QIZIQ VOQEA
Muallif: . .
Sana: 04.05.2023
285

Otam rahmatli tavba umidida gunoh qilib yurganlarni hashoratlar chaqqanda oʻqiladigan ruqyani bilishiga ishonib, oʻzini chayonga chaqtirgan insonga oʻxshatardilar. Bu toʻgʻrida Devband “Dorul ulum”da ishlab yurgan kezlarida sodir boʻlgan ajoyib bir voqeani aytib bergandilar. Kechqurun otam chiroq nurida ish qilib oʻtirganlarida onam bir yumushlari tufayli narigi xonaga chiqmoqchi boʻlganlar. Lekin, hashoratlar chaqib olishidan qoʻrqib, chiroqni soʻraganlar. Uyda birgina chiroqdan boshqasi boʻlmagan. Qilayotgan ishlariga kimdir xalaqit berishi otamga maʼqul kelmasdi. Shunda u kishi onamga: “Chaqsa zarari yoʻq. Chunki men unga qarshi ruqyani bilaman”, deganlar. Oʻsha uyga chiroqsiz kirgan onamni Allohning taqdiri bilan chayon chaqib olibdi. Otam qayta-qayta ruqya oʻqisalar ham, zaharning taʼsiri ketmabdi. Tajribadan oʻtgan, odamlarga oʻqiganlarida zararni ketgazgan boshqa yoʻllarni qilib koʻrsalar ham, foyda bermabdi.

Otam bu voqeadan uchta dars olganlarini aytardilar:

1) Inson oʻzini oliy sanab, xuddi Allohga ehtiyoji yoʻqdek katta gapirmasligi kerak;

2) Ruqya, dori vositalari, boringki, hamma narsa qanchalik tajribadan oʻtgan taʼsirli boʻlishiga qaramay, taʼsir etishda Allohning irodasiga muhtojdir;

3) Bu voqea hali tavbaga fursat topishiga ishonib, gunoh qilayotgan insonning misolidir. Xuddi ruqya yordamga kelmaganidek, gunoh qilib yurgan insonga tavba fursati topilmasligi, balki undan oldin oʻlim kelib qolishi mumkin. Bordi-yu, tavba qilishga vaqt qolgan taqdirda ham Alloh unga tavbaga tavfiq berishiga kim kafil boʻladi. Balki Alloh uning tavbaga qasd qilishidan uni mahrum qilib qoʻyishi mumkin. U esa keyin tavba qilishi va Alloh uni kechirishiga ishonib, koʻra-bila turib harom va qaytarilgan amallardan toʻxtamaydi.

Nima boʻlganda ham, vaqt oʻtaveradi, toʻxtamaydi. Inson uni gʻaflat bilan oʻtkazmasligi kerak. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sogʻlik lahzalari va boʻsh vaqtni gʻanimat bilishga chaqirganlar. Biror musibat, kasallik yoki oʻlim sababli amal qilishga qodir boʻla olmaydigan kun kelishidan oldin oxirat zaxirasi uchun harakat qilishga chorlaganlar.

Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning asar va maqolalari asosida

Toshkent Islom instituti katta oʻqituvchisi Abdulhodiy Gʻiyos tayyorladi.

Manba muslim.uz
. .