KASB HAQIDA
Muallif: . .
Sana: 30.12.2022
1971

Rizq Allohdan, harakat esa bandadandir. Ushbu maqolada rizq talabi uchun haarkat qilish darkorligi haqida qisqacha to’xtalamiz. Mavzuning ifodasini juda ko’p kitoblardan topish mumkin. Jumladan, Buxorolik faqih Burhoniddin Mahmud ibn Sodrush sharianing “Muhit” kitobida ushbu masala borasida bir qancha masalalar zikr qilingan bo’lib, quyida shular haqida iqtibos keltiramiz.

Imom Muhammad r.a. o’zi yozgan “Kasb” kitobini Abdulloh ibn Mas’ud r.a.dan rivoyta qilingan hadis bilan boshlaydi. Unga ko’ra Rosululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deydilar: “Ilm talab qilish farz bo’lgani kabi (halol) kasb qilish ham har bir musulmon kishi uchun farzdir”. Zero, Alloh taolo O’z bandalariga bir nechta narsani farz qildi. Ushbu farzlarni ado qilishning birdan-bir yo’li bu kasbdir. Demak, kasb ham xuddi namozning tahorati kabi farz hisoblanadi.

Buning batafsil bayoni shuki, kishi farzlarni bajarishi uchun unga badanning quvvati kerak bo’ladi. Badanning quvvati esa ozuqasiz hosil bo’lmaydi. Ozuqa uchun, albatta, kasb kerak bo’ladi. Shunday ekan, kasb qilish ham kishining farzi sanaladi. Shuningdek, namoz uchun tahorat shart qilingan. Avvalo, tahorat qilish uchun idish kerak bo’ladi. Tahorat idishiga ega bo’lish uchun ham kasb zarurdir. Undan tashqari namoz uchun satr avrat (avratlarni to’sish) shart qilingan. Satr avrat uchun kiyim kerak bo’ladi. Kiyimga esa faqat va faqat kasb bilan erishiladi. “Farzlarni ado qilishning birdan-bir yo’li bu kasbdir”, degan gapning ham ma’nosi shudir. Shunday ekan, halol kasb qilish mo’minning farzi sanaladi.

Kasb qilish qanday ham farz bo’lmasin? Axir Alloh taolo O’z kalomida bandalarni tijoratga buyurganku: “Namoz ado qilingach, yer yuzida tarqalinglar va Allohning fazlidan talab qilinglar” (“Jum’a surasi, 10-oyat). Ushbu oyatdan tijorat iroda qilingan. Allohning buyrug’i farzlikni ifodalaydi.

Undan tashqari, kasb bu Payg’ambar va Rosullarning yo’lidir. Yer yuzida kasb qilgan eng birinchi shaxs otamiz Odam alayhis salomdir. Chunki, u kishi yerga tushirilgan vaqtlarida Jabroil alayhis salomdir bug’doy keltirib, uni ekishga buyuradi. Shunda u zot bug’doyni yerga qadab, sug’oradi. Hosil pishgach, uni o’radi, yanchiydi, un qilib non yopadi. Shuningdek, Nuh alayhis salom ham duradgorlik bilan tirikchilik qilar edi. Idris alayhis salom esa tikuvchi edi. Ibrohim alayhis salom esa bo’zchi bo’lgan. Bu borada Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir hadis ham rivoyat qilingan: “Bo’zchilikni lozim tutignlar. Zero, otangiz Ibrohim bo’zchi edi”. Dovud alayhis salom sovut yasaydigan temirchi edi. Sulaymon alayhis salom esa savat to’qir edi. Zakariyyo alayhis salom duradgor bo’lgan. Iso alayhis salom onasi to’qigan matolari bilan gohida boshoq terib kun kechirgan. Shundan ma’lumki, kasb qilish bu payg’ambar alayhis salomlarning tutgan yo’li ekan. Bizlar esa quyidagi oyati karima bilan ularning yo’lini mahkam tutishga buyurilganmiz: “Ular (payg’ambarlar)ning yo’llariga ergashing” (“An’om surasi, 90-oyat).

Kasbning bir nechta darajalari bordir. Avvalo, har bir kishiga belining quvvatiga kifoya qiladigan miqdorda kasb qilishi farz bo’ladi. Shuningdek, ahli oilasi, norasida bola chaqasi bo’lsa, ularga ham kifoya qiladigan kasb bilan shug’ullanishi lozim bo’ladi. Zero, xotinning, voyaga yetmagan farzandlarning nafaqasi erga, otaga vojib bo’ladi. Demak ota, er bularning nafaqasi uchun ham ter to’kishi, kasb qilishi kerak bo’ladi. Undan tashqari kishining kambag’al ota-onasi bo’lsa, ular uchun ham yetadigan kasb qilishi darkor. Zero, bunday holdagi ota-onaning nafaqasi farzandning zimmasida bo’ladi. Demak, kishi o’zi, ahli oilasi, voyaga yetmagan farzandlari, kambag’al ota-onasining hojatiga kifoya qiladigan rizqni topish uchun kasb qilishi kerak bo’ladi. Undan ortiqcha kasb bilan shug’ullanish esa faxr va riyo kabi ishlar aralashmasa muboh bo’ladi.

Bundan kelib chiqadiki, halol kasbga riyokorlikning aralashib qolishi, o’sha kasbning nuqsoniga, qoralanishiga sabab bo’lar ekan. Shuning uchun musulmon kishi, avvalo, halol kasb qilishi hamda unda riyokorlikka yo’l qo’ymasligi lozim bo’ladi.

RO’ZIMUHAMMAD TO’XTASINOV

Mir Arab oliy madrasasi o’qituvchisi

. .