HAYRATDA QOLDIRGAN MAʼLUMOTLAR
Muallif: . .
Sana: 10.01.2023
342

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar boʻlsin.
Paygʻambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar boʻlsin.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Abu Zarr Gʻiforiy roziyallohu anhu yoki Abu Hurayra roziyallohu anhu kabi faqir boʻlmaganlar. Ammo ulardan afzal edilar.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Xabbob ibn Arat roziyallohu anhu yoki Bilol roziyallohu anhu, Sumayya roziyallohu anho, Yosir roziyallohu anhu kabi qiynoqqa solinmaganlar. Lekin ulardan afzal edilar.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Talha roziyallohu anhu, Abu Ubayda roziyallohu anhu, Xolid ibn Valid roziyallohu anhu kabi gʻazotlarda badanlari jarohatlanmadi, qoʻllari yoki oyoqlari ishlamay qolmadi. Biroq ulardan afzal edilar.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Hamza ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhu, Musʼab ibn Umayr roziyallohu anhu, Saʼad ibn Muʼoz roziyallohu anhu kabi shahid etilmadilar. Ammo ulardan afzal edi.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning boshqa sahobalardan bunday oʻzib ketishlarining siri nimada? Bu savolga Bakr ibn Abdulloh al Muzaniy rohimahulloh shunday deganlar: “Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu boshqa sahobalardan koʻp namoz oʻqish va koʻp roʻza tutish ila oʻzib ketmadilar, balki qalblari oʻrnashgan narsa ila oʻzib ketdilar”.

Ha, voqeamiz qahramonini ummatning peshqadami qilgan narsa qalb amallari edi. Shu qalb amallari u zotni hech bir orzu va himmat bilan yetib boʻlmaydigan maqomga olib chiqdi. Shu qalb amallari tufayli u zotning iymonlari Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning iymonlaridan keyingi iymon maqomiga koʻtarildi.

Biz bilamizki, iymon til bilan iqror boʻlish va qalb bilan tasdiqlashdir. Biz turli solih amallarni qilishga harakat qilaveramiz, ammo shu amallarning magʻzi, javhari boʻlgan narsalarni unutib qoʻyamiz. Bu narsalar qalbga tegishli hislardir.

Har bir ibodatning haqiqati va surati bor. Namozning surati rukuʼ, sajda, qiyom, qiroat va boshqa ruknlaridir. Namozning haqiqati, magʻzi esa xushuʼ va xuzuʼdir.

Roʻzaning surati subhdan to kun botgungacha roʻzani ochuvchi narsalardan tiyilishdir. Roʻzaning haqiqati va magʻzi esa taqvodir.

Hajning surati Safo va Marva orasida saʼy qilish, Kaʼbani tavof qilish, Arafotda turish, Muzdalifada tunash, shaytonga tosh otish va boshqa amallardan iborat boʻlsa, hajning haqiqati va magʻzi Allohning shiorlarini ulugʻlashdir.

Duoning surati qoʻlni koʻtarish, qiblaga yuzlanish, munojot qilish va Allohdan hojatlarini soʻrash boʻlsa, duoning haqiqati va magʻzi Allohga muhtojlikdir.

Zikrning surati tasbeh, tahlil, takbir va hamd aytish boʻlsa, uning haqiqati va magʻzi Xoliq taoloni ulugʻlash, Unga muhabbat qilish, Uning azobidan qoʻrqib, rahmatidan umidvor boʻlishdir.

Shunday ekan, tana aʼzolarimiz bilan bajariladigan amallardan avval qalb amallariga eʼtiborli boʻlishimiz kerak. Bir amalga kirishishdan oldin niyatni toʻgʻrilab, keyin oʻsha amalni ixlos va taqvo bilan bajarishimiz lozim. Qiyomat kuni sirlarimiz oshkor boʻladi, qalblarimizdagi yashirin narsalarimiz fosh boʻladi.

Agar dunyo yutuqlariga qadamlar bilan yurib borilsa, oxirat yutuqlariga qalblar bilan erishiladi.

Alloh taolo Qurʼoni Karimda shunday marhamat qilgan:


وَلَا تُخْزِنِي يَوْمَ يُبْعَثُونَ



“Va qayta tiriltiriladigan Kunda meni sharmanda qilmagin” (Shuaro surasi, 87-oyat).

Qiyomat kuni sharmanda qilmagin.

