HANAFIY MAZHABINING YURTIMIZDA TARQALISHIGA SABABCHI BOʻLGAN OLIM ABU HAFS KABIR AL-BUXORIY (767-832)
Muallif: . .
Sana: 12.01.2023
1139

Hanafiy mazhabining yurtimizda tarqalishiga sababchi boʻlgan olim Abu Hafs Kabir al-Buxoriy (767-832)

Abu Hanifa rahmatullohi alayh asos solgan hanafiylik mazhabi VIII asrning oʻrtalarida, keng tarqala boshlab, shu asrning oxirlarida uzoq-yaqin oʻlkalarga, jumladan Mavarounnahr yetib kelgan edi. Turli shaharlardagi hanafiy markazlarining shakllanishiga Iroq, Xuroson maktablarining taʼsiri samoqli boʻldi. Muhammad ibn Hasan Shayboniy (vaf. 805-y.)ning shogirdi Abu Hafs Ahmad ibn Hafs al-Kabir al-Buxoriy (150/768-yili tugʻilib, 216/832-yil vafot etgan) Buxoro maktabiga asos soldi.
Uning toʻliq ismi sharifi-Ahmad ibn Hafs ibn Zaburqon ibn Abdulloh ibn Buxoriy. U oʻz yurtida egallashi mumkin boʻlgan barcha ilmlarni puxta oʻzlashtirgach, Bagʻdod sari yoʻl oladi. U yerda Imom Muhammad rahmatullohi alayhidan hanafiylik mazhabi fiqhini oʻzlashtirgach, yana oʻz yurtiga qaytib keladi. Shu bois, u hanafiylik taʼlimotini birinchi boʻlib Movarounnahrga olib kelgan shaxs sifatida maʼlum va mashhurdir.
Abu Hafs Ahmad ibn Hafs Kabir Buxoriy Buxorada ilmiy va diniy bilimlar rivojiga katta hissa qoʻshgan madrasaga asos soladi. Sharqshunos olim Anas Boqiyevich Xolidov butun arab saltanati hududida ilk bora Movarounnahr va Xurosonda madrasalar barpo etilganini zikr etib, birinchi madrasa Buxorodagi “Farjak” madrasasi degan fikrni ilgari suradi. Ushbu madrasa 937-yilgi yongʻin natijasida yonib ketgan. Shuningdek, Nojiy Maʼrufning tadqiqotiga tayangan holda “Nishopur, Buxoro, Gʻazna va Bushanjda Bogʻdoddagi birinchi madrasa barpo etilgunga qadar 33 ta madrasa mavjud boʻlgan”, degan maʼlumotni keltiradi. Buxorodagi Abu Hafs Kabir madrasasi oʻz zamonasida mashhur madrasalardan sanalgan. Tarixchi Vamberi oʻzining “Tarixi Buxoro” va as- Saʼdiy “Tarix ad- duval”nomli asarlarida Imom Abu Hafs Kabir Buxoriyning madrasasi islom olamining turli oʻlkalaridagi olimlar va talabalar orzu qilgan eng yaxshi madrasa boʻlganini taʼkidlashgan.
Abu Hafs Ahmad ibn Hafs Kabir ustozlari silsilasi:
Ustozlari Bagʻdodlik alloma Imom Muhammad Hasan Shayboniy hisoblanadi. Abu Tohirxojaning “Samariya” kitobida bu sulola Abu Hanifa Nuʼmon ibn Sobitdan boshlab Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamgacha tutashgani asoslab berilgan.
Imom Shofeʼiyning Abu Hanifa va Abu Hafsga bergan taʼriflari: “Odamlar fiqhda u zotning boqimandalaridir” deganlaridek, Buxoroning barcha olimlari ham Abu Hafs Kabir oldilarida qarzdordirlar. Chunki buyuk muhaddis, hadis ilmining peshvosi Imom Buxoriy u kishining shogirdi boʻlgan. Buxoroning aksar olimlari Abu Hafsdan tahsil olishgan. Abu Hafs Kabir, amir boʻladimi, oddiy fuqaro boʻladimi, qanday muammo bilan kelsa, hal qilib berar edi. Oldi-sotdi yoki ibodat masalalarini juda aniqlik bilan yechardi. Shu bois odamlar olimni “Hojatbaror imom” deb hurmatlashgan.
Ustozlari haqida ozroq maʼlumot berib oʻtsak.
Abu Hafs Ahmad ibn Hafs Kabir shogirdlari:
Abu Hafs Ahmad ibn Hafs Kabir rahmatullohi alayh koʻpgina faqihlarni tarbiyalab kamolga yetishtirgan. Jumladan, oʻgʻli Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Hafs (Abu Hafs Sagʻir), Abu Jaʼfar Rizvon ibn Salim Badokoriy, Abulhasan Muqotil ibn Said Baydariy, Muhammad ibn Hotam Subizugʻukiy, Abu Zahhok Fazl ibn Hasson Sutikaniy, Abu Said Sulaymon ibn Dovud Shargʻiy, Horis ibn Abdulvafo Buxoriy va Muhammad ibn Ahmad ibn Hafs Zaborqon (vaf.264/878y.) kabi koʻplab shogirdlarni misol keltirish mumkin. Abu Solih Toyib ibn Muqotil al- Xunomatiy, Abu Hasan ibn Tolib al- Gʻishatiylar u kishidan hadis rivoyat qilishgan. Abulkarim Samʼoniy “al- Ansob”nomli asarida keltirishicha, Abu Hafsning shogirdlari Xarojir degan qishloqda koʻp boʻlgan ekan. U tufayli Buxoro shahri Hanafiylikning markazlaridan biriga aylangan. Oʻsha zamonda Abu Hafs nomli ulamolar koʻp boʻlganligi sababli Axmad ibn Hafs hazratlarini Abu Hafs Kabir (ulugʻ, katta) deb nomladilar.
Imom Buxoriy yoshliklarida Abu Hafs Kabirning oldilarida ilm olganlar. Imom Buxoriyni hadislarning sahihini toʻplashga undagan zot ham Abu Hafs Kabirdir. Abu Hafs Kabirning ustozlaridan biri Abul Hasan Nuriy sahih hadislarni toʻplashga kirishganlar, lekin oxiriga yetkaza olmaganlar.

Shundan soʻng u kishining vasiyatlari bilan Abu Hafs rahmatullohi alayh ham sahihlarni jamlaydilar, lekin u zot Buxoroga kelgan davrda fiqhga koʻproq eʼtibor beradilar. Niyatlariga yetmaganliklari sababli oʻzlarining qobiliyatli shogirdlari Muhammad ibn Ismoil (Imom Buxoriy)ga shu ishni oxirigacha yetkazishni buyurdilar. Manbalarda Qayd qilinishicha, Abu Hafs Kabir Buxoriy Imom Buxoriyga dars berib, u kishidagi hadisga boʻlgan muhabbatni bilgach, Imom Buxoriy Haqlarida duo qilib: “Kelajakda Bu kishidan ulugʻ muhaddis chiqadi!”, deb karomat etganlar. Imom Abu Hafs Kabir zamonasining mujaddid olimi sifatida tan olingan. Bu zotning bizgacha yetib kelgan noyob asarlari bundan keyin ham musulmonlarga xizmat qilishi shubhasiz.
Islomshunos olim Ashirbek Moʻminovning qayd etishicha, hanafiylik mazhabining Movarounnahrga kirib kelishi va yoyilishi asosan Buxoro orqali amalga oshirilgan.
Abu Hanifa (vaf. 150/767-y.) – Shayboniy (vaf. 189/804-805-y.) – Abu Hafs Ahmad ibn Hafs Buxoriy (vaf. 217/832-y.) – u zoti sharifning oʻgʻli Abu Abdulloh Muhammad ibn Abu Hafs Buxoriy (vaf. 274/878-y.) – Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad ibn Yaʼqub Subazmuniy Buxoriy (340/952) – Abu Bakr Muhammad ibn Fazl Buxoriy (370/981) – Abu Ali Husayn ibn Xidr Nasafiy (vaf. 1032- 33 y.) – Shamsulaimma Abdulaziz ibn Ahmad Halvoniy (448/1056- 57).
Buxoroda faoliyat olib borgan “Sadrush- shariʼa”lar va ularning oila aʼzolari fiqh ilmini oʻz zamonasining mashhur olimlaridan olganlar. Bu silsila Abu Abdulloh ibn Abu Hafs Kabirga yetib boradi. Abu Hafs Kabirning shuhrati Buxoroga, qolaversa, butun islom olamiga tarqaldi. Olimlar uning ilmi fazlini baholab, Abu Hafs Kabirni “Muallimi Islom” yaʼni “Islom dinining muallimi”, uning sharofati bilan Buxoroni “Qubbatul islom” (“Islom dinining gumbazi”) va u kishi yashaydigan mahalla darvozasini “Haqroh” (“Haq yoʻl”)deb atashgan. Hatto, arab diyori olimlari biron- bir masalaning javobini topishda qiynalib qolishsa, Buxoraga Abu Hafs Kabirning oldiga bir kishini yuborib, oʻsha masalaning yechimini bilib olishar ekan.
Narshaxiyning yozishlaricha, Buxoro Abu Hafs Kabir tufayli “Qubbatul islom” nomini olgan. U kishining oʻgʻli Abu Abdullohni (Abu Hafsi Sagʻir deb ham ataganlar) ilmlari shu darajaga yetganki, hojilar karvoni Kaʼbadan qaytayotganda, ularning ulamolari Xoja Imom Abu Hafs yonlariga borib, u kishidan muammo masalalarga javob soʻrar ekan.
Shunda Abu Hafs: “Oʻzing-ku Iroqdan kelyapsan, Nima uchun Iroq olimlaridan soʻramading?” deganda, u olim: “Bu masalada Iroq Olimlari bilan munozara qildim, ular javob bera olmadilar va menga Buxoroga borganda bu muammoni Xoja Imom Abu Hafs yoki u kishining farzandlaridan soʻra!” dedilar.
Buxorodan buyuk, zabardast olimlar chiqqan:
Yuqoridagi naqldan maʼlum boʻlyaptiki, Imom Buxoriy, Abu Isʼhoq Gulobodiy Buxoriy, Ibn Sino, Abdulxoliq Gʻijduvoniy kabi buyuk allomalarning Buxoroda oʻsib voyaga yetishi behikmat emas, balki Buxoroda allaqachon bunday allomalar uchun ilmu urfoniy zamin hozirlangan edi.
Abu Hafs Kabir r.a. yuqori mansab egalari oldida ham oʻziga xos nufuzga ega boʻlgan. Jumladan, sulton iltifotiga ham muyassar boʻlgan. Zandavistiyning “Ravzatul -ulamo” (“Olimlar boʻstoni”)nomli asrida keltirilishicha, sulton Abu Hafs Kabir Buxoriyga r.a. salla tortiq qilgan. Salla muhim iltifot qilingan kiyimlardan boʻlib, odatda amirlar uni oʻzlari tanlagan va yaqin kishilariga sovgʻa qilganlar.
Buxoroda Muhamad ibn Tolut ismli bir amir boʻlgan. Bir kuni u vaziri Xashuya unga: “Abu Hafsning oldiga borishing yaxshi emas, sen uning yaqiniga borganingda salobatidan hech bir soʻz aytolmay qolasan” – deb javob beradi. Amir esa “har nima boʻlsa ham boraman”, deb vazir bilan birga imomning oldiga boradi. Abu Hafs masjidda peshin namozini tugatgandan soʻng vazir imomning huzuriga kirib, undan: “Amirning kirishiga ruxsat bormi?”, – deb soʻraydi. Vazir rozilik javobini olgach, amirni ichkariga taklif etadi. Shunda amir kirib, unga salom beradi va boshqa biron- bir soʻz ayta olmaydi. Abu Hafs unga yuzlanib: “Nima ish bilan kelding?”, – deganda, amir gapirmoqchi boʻlib har qancha oʻrinsa ham, lekin tili kalimaga kelmaydi.

Bu vaqeadan soʻng Xashuya amirdan: “Xoja Abu Hafs qanday ekan?” – deb soʻraganda, amir unga: “Sen aytgandek ekan, uning huzurida hech gap gapira olmay hayronlikka tushib qoldim, necha marta hukmdorning huzuriga borib u bilan soʻzlashganman. Hukmdorning haybati meni soʻzlashishdan toʻxtata olmagan edi, bu yerda esa u kishining salobatidan soʻz aytolmay qoldim”, – deb javob bergan.
Olim fiqhning turli masalalariga doir koʻp asarlar yozgan. Bulardan “Fatavoi Abu Hafs Kabir”, “Kitabul imon” ayniqsa mashhur boʻlgan. Abdulkarim Samʼoniy aytishicha, Abu Amr Ahmad ibn Abu Bakr al-Xuzoiy al-Moxiy: “Men Abu Hafs Kabirning “Kitabul imon” kitoblaridan taʼlim olganman”, degan. Abu Hafs Kabirning fiqhga doir turli masalalar yoritilgan “Al-Ahvoʼ val ixtilof” (“Havoiy gaplar va kelishmovchiliklar”), “Ar-Raddu alal lafziya” (“Yuzaki qarovchilarga raddiya”) kabi asarlari ham bor.
Abu Hafs Kabir rahmatulloh alayhning bergan fatvolari, uning asaridan olingan iqtiboslar keyingi davr ulamolarining fiqhiy asarlarida keng istifoda etilgan. Jumladan, uning fikrlari Alouddin Buxoriyning “Hayratul- fuqaho”, Masʼud ibn Mahmud ibn Yusuf Samarqandiyning “Saloti Masʼudiy”, Burhoniddin Mahmudning “Muhitu-l- Burhoniy”, Abu Bakr ibn Masʼud Kosoniyning “Badoyiʼus- sanoyiʼ fi tartibi-sh- sharoiʼ”, Abu Muzaffar Muhyiddin Muhammad Avrangzeb (vaf. 1118/1707-y.)ning buyrugʻi bilan Shayx Nizomiddin Balxiy boshchiligida 23 nafar faqih tomonidan yozilgan “Fatovoyi Olamgiriy”kabi qator asarlarda uchraydi. Baʼzi asarlarda Abu Hafs haqida alohida bob ajratilgan. Masalan, Soʻfi Allohyorning “Maslakul- muttaqin” asarida “Hikoyati Xoja Abu Hafs Kabir Buxoriy”, “Bayonoti Abu Hafs Kabir” sarlavhalari ostida ikki bob ajratilgan. Birinchi masnaviy oʻttiz olti misradan iborat.
Bundan tashqari, Soʻfi Allohyor Abu Hafs Kabir asarlaridan foydalanib, “Farzanlarga nasihat” bobida yaxshi hulq, odob, yaxshi insoniy fazilatlar, haq-huquqini tanish, ota-ona, qarindosh, yor birodarlarga yordam qoʻlini choʻzish, ularning xurmatini qozonish, mehnatni ulugʻlash kabi otaning nasihatlari bayon qilingan. Ahmad ibn Mahmudning “Mozoroti Buxoro” (“Tarixi Mullozoda”)nomli asarida ham olim haqida alohida boʻlim ajratilgan. Ayrim adabiyotlarda boshqa mualliflarning asarlariga “Abu Hafsning asari”deb yanglish tarzda nisbat berilgan. Masalan, 2017-yilda nashr etilgan “Maslakul muttaqin”ning ilova qismida Abu Hafs kabirning “Kitob al- ahvo val- ihtilof” nomli kitobi ham boʻlgan deyiladi. Yana islom ensiklopediyasida va Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyalarida “Abu Hafs Kabir “Al- Ahvoʼ- val- ixtilof” (“Havoyi gaplar va kelishmovchiliklar”), “Ar- Raddu ala- lafziya” (“Yuzaki qarovchilarga raddiya”) kitoblarining muallifidir”, degan jumlalarni uchratish mumkin. Vaholanki, Umar Rizo Kahholaning “Muʼjamul- muallifiyn”, Sulton Muhammad ibn Qalandarshohning “Risolayi sultoniy” nomli asarlarida va yana bir qancha tabaqot janridagi kitoblarda bu asarning muallifi Abu Hafs Kabirning oʻgʻli Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Hafs deb keltiriladi. Abdulkarim Samʼoniy bu kitoblar bilan bir qatorda, Abu Hafs Sagʻirning “Kitobul- iymon”nomli asari ham borligini eslatib oʻtadi. Biroq, bundan u zotning oʻzi taʼlif qilgan biron-bir kitob yoʻq ekan-da, deb shoshilinch xulosa chiqarish kerak emas. Zotan, manbalarda Abu Hafs Kabir Buxoriyning qalamiga mansub “Kitobut- taxrij” nomli asarning boʻlganligi qayt etilgan. Masalan, Toshken islom universitening “Manbalar xzinasi”da saqlanayotgan 72- ashyoviy raqamli qoʻlyozma va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti (bundan keyin OʻzFASHI – L,A)ning qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan Lutfulloh Nasafiyning (14 asr) “Fiqhi Kaydoniy” kitobiga Saʼduddin Taftazoniy (722/792 – 1322/1392) tomonidan yozilgan sharhning nusʼhalarida bu haqda aniq maʼlumot berilgan: “…ustozning bir asarlari bor boʻlib, Xoja Abu Hafs Kabir uni “Kitobut- taxrij” deb nomlaganlar. Va unda “Tasmiya”ning maʼnosini qoʻyidagi jumlalar bilan sharhlaganlar… .Biroq, biz tanishib chiqqan qoʻlyozma jamgʻarmalarining kataloglarida “Kitobut- taxrij” uchramadi.

Ajab emas, kelajakda qoʻlyozma jamgʻarmalari, arxiv va xususiy kutubxonalardan mazkur asarning biron- bir nusxasi yoki olimning qalamiga mansub boʻlgan boshqa asar topilsa.
Abu Hafsning zehnlari bayoni:
Abu Hafs kabirning ijtimoiy hayoti toʻgʻrisidagi turli hikoyalar manbalar orqali bizgacha yetib kelgan. Masalan, “Saloti Masʼudiy”da keltirilishicha, Xoja Abu Hafs Kabir Buxoriy, Xalaf Ayyub va Xoja Abu Sulaymon Jurjoniylar Muhammad Hasanning shogirdlaridan boʻlganlar. Xalaf Ayyub va Jurjoniylar bir yilda yod olgan saboqlarini Abu Hafs bir oyda, ular bir haftada yod olgan narsalarini esa bir kunda yod olar ekanlar. Xoja Abu Hafs yod olgan narsalarini yozmas edilar. Ular nega kitob yozmaysiz degan savolga: “Man shul tariqa ilm oʻrganamankim, qogʻozga yozmoqgʻa va kitobga hojat qolmagay, men koʻkrakka yozarman”, deb javob berardilar. Shunda ular: “Toʻgʻri aytasiz, ammo, agar sizga ajal yetsa, sizdan kitobat moʻminlarga yodgor qolmaydi” – dedilar. Xoja esa ularga: “Mening yoʻlimda daryo bor qoʻrqarmanki, mabodo kemaga suv kirib kitoblarimni hoʻl qilib nobud boʻlgʻay”, – deb javob berdilar. Axiri, ular Xojani kitob yozishga koʻndirdilar. Shundan soʻng, Abu Hafs Kabir kitob yozdilar. Tahsil olib boʻlganlaridag soʻng, uchalovi ham fatvo berishga ijozat olib, oʻz yurtlariga qaytdilar. Xalaf Ayyub Balxga, Xoja Abu Sulaymon Jurjoniy Samarqandga va Xoja Abu Hafs Kabir kemaga oʻltirib Buxoroga kettilar. Xoja karomat qilganlaridek, kemaga suv kirdi va barcha kitoblar tamom hoʻl boʻlib, oʻqib boʻlmaydigan darajaga yetdi. Abu Hafs yurtiga yaqinlashganda, Buxoroga odam yuborib, ahvolini maʼlum qilishni va u yerdan qalam, qogʻoz va siyoh keltirishini buyurdilar. Kerakli narsalar keltirilgandan soʻng, barcha kitoblarni qaytadan xatosiz zehnlari samarasi bilan yozdilar. Faqat uch masalada (Bir rivoyatda esa, besh masalada) ixtilof voqe boʻldi, deya keltiriladi.
U kishining qahatchilikda qilgan tadbirlari bayoni: Yana shu kitobda keltirilishicha, Buxoroda bir yil qahatchilik boʻlib bir xarvor boʻgʻdoyning bahosi 100 tangaga yetishgan ekan. Xoja xazinachilarini chaqirib hamma mollarni chiqarib sotib, puliga bugʻdoy xarid qilishni buyuribdilar. Buxoro xalqi Xojaga taʼna qila boshladilar. Qahatchilikdan xalqqa tanglik yetishganda, Xoja xazinachiga omborlarni ochib bir xarvor boʻgʻdoyning bahosi 90 tangaga sotishni aytibdilar. Buxoro xalqi kelib bir xarvor bugʻdoyni 90 tangadan xarid qilibdi, shu tariqa bir xarvor bugʻdoyning bahosi 90 tangaga qaror topibdi. Xoja yana bugʻdoy olib, omborlar toʻlgandan soʻng 80 tangadan baho qoʻyib sotishga buyuradilar. Shu tariqa bugʻdoyning bahosi 80 tangaga tushadi. Alqissa, shu tadbir bilan bugʻdoy bahosini to oʻn tangaga keltiradilar. Keyin xoja xazinachini chaqirib unga: “Kel koʻraylik, biz qancha foyda koʻribmiz”, – dedilar. Xazinachi: “Yuz tangalik bugʻdoy oʻn tangaga tushdi ammo, xazina boʻshab qoldi”, – dedi. Xoja: “Sen bilmabsan, oncha xazina oxirat xazinasidir. Biz oxirat xazinasini toʻldirdik”, – dedilar. Bu Xojaning saxovatlaridan biri edi.
Abu Hafs al- Kabir Buxoriyning fazilatlari:
Abu Hafs al- Kabir Buxoriyning jufti haloli ham nihoyatda ilmli ayol boʻlib, faqihga doim qimmatli maslahatlar berar va uning qarashlariga jiddiy munosabatlar bildirardi. Shu bois, bir kuni Abu Hafs ayoliga: “Ey zaifa, teshib oʻtadigan yoy otding”, – degan ekan. (Zandavistiy. Ravzatul ulamo. Qoʻlyozma. – V.14.). va bu hikoya maslakul – muttaqinda qoʻyidagicha keltirlgan. Eʼtibor bering! Bu u zotning taqvolari qanchalik darajada yuksakligini bildiradi va amalda bu sababdan katta foydalarga ega boʻlganlariga oʻzingiz guvoh boʻlasiz.
Hikoyat: Xoja Abu Hafs Kabir pirlari ijozat berib: “Buxoroga borib yoʻl koʻrsating va pand nasihat qiling”, – dedilar. Xoja Abu Hafs Kabir xotinlariga maslahat qildilar. Zaifalari aytdilarki: “Yo imom, avval hech narsa egasidan be ijozat yedingizmi?” Xoja aytdi: “norasidalik vaqtimda bir kuni otash parastlarning kuchasidan borar edim. Bir gandoni piyozga oʻxshash koʻkat bargini olib yedim. Seni soʻzing bilan u gunohim yodimga keldi”. Xotini aytdi: “Ey xoja, kishining haqqi sizda bordur, soʻzingiz haloyiqqa taʼsir qilmas. Bu gunohingiz bilan uyalmaysizmi Buxoroga borib vaʼz aytaman degani?” xoja bu soʻzni eshitib otashparastning koʻchasiga yugurdi. Koʻzidan yoshi oqdi.

Ul gandonaning egasini topib, oziroq yalindi, yolvordiki rozi boʻlgin deb, rozi boʻlmadi. Xoja aytdi: “Ey birodar, oʻsha gandona bargi uchun bir tanga berayin”. U qabul qilmadi. Oxiri Xoji: “Yuz tanga beray”, dedi. Shunda u kofir aytdi: “Ey Xoja, bu soʻzni senga kim aytdi?” Xoja: “Zaifam aytdi”, dedi. Kofir aytdi: “men ham bu kecha xotinim bilan maslahat qilib javobini aytaman”, dedi. Tarso uyiga borib, xotiniga bu soʻzlarni bayon qildi. Xotini: “bir bargi gandona uchun sendek kofirga bunchalik tavallo qilibdi demak uning dini haq ekan. U Xoja yana ertaga kelsa, uni diniga kiraylik”, dedi. Tarsoning ham koʻngli moyil boʻldi. Ertasi Xoja bordi. Ikkovlari Xojaning oldida iymon keltirdi. Ularni koʻrib kofirning qarindoshlari hammasi musulmon boʻldi. Bu taqvolari hamma joyga tarqaldi va butun Buxoro xalqi ul zot bormaslaridan turib iymon keltirdilar.
Imom Abu Hafs aytdilar: “Tahoratim yoʻq holida qogʻoz bozoridan oʻtmadim”. Faqih Abu Lays Samarqandiy aytdilar: “Yuz tuyaning keynidagi tuyada Qurʼon boʻlsa, avvalgi tuyaning jilovini betahorat ushlamadim”.
Hikoyat: bir podshoh shikor qilib, shikoridan adashib bir qishloqqa kirdi. Anda bir uyga tushdi. U uyda tong otguncha rohat qilib uxlamadi. Subhda uy sohibi aytdi: “nima uchun uxlamadingiz?” Podshoh aytdi: “Men qanday rohat qilayki bu uyda kalomulloh bordir”. Uy sohibi aytdi: “Agar menga bildirsangiz oʻzga uyga olar edim”. Podshoh aytdi “Xup gʻaflat qilmoq uchun “Kalomullohni olgʻil”, deyishga sharm qildim. Agar unday desam jonimga jafo boʻlar edi”.
Ey azizlar! Podshoh shunaqa taqvo qilsa, fuqorolari qachon xilof qilur!
Kalomullohni kunlik vazifa qilganlari bayoni: Imom Abu Hafs Kabir bir kecha-kunduzda Qurʼon karimni ikki marta xatm qilar, odamlarga dars ham berar edi. Keksayib zaiflashgach, bir marta xatm qiladigan boʻldi. Yana ham zaiflashib qolgach, to dunyodan oʻtguniga qadar, bir kecha-kunduzda Kalomullohning yarmini oʻqiydigan boʻldi. Yetti yoshlarida Qurʼoni karimni toʻliq yodlaganlar. Alloh taolo u zotni rahmatiga olsin.
Rivoyat qilishlaricha, Imom Abu Hafs Kabir Buxoroda hanafiy mazhabi asosida taʼlim beriladigan ilk madrasani qurdirgan. Bu madrasa hozirgi “Poyi Kalon” mavzeida boʻlgan. Alloma uylaridan madrasaga borishda bozor orqali oʻtardilar. Shunda haybatlaridan bozorchilarning shovqin-suroni toʻxtab qolardi.
Rivoyat qilishlaricha, Yahyo ibn Nasr shunday degan: “Men Xoja Abu Hafsning xuzurida boʻldim. U ertalabki namozini oʻqib boʻlib, qiblaga qarab oʻtirar va bir narsa oʻqir edi.
Kun chiqqach, orqasiga qaragan edi, u ilm oʻrgatadigan shogirdlari hali kelmagan ekan. Oʻrnidan turib toʻrt rakat namoz oʻqidi va mana shu toʻrt rakat namozida Qurʼoni karimdan Baqara, Oli imron, Niso va Moida suralarini (Qurʼondan 127 betgacha ) qiroat qilib salom berganida ham jamoa hozir boʻlmagan edi. U yana oʻrnidan turib, oʻn ikki rakat namoz oʻqidi va Raʼdgacha qiroʼat qildi”. (Qurʼondan 249 betgacha).
Hazrat Abu Hafs ilmiyatidan foydalanib, “Chahor kitob”, Sufi Allohyorning “Maslakul muttaqin” kitoblari yuzaga kelganligi manbalarda takidlanadi.
Hazrati Abu Homid Gʻazzoliy “Mukoshafat-ul qulub” asarlaridagi “Gʻiybat-gap-soʻz-igʻvo” bobida Abu Hafsning quyidagi gaplarini misol keltiradi: “Birovning igʻvo qilishning gunohi bir Ramazon oyi roʻza tutmaslikning gunohidan yomonroqdir”.(110-bet). Va faqih bu soʻzlariga ilova qilib oʻshbu soʻzni keltiradi:

Kim bir fiqh olimini igʻvo qilsa, qiyomat kuni peshonasida “Bu Allohning rahmatidan umid uzuvchidir!” deb yozilgan holda keladi.

Anas ibn Molik rivoyat qiladi: Alloh rasuli aytdilar: – “Meʼroj kechasi bir toʻda insonlarni koʻrdim, tirnoqlari bilan yuzlarini timdalab va iflos narsalarni yeyardilar. Jabroildan: “Bular kim?” – deb soʻradim. Dediki: “Bular dunyoda insonlarning goʻshtini yeganlar, GʻIYBAT qilganlardir!”. (“Mukoshafat-ul qulub” (1), 110-bet).
Maʼlumki, Buxoro Shahrida birinchi boʻlib Qutayba ibn Muslim tomonidan 712-yil masjid bino qilingan. Shuni taʼkidlash lozimki, bu masjid oʻsha davrda ham maktab, ham madrasa vazifasini oʻtagan.

Imom Buxoriy toʻgʻilmasdanoq Buxoro “Qubbatul islom” — islom dinining gumbazi degan nom bilan mashhur boʻlgan. U zot hamma joyi makonni olimi zabardastlarga toʻldirgan bir mahalda toʻgʻilganlar.
Abu Bakr Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida yozilishicha, Imom Buxoriyning tugʻilgan yillarida – hijriy sananing 194-yili yaʼni, (shavvol oyining 13 kuni) melodiy 810-yilda (20-iyul) kuniga toʻgʻri keladi. Demak bu islom rivojlanishi u kishida katta bir maqsadlarni xosil qiladigan makonga aylangan desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Bu vaqtda Buxoro olimlaridan Xoja Imom Abu Hafs Kabirning dovrugʻi ham yetti iqlimga yetib borgan edi.

Xulosa oʻrnida:
U zoti sharif hanafiylikning haqiqiy tirik zabardast olimi va tarqatuvchisi edi u kishi tufayli barcha atrofidagi biror shahar boshqa mazhabga qaramasdilar. Chunki hamma mazhablarning asli Abu Hanifadan tarqash sabablarini koʻrsatardi. Imom Shofeʼiylar ham u kishining nevara shogirdi hisoblanishini oʻsha zamon vakili boʻlib yaxshi tushuntiradilar. Oʻzlari Imom Shofeʼiy bilan zamondosh va bir yilda yaʼni: 150 hijriy yilda toʻgʻilganlar.
Buyuklar ahvolini buyuk kitoblar va buyuk ustozlarning qoʻlida taʼlim olganlarning eʼtirofi ila tushunamiz. Aslida bu taʼrifni biz Sadrush shariʼani taʼrifi bilan yaxshi tushunsak boʻladi. U zoti sharif Imom Buxoriy rahmatullohi alayh haqlarida shunday deydi: U zoti sharif pirimiz, ustozimiz, maqomi va martabasi va fazilati tengi yoʻq muallimimiz, deb keyin u zotning haqqiga yaxshi duolarni qilib juda ham yumshoqlik va muloyimlik bilