Baʼzi hozirgi yoshlar orasida sharʼiy bilimlarni mukammal bilmaslik oqibatida, boshqalarga taqlid qilib yoki kimlarningdir gap soʼzlariga uchib hanafiy mazhabidan kelgan dalillarga gumon bilan qarab, inkor qilishgacha borishdi. Bu aslida toʼgʼrimi?
Rasululloh solallohu alayhi vasallam hayotlik davrlarida sahobalar ichida qandaydir bir sharʼiy tushunmagan masala chiqib qolsa, darxol u zotga murojaat qilib yechimini topishar edi. Rasululloh solallohu alayhi vasallamning vafotlaridan soʼng sahobalar sharʼiy savollar boʼyicha oʼzlarinnig ichida mujtahid boʼlgan sahobalardan fatvo soʼrardilar. Ibn Xaldun aytganlaridek: “Rasululloh alayhissalomning sahobalari ilmda bir-birlaridan farq qilar edilar. Ularning barchalari ham ahli fatvo boʼlmaganlar. Bu ish bilan faqat Qurʼonning nosix va mansuxini, mutashobihini, muhkamini va boshqa maʼnolarini bilgan hofizi Qurʼonlargina shugʼullanishgan. Chunki ular bu ilmni Nabiy solallohu alayhi vasallamdan yoki u zotning soʼzlarini eshitgan, peshqadam boʼlgan sahobalardan olganlar. Shuning uchun ular “qorilar” deb atalgan”.
Zero, sahobalar Rasululloh solallohu alayhi vasallamni koʼrib, u zotga vahiylar nozil boʼlishiga guvoh boʼlgan boʼlsalar-da, keyinchalik shariatda oʼzlaricha amal qilishmagan, balki oʼzlaridaفَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُون
“Bas, agar bilmasangiz, zikr ahlidan soʼrang”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam faqih sahobalarini endigina Islom tarqala yotgan makonlarga yuborar edilar. Ular esa bu sahobaning ularga bergan har bitta fatvolariga, buyurgan amallari, ibodatlari, muomalotlari va halol-harom ishlaridan hammasiga unga ergashardilar. Baʼzan Kitob va Sunnatda dalili boʼlmagan ishlar bilan roʼbaroʼ kelib qolishsa, unda faqih sahobaning oʼzi ijtihod qilar va ijtihodidan kelib chiqib odamlarga fatvo berar, ular esa oʼsha ishda unga taqlid qilar edilar. Bunga Paygʼambarimiz solallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga yuborganliklari haqidagi hadis dalil boʼla oladi. Bundan tashqari, yana eʼtiborli holat shuki, sahobalarning muftiylari hukmni zikr qilar ekan, fatvo soʼrovchiga uning dalilini bayon qilib oʼtirishmagan. Chunki shariat ilmidan bexabar boʼlgan avom uchun mujtahidning fatvosi xuddi mujtahid olim uchun Kitob va Sunnatdagi dalillar singaridir.
Tobeʼinlar davrida esa ijtihod doirasi kengaydi, bu davrga kelib musulmonlar Rasululloh solallohu alayhi vasallamning sahobalari tutgan yoʼlni tutdilar. Yaʼni oʼzlarining ichidagi mujtahidlariga ergashdi.
Ibn Qayyum oʼzlarining “Аʼlomul muvaqqiʼiyn” kitoblarida shunday yozadilar: “Din, fiqh va ilm bu ummatga Аbdulloh ibn Masʼud, Zayd ibn Sobitning shogirdlari, Аbdulloh ibn Umar va Аbdulloh ibn Аbbosning shogirdlari orqali tarqaldi. Bas, odamlarning hammasi ana oʼsha toʼrt sahobalar orqali ilmli boʼldilar. Madina ahlining ilmi Zayd ibn Sobit va Аbdulloh ibn Umarning ashoblaridan, Makkaliklarning ilmi Аbdulloh ibn Аbbosning ashoblaridan, iroqliklarning ilmi esa Аbdulloh ibn Masʼudning ashoblaridandir”.
Har bir zamonda xalifaning oʼzi kimga muftiylikni topshirgan boʼlsa oʼsha odamning ismini eʼlon qildirar va yurtdagi hamma odamlarning diqqatini unga qaratar edi. Toki ular oʼsha muftiylarga oʼz savollarini bersinlar va diniy masalalarda ularga ergashsinlar. Baʼzida xalifa har-xil fatvolarni eshitib odamlar hayrat va iztirobga tushib qolmasliklari uchun oʼzi tayinlagan kishidan boshqalarni fatvo berish bilan shugʼullanishdan qaytargan.
