SOHIBQIRON AMIR TEMUR PIRLARI
Muallif: . .
Sana: 30.06.2020
20744

Pirsiz kirma jangohga hech dam,

Iskandari zamon bo’lsang ham.

Maxdumi A’zam

Amir Temur, Temur, Temurbek (to‘liq ismi Amir Temur ibn Amir Tarag‘oy ibn Amir Barqul) Kesh (hozirgi Shahrisabz) shahri yaqinidagi Xoja Ilg‘or qishlog‘i (hozirgi Yakkabog‘ tumani) O‘tror shahri, Samarqandda dafn etilgan) — o‘rta asrning yirik din va davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi. Amir Temurning onasi Takina xotun buxorolik. Otasi amir Tarag‘oy esa barlos urug‘ining oqsoqollaridan hamda Chig‘atoy ulusining e’tiborli beklaridan hisoblangan. Uning ajdodlari Kesh viloyatida hokimlik qilishgan. Shu bois Amir Temurning otasi amir Tarag‘oyni ham yilda bir marotaba Ili daryosi bo‘yida xon tomonidan chaqiriladigan el-yurt beklarining qurultoyiga taklif etilar va u bunday yig‘inlarda muttasil qatnashar edi. Shu bilan birga u, Sharafuddin Ali Yazdiyning ta’kidlashiga ko‘ra, “ulamo va sulaho va muttaqiylarg‘a mushfiq va mehribon erdi va bularning majlisiga borur erdi…”. Tarag‘oybek piri Shamsuddin Kulolni ayniqsa chuqur ehtirom qilgan. Keyinchalik shayx Kulol Amir Temurning ham piri bo‘lgan. Bir rivoyatga ko’ra, Xoja Shamsuddin Amir Temurning tavalludini va jahongirlik saodatini oldindan karomat qilgan. Unda aytilishicha, amir Tarag’ay bir tush ko’radi. Tushida unga shamshir beribdilarki, uning shu’lasidan butun olam munavvar bo’libdi. O’sha holda qo’lidan chor tarafga favvora yanglig’ suv otilib, yerni qoplabdi.

Bundan mutaassir bo’lgan amir darhol piri Xoja Shamsuddin huzuriga kelib, tushini aytib beribdi. Xoja bir zum o’yga botib, bunday debdi:»Ey amir Tarag’ay, sening nasling xonadoni saltanat bo’lg’ay va ul saltanatni sendan tug’ilajak farzand tiklag’ay. Ul farzand olamni shamshir birla zabt aylagay va zamona, tobe’lar va xaloyiq andin mamnun bo’lg’ay».

Boshqa bir rivoyatga ko’ra, Amir Temurning muborak ismini ham Xoja Shamsuddin qo’ygan. Bu xususda «Tarjimai hol» asarida amir Tarag’ay tilidan aytilgan hikoya mavjud. Unda yozilishicha, amir Tarag’ay aqiqa marosimi vaqtida farzandini xoja huzuriga olib boribdi. Amir xonaqohga kirgan paytda Shayx Shamsiddin Qur’oni karimning "Mulk" surasining 16 - oyatini:

ءأمنتم من في السماء أن يخسف بكم الأرض فإذا هي تمور

o’qiyotgan ekan, Xoja shunda bosh ko’tarib aytibdiki: «Ey amir, ushbu mukarram oyatdagi «tamuru» so’zi sharafiga farzandingga Temur ismini berdik!»

Amir Temurning yoshlikdanoq mashhur din ulamolari va shayxlarga e’tiqodi baland bo‘lib, buni padari buzrukvori Amir Tarag‘aydan o‘rgangan edi.

Sohibqironning bir necha pirlari bo‘lgan, ularni ikki guruhga ajratish mumkin.

Birinchi guruhga ruhoniyatli pirlar, ya’ni Sohibqiron tug‘ilgunga qadar yashab o‘tishgan tabarruk zotlar – Turkiston mulkining shayx ul-mashoyixi Xoja Ahmad Yassaviy, Sulton Burhoniddin Qilich, Shayx Nuriddin Basir (Qutbi Chahordahum), Shayx Burhoniddin Sog‘arjiy va Shayx Safiuddin Yoqub Ardabiliylardir. Sohibqironning mazkur zotlar ruhlariga ehtirom ko‘rgizib, har biriga alohida maqbaralar tiklagani, avlodlarini e’zozlab kelgani ularni o‘ziga pir tutganining isboti bo‘la oladi.

