AYOL E’ZOZI
Muallif: . .
Sana: 04.01.2023
197

Ko’chalarda bittadan yoki ikkitadan chelakni to’ldirib, suv ko’tarib ketayotgan opa-singillarimizga ko’p bor ko’zimiz tushadi. Ayniqsa, bu holat qishloqlarda ko’proq ko’zga tashlanadi. Zero, qishloqlarda har bir xonadonga alohida suv quvurlari tushurilmagan bo’ladi. Shuning uchun ayol-qizlar suvlarni ko’chadan, ba’zi hollarda, ikki, uch mahalla narigi tomondan olib kelishiga to’g’ri keladi. Hatto ba’zi hollarda suv oldida ularning navbat kutib turishi ham voqelikda mavjud. Bir tomondan, bu ishlar ularning uy ishlaridan, ayollik yumushlaridan biri sifatida tabiiy qaraladi. Ammo, shar’iy jihatdan qaralganda, bu kabi ishlar kimning vazifasi hisoblanadi?

Bu haqda islom huquqida mo’tabar manbalardan biri “Muhit” asarida bunday deyilgan:

“Erkaklarga ayollar uchun suv olib kelib berish uchun idish tayyorlab qo’yishlari lozimdir. Zero, ayollarning suv ichishga ehtiyojlari bor. Ammo, ular anhorlar va hovuzlarning oldiga chiqishga imkoniyat qilolmaydilar. Zero, ular (uy yumushlari bilan band bo’lib) uyda qolishga buyurilgandir. Shuning uchun erlar o’z xotinlariga ko’chadan suv olib kirib berishlari darkor. Zero, shariat erkaklarga ayollarning ehtiyojlarini qondirishga buyurgandir. Ichimlik suvi ham ushbu hojatlarning biri sanaladi”.

Ushbu kichik maqola bilan aytmoqchi bo’lgan gapimiz shuki, islom shariati ayollarni shunday kichik jabhalarda ham e’tibordan chetda qoldirmagan. Bu so’zlarni zikr qilish bilan ayollar ko’chaga chiqmasin, suv olib kelgani ham bormasin demoqchi emasmiz. Ammo, bu va shu kabi ayolning ko’chadagi ehtiyojlarini qondirish erkaklarning vazifasi ekanini eslatib qo’ymoqchimiz, xolos. Darhaqiqat, hozirgi kunda ko’pchilik ayollar erlarining mas’uliyatsizligi tufayli ko’chalarda tirikchilik qilib yurishga majbur bo’lmoqda.

Islom shariati yuqoridagi kichik bir masala bilan biz erkaklarning vazifalaridan birini yodga solmoqda. Alloh barchamizni o’z mas’uliyatimizga vijdonan yondashadigan, ayol-qizlarimizni e’zozlaydiganlardan qilsin.

RO’ZIMUHAMMAD TO’XTASINOV

Mir Arab oliy madrasasi o’qituvchisi

. .