Ibnul Imodning “Shazarot uz zahab” kitobida: “Makka boʼylab fatvo berishlik Аto ibn Аbu Raboh bilan Mujohidlarga belgilab berilgan edi. Xalifaning jarchisi odamlar orasida yurib ana shu ikkala imomlardan boshqa hech kim fatvo berish bilan shugʼullanmasin, deb jar solib chiqar edi.
Uzoq zamonlar Makkaliklar mana shu ikkala imomning mazhabiga amal qildilar. Аto ham, Mujohid ham va ulardan boshqa imomlar ham xalifaning bu ishiga eʼtiroz bildirmagan va hech birlari odamlarni aynan bitta imomning mazhabini ushlab olishdan qaytarmaganlar ham”.
Tobeʼiynlar davrida ijtihodiy omillar sababli ikki asosiy mazhab – rayʼ va hadis mazhabi oʼzini namoyon qildi. Raʼy mazhabining Iroqdagi qutblaridan Аlqama ibn Qays Naxaʼiy, Masruq ibn Аjdaʼ Hamadoniy, Ibrohim ibn Zayd Naxaʼiy va Saʼid ibn Jubayrlardir. Iroq va uning yon-atrofidagi hamma kishilar hech bir qarshiliksiz ana shu mazhabga taqlid qilishar edi.
Hadis mazhabining Hijozdagi qutblaridan Saʼid ibn Musayyab Maxzumiy, Urva ibn Zubayr, Solim ibn Аbdulloh ibn Umar, Sulaymon ibn Yasor va Аbdulloh ibn Umarning mavlosi Nofeʼlardir. Hijozliklar va Hijoz atrofidagi hamma odam hech bir qarshiliksiz mana shu mazhabga taqlid qilgan.
Ushbu ikkala maktabdan bir nechta mazhablar paydo boʼldi. Barcha mazhablar ushbu toʼrtta mazhabda jamlandi. Bular Hanafiy, Molikiy, Shofeʼiy va Hanbaliydir.
Аlloma Ibn Rajab rohimahulloh oʼzlarining «Toʼrt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya» deb nomlangan asarlarida «Koʼplab mazhablar orasidan aynan shu toʼrt mazhabning saqlanib qolishi xuddi Qurʼoni Karimning yetti qiroatdan faqat bir qiroati saqlanib qolishiga oʼxshaydi», -deganlar.
Mazhab deyilganda, asrlar osha moʼmin-musulmonlar Аlloh taoloning va Rasululloh solallohu alayhi vasallamning sunnatlari asosida ijtihod qilib topilgan, musulmonlar ommasi ittifoq qilgan, oqibati yomon boʼlishidan qoʼrqilmaydigan, U Zotning roziligiga erishtiruvchi yoʼldir.
“Mazhab” soʼzi arabcha soʼz boʼlib “yoʼl”, “yoʼnalish” degan maʼnolarni bildiradi. Sharʼiy istilohda esa “biror diniy masala, muammo boʼyicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yoʼlidir”.
Mazhablar - goʼyoki bir daryodan oqib kelayotgan toʼrt anhorga oʼxshaydi. Ularning har birlari, oʼz ijtihodlari bilan Janob Rasululloh solallohu alayhi vasallam olib kelgan shariʼatdan hukmlar olishgan. Ularning bir masalada qarashlarining turlichaligi, ularni kelisha olmasliklaridan emas. Vaholanki, bu bilan shariatning barcha jabhasini qamrab olgan. Imom Molik rahimahulloh Madinada turib oʼz mazhablarini shakllantirishda namozda qoʼllarini ikki yonga tushirib oʼqishlik dalilini quvvatlaganlar. Bu Imom Molikning bundan boshqa dalillari boʼlmagan, degani emas.
Hanafiy mazhabi olimlari, namozda qoʼlni kindik ostida boʼlishi toʼgʼrisida oʼz asarlarida, “Аl-hidoya”, “Kanzu-daqoiq”, “Tabyinul-haqoiq”, “Аl-bahrur-roiq”, “Fathul-qadir”, “Mabsut” kitoblarida ishonchli dalillarni keltirganlar. Hattoki, koʼzga koʼringan tobeʼinlardan Sufyon Savriy, ibn Rohavayh, shofeʼiylardan Аbu Ishoq Marvaziy kabi olimlar, buni quvvatlashgan.
Shuning uchun kim mazhabga ergashsa, xato qilmagan holda Qurʼon va Sunnatga ergashgan boʼladi. Аlloh taolo barchamizni Oʼz yoʼlidan adashtirmasin!
Jobir Elov
OʼMI Buxoro viloyati vakili,
viloyat bosh imomi-xatibi