1397-yil kuz oylarida Amir Temur Toshkent sari ravona bo‘ldi, undan o‘tib Yassiga bordi va Xoja Ahmad Yassaviy mozorini ziyorat qildi. "Bu aziz Muhammad Hanifa o‘g‘lonlaridin turur, alayhi va ala olihi vassalom", – deydi Sohibqiron pir turbatini tavof aylar ekan. "Buyurdikim, – deb yozadi Sharafiddin Ali Yazdiy "Zafarnoma"da, – ul mozor ustiga imorati oliy soldilar va bir ulug‘ toq (gumbaz) bog‘ladilarkim, ko‘k bila so‘zlashur erdi...".

Ikkinchi guruhga Sohibqironning zamondoshlari, Ulug‘ amir bevosita e’tiqod etgan va irodat yo‘lini bergan pirlar – Shayx Shamsiddin Kulol, Shayx Zayniddin Abu Bakr Toybodiy, Mir Sayyid Baraka hisoblanadilar. Ba‘zi manbalarda Mir Amir Kulol hazratlari ham Amir Temur shayxlaridan bo‘lgan, taxminan, 1363 yilda tanishadi deb keltirilgan. Amir Temur hazratlariga pirlari tomonidan bir necha ikromlar tortiq etilgan. Jumladan, Shayx Zayniddin Abu Bakr Toybodiy Amir Temurga «Kuch-adolatda» so‘zlari o‘yib yozilgan tillo uzuk, Mir Sayyid Baraka esa birinchi uchrashuvdayoq saltanat timsoli bo‘lgan nog‘ora va bayroq tuhfa qilgan edilar. O‘zining ruhiy madadi, ko‘magi bilan hamisha Sohibqironga kamarbasta bo‘lgan Mir Sayyid Baraka to so‘nggi nafasgacha Sohibqiron Amir Temur bilan birga umrguzaronlik qildi.

Ushbu pirlar haqida tarixiy manbalarda ("Temur tuzuklari"; Nizomiddin Shomiy. "Zafarnoma"; Sharafiddin Ali Yazdiy. "Zafarnoma"; Ibn Arabshoh. "Amir Temur tarixi"; Fasih Havofiy. "Mujmali Fasihiy"; Hafizi Abro‘. "Zubdat ut-tavorix" va hokazo) ma’lumotlar keltirilgan.

Sohibqiron shariat arkonlarini mustahkamlash, islom dini qonun-qoidalariga qatʼiy rioya qilinishiga alohida eʼtibor berdi. Islom dinini yoyishga butun kuch-quvvatini sarfladi. Tarixda islom dini va uning qonun-qoidalarining otashin homiysi sifatida nom qoldirdi.

ULUGʻ PIRLAR DUOSI IJOBAT BOʻLDI

Temur piri murshidlar, ruhoniy (maʼnaviy) ustozlarga oʻz saroyining toʻridan joy berdi. U har vaqt oʻzi ham shariat qonun-qoidalariga qatʼiy amal qildi. Tarixchi Ibn Arabshohning qayd etishicha, shayx Shamsiddin Kuloldan olgan duosini Sohibqiron doimo oʻz muvaffaqiyatlarining eng birinchi sababi deb bilgan.

Amir Temur pirlaridan biri, asli Makka shahridan boʻlgan Sayyid Baraka 1370-yilda Balx qalʼasi egallanishidan oldin Temurning oldiga keladi. Ulugʻ shayx Sayyid Baraka Temurga hokimiyat ramzi hisoblangan nogʻora va bayroq tutqazib, uning porloq kelajagidan bashorat qiladi.

Bundan tashqari, Sayyid Baraka oʻz duosi bilan Sohibqironning gʻanimlarga qarshi kurashida ham uni qoʻllab-quvvatlaydi. Masalan, Ibn Arabshohning maʼlumot berishicha, 1391-yilda oʻrta asrlardagi eng yirik janglardan biri – Qunduzcha jangi oldidan Sayyid Baraka duo qilib, omad tilagani uchun Amir Temur undan gʻoyatda mamnun boʻlgan.

