻtadi. Nima uchun Masih alayhissalomni keyin, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni biriinchi zikr qilganini bilasizmi? Bu savolga muallifning oʻzi javob berib, shunday deydi: “Tarixda butun dunyoga katta taʼsir koʻrsatgan shaxslar roʻyxatida birinchi oʻringa Muhammad sollallohu alayhi vasallamni tanlaganim baʼzi kitobxonlarni hayron qoldirishi mumkin. Shuni unitmasligimiz kerakki, insoniyat tarixida ham diniy, ham dunyoviy jihatdan batamom muvaffaqiyatga erishgan yagona kishi Muhammad sollallohu alayhi vasallamdir. Muhammad sollallohu alayhi vasallam dunyodagi eng katta dinlardan birining tamal toshini qoʻydi va uni tarqatdi. Shuningdek, katta taʼsirga ega siyosiy qoʻmondon boʻlgan edi. Uning vafot etganiga oʻn uch asrdan koʻp muddat boʻlgan boʻlsa-da, taʼsiri hamon kuchli boʻlib, keng ravishda tarqalib bormoqda”. Shundan keyin Maykl Hart Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning arab qabilalarini birlashtirishga sarflagan kuchlari va aql bovar qilmas Islom fathlari haqida gapirib oʻtgan. Bu fathlar natijasida musulmonlar qisqa fursatda hududi Hindistondan to Atlantika okeanigacha choʻzilgan imperiya tuza olgan edilar. Tarix hozirgacha bunday ulkan imperiyani koʻrgani yoʻq. Muallif ushbu kitobda fath asosida Islom kirib borgan hududlardan ancha yiroq boʻlgan Hindiston, Afrika mamlakatlari, Indoneziya va boshqa davlatlarga Islom kirib borishi haqida ham gapirib oʻtgan. Islom bu yerlarga biror jang yoki urushsiz kirib borgan. Buning oʻzi ham baʼzilarning tasavvuridagi Islom dini qilich bilan tarqalgan degan fikrni notoʻgʻri ekanini isbotlaydi. Maykl Hart Islom Paygʻambarini Masih alayhissalomdan oldin zikr qilganiga ikki sababni keltirib oʻtgan. Birinchi sabab: Islom dinida Muhammad sollallohu alayhi vasallamning taʼsiri Masih alayhissalomning nasroniylik dinidagi taʼsiridan koʻra kuchliroq. Chunki ruhoniy Pavel nasroniylik dini taʼlimotlarining rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatgan. Nasroniylik diniga daʼvat qilish qoidalariga Pavel asos solgan. Qolaversa, Yangi ahddagi aksar matnlarning muallifi ham Paveldir. Ikkinchi sabab: Paygʻambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam diniy rahnamoligidan tashqari dunyoviy qoʻmondon ham edi. Masih alayhissalom unday boʻlmagan. Maykl Hart Masih alayhissalom haqida gapirgandan soʻng u zotning soʻzlarini iqtibos qilib keltiradi: “Dushmanlaringizni yaxshi koʻring, sizlarni laʼnatlaganlarga baraka tilang va sizlarga yomonlik qilganlarga yaxshilik qiling”. “Yomonlikka javob qaytarma! Balki oʻng yuzingga urgan kishiga chap yuzingni ham tut!” Maylk Hart bu soʻzlar hayotiy emas, shuning uchun biror kishi unga ergashmagan deydi. Bu soʻzlarni hech kim qabul qilmagan. Nasroniylar bu soʻzlarga yer yuzi aholisini boshqarishga yaramaydigan ideal fikrlar deb qaraydi. U shunday deydi: “Biz bu soʻzlarni bajarmaymiz va biror kishi bajarishini kutmaymiz ham”. Biz bu soʻzlar bilan Masih alayhissalomning obroʻlarini toʻkmoqchi emasmiz. Chunki musulmon kishi Masih alayhissalom Alloh taolo insonlarga yuborgan eng ulugʻ paygʻambarlardan biri deb eʼtiqod qiladi. Lekin Maykl Hart butun dunyoga paygʻambar boʻlib kelish va maʼlum hududga paygʻambar boʻlib kelish nima ekanini tushuna olmaydi. Chunki Masih alayhissalomning paygʻambarligi Bani Isroilga xosdir. Masih alayhissalom ham bu soʻzlarni aytib oʻtganlar. Matto Injili (15/24): “Masih: Men faqat Bani Isroilning adashgan qoʻzichoqlari uchun yuborildim”, dedi». Bu Masih alayhissalomning risolati faqat yahudiylarning oʻzigagina qaratilgan va ularning adashganlarini toʻgʻrilash uchun yuborilgan ekan. U zot Matto Injilida shunday deydi (5/17): “Meni Nomus yoki boshqa paygʻambarlar (olib kelgan din)ni bekor qilish uchun keldi, deb oʻylamanglar! Men (ularning risolatini) toʻldirish uchun keldim!”. U zotning bu soʻzlaridan u zot olib kelgan din Muso alayhissalomning risolatlarini toʻldirish uchun va faqat Bani Isroilga qaratilganini tushinish mumkin. Lekin nasroniylik taʼlimotlarini Masih alayhissalom emas, balki Pavel aytganiga hech qanday shak va shubha yoʻq. Bu soʻzlar qayoqda-yu, Alloh taoloning Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqlarida aytgan soʻzlari qayoqda: “Biz seni faqat olamlarga rahmat qilib yubordik” (Anbiyo surasi, 107-oyat), “Biz seni barcha odamlarga faqat xushxabarchi va ogohlantirguvchi qilib yubordik” (Sabaʼ surasi, 28-oyat). Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Menga oʻzimdan oldingi biror paygʻambarga berilmagan besh narsa ato etildi: menga bir oylik masofadan turib (dushmanlar qalbiga) qoʻrquv tushishi bilan yordam berildi. Menga yer yuzi masjid va poklovchi qilib berildi, ummatimdan har bir kishi namoz vaqti kirib qolsa (yerda boʻlsa ham), oʻqiyveradi. Menga oʻljalar halol qilindi, mendan oldingi biror kishiga halol qilinmagan edi. Menga shafoat ato qilindi. Har bir paygʻambar faqat oʻzining qabilasiga yuborilar edi, men butun insoniyatga yuborildim”. Imom Muslimning rivoyatlarida: “Men bilan paygʻambarlik oʻz nihoyasiga yetdi”, deyilgan. Muhammad sollallohu alayhi vasallam paygʻambarlar va rasullar xotamidir. U Zotdan keyin paygʻambar ham, risolat ham yoʻq. Shuning uchun u Zotning shariatlarida sogʻlom aql inkor qiladigan narsaning oʻzi yoʻq. Masih alayhissalomning shariatlari esa maʼlum zamonga va faqat yahudiylargagina qaratilgan edi. Shu sababdan ham hozirgi kunda aksar nasroniylar oʻzlarining muqaddas kitoblarida bayon etilgan taʼlimotlardan yuz oʻgirmoqda. Chunki ular Maykl Hart aytib oʻtganidek, bu taʼlimotlar hayotiy (real) emas va dunyoni boshqarishga yaramaydi, deb oʻylaydilar.

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning

ulugʻliklaridagi sirlar» kitobi asosida

Rahmatulloh Ahmadjon oʻgʻli tayyorladi.

Manba siyrat.uz

. .