يَوْمَ لَا يَنفَعُ مَالٌ وَلَا بَنُونَ


“U Kunda na mol va na oʻgʻillar manfaat bermas” (Shuaro surasi, 88-oyat).

Ha, u Kunda iymon va solih amaldan boshqa hech narsa foyda bermaydi.

إِلَّا مَنْ أَتَى اللَّهَ بِقَلْبٍ سَلِيمٍ

“Kim Alloh huzuriga salomat qalb ila kelsa, mustasno” (Shuaro surasi, 89-oyat).

وَأُزْلِفَتِ الْجَنَّةُ لِلْمُتَّقِينَ

“Va jannat taqvodorlarga yaqinlashtirildi” (Shuaro surasi, 90-oyat).

Yaʼni, jannat bu dunyoda iymonu amali solih bilan, Allohning aytganini qilib, qaytarganidan qaytib oʻtgan taqvodorlarning koʻzlariga koʻrsatib qoʻyildi».

Alloh taolo boshqa bir oyatda:

وَأُزْلِفَتِ الْجَنَّةُ لِلْمُتَّقِينَ غَيْرَ بَعِيدٍ

“Va jannat taqvodorlarga uzoq boʻlmagan joyga yaqinlashtirildi”. (Qof surasi, 31-oyat).

Jannat qiyomat kuni taqvodor bandalarga yaqin keltirilib, koʻzlariga koʻrsatilishining oʻzi ularga boʻlgan katta bashoratdir. Ushbu sharafga kimlar erishadi va qaysi sifatlar yetkazadi?

هَذَا مَا تُوعَدُونَ لِكُلِّ أَوَّابٍ حَفِيظٍ

مَنْ خَشِيَ الرَّحْمَن بِالْغَيْبِ وَجَاء بِقَلْبٍ مُّنِيبٍ

«Bu sizga vaʼda qilingan narsadir, har bir sertavbaga va muhofaza qiluvchiga,

“Rohmandan gʻoyibona qoʻrqqan va qaytuvchi qalb ila kelgan kimsaga” (Qof surasi, 32-33 oyatlar).

Demak, qiyomat kuni jannat ahliga jannatni yaqinlashtirib, olib kelinadi va:

“Bu sizga vaʼda qilingan narsadir…” – deyiladi.

Yaʼni, “Bu dunyoda kim iymon bilan ibodat qilib yursa, jannatga kiradi”, deb vaʼda qilingan edi, ana oʻsha vaʼda qilingan jannat shu.

Undan soʻng jannat ahliga quvonch ustiga quvonch boʻlishi uchun, jannat kimlarga vaʼda qilingani alohida sanab chiqiladi:

“…har bir sertavbaga va muhofaza qiluvchiga, Rohmandan gʻoyibona qoʻrqqan va qaytuvchi qalb ila kelgan kimsaga”.

“sertavba...”

Qilgan gunohlariga zudlik bilan qayta-qayta tavba qilib yurgan shaxslar. Tavbaning ahamiyatini shundan bilsa ham boʻladi.

“muhofaza qiluvchi...”

Oyatda “muhofaza qiluvchi” deb qoʻyilganining oʻzi gʻoyat ulkan maʼnoni anglatadi. Nimani saqlash kerak boʻlsa, shuni saqlovchilar ushbu maʼnoning ichiga kiradi. Jumladan, shariat chizib qoʻygan chegarani saqlovchi, Allohga bergan ahdu paymonini saqlovchi va hokazo. Bu ham jannatiylarning sifatlaridan biri ekan.

“Rohmandan gʻoyibona qoʻrqqan...”

Rohman – Allohning sifatlaridan biri, gʻoyibona qoʻrqish – Uni koʻrmasdan qoʻrqishdir. Albatta, bu sifat juda ham zarur boʻlib, Alloh taolodan gʻoyibona qoʻrqmay turib, jannatga kirishni xayolga ham keltirmaslik kerak.

“qaytuvchi qalb ila kelgan...”

Allohning huzuriga qalbi kasal boʻlmay keluvchi. Qalbning salomatligi eng muhim sifatlardan ekani hammaga maʼlum. Alloh barchamizga qalb salomatligini nasib etsin.

Allohim, qalblarimizni Sening muhabbating ila toʻldirgin va hayotimizni toat-ibodatingda oʻtishini nasib etgin!

Nozimjon Hoshimjon tarjimasi

Xurshid Maʼruf tayyorladi

Manba islom.uz

. .