1391-yil 18-iyun – jang kuni erta tongda Sohibqiron qoʻshini koʻz oʻngida otdan tushib, Allohdan madad tilab ikki rakat namoz oʻqiydi. Har ikki tomondan 500 mingga yaqin jangchi ishtirok etgan muhoraba Sohibqiron gʻalabasi bilan yakunlanadi.

DAMASHQQA TASHRIFNI JOMEDAN BOSHLAGAN

Temur oʻzi zabt etgan mamlakatlarda ham ruhoniy rahbarlarni himoyasiga olardi. Koʻpincha ular shaxsan Sohibqiron huzuriga keltirilardi. Amir Temurda katta taassurot qoldirsalar, ularni oʻz saroyida yoki Samarqandda xizmat qilishga taklif etar yoki oʻz mamlakatlarida qolishlariga bagʻrikenglik bilan ruxsat berardi. Temur din ulamolarini doimo omonlikda saqlagan.

Sohibqiron aziz avliyolar hurmatini bajo keltirib, ular xotirasiga alohida ehtirom bilan qaragan. Oʻrta asr tarixchilari tomonidan manbalarda qayd etilishicha, “Dunyo jannati” deb atalgan Damashq shahrida turganida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ayollari Umm Salama va Ummu Habiba onalarimizning maqbaralari ustiga munosib gumbazlar qurdiradi. Damashqqa kelganining birinchi kuniyoq Temur, eng avval, umaviylarning mashhur Jomesini ziyorat qilib, unda namoz oʻqiydi.

Tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida keltirilishicha, Amir Temur tasavvufning mashhur namoyondalaridan biri, xalq orasidagi “Madinada Muhammad, Turkistonda Xoja Ahmad” degan naql sohibi Ahmad Yassaviyning Yassi shahridagi qabrini koʻp ziyorat qilgan. Uning farmoniga koʻra bu tabarruk shayxning qabri ustida ulkan maqbara majmui bunyod etilgan. Binoning loyihasini ishlab chiqishda Temurning oʻzi shaxsan ishtirok etgan.

SOHIBQIRONNING QATʼIY ODATI

Mualliflar jamoasi tomonidan yozilgan “Amir Temur jahon tarixida” nomli kitobda qayd etilganidek, aziz avliyolarning mozorlarini va muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish Sohibqiron uchun qatʼiy odat edi. Temur har qachon, hatto harbiy yurishlari paytida ham bu odatga soʻzsiz amal qilardi. Aziz avliyolarning mozorlari joylashgan shaharlarga zoti poklarning hurmati yuzasidan ziyon-zahmat etishiga yoʻl qoʻymasdi.

Mashhur arab tarixchisi va mutafakkiri Ibn Xaldun (1332–1406) qamal qilingan Damashqqa kelib qoladi. Shu asnoda u Amir Temur tomonidan qabul qilinadi va ikki buyuk inson oʻrtasida uzoq va maroqli suhbat boʻlib oʻtadi. Uchrashuv chogʻida mashhur tarixchi Sohibqironga Qurʼoni karimning goʻzal bir nusxasini hadya qilganda Amir Temur shoshilinch oʻrnidan turib, muqaddas kitobni oʻpib boshiga qoʻyadi.

Amir Temur boshqa davlatlar, ayniqsa, musulmon davlatlari boshliqlariga yoʻllagan maktublarida Qurʼon oyatlaridan koʻp foydalanardi. Masalan, 1393-yilda quldan chiqqan hukmdor – Misr sultoni Barquqqa joʻnatgan ikkinchi maktubida Sohibqiron tegishli oʻrinlarda etti marta muqaddas kitobdan oyatlar keltirib, oʻz fikrini ifoda qilgan.

Xulosa o’rnida aytadigan bo’lsak, Amir Temur hazratlari nafaqat buyuk sarkarda, davlat arbobi bolibgina qolmay avlodlarga munosib ma’naviy ustoz hamdir. Amir Temurga munosib farzand bolish faqatqina u zotni ismlarini tilga olish bilan emas, balki, hayotlarini organib, xulqlari bilan xulqlanish ila yetishiladi.

YUNUSOV OTABEK

Mir Arab oliy madrasasi talabasi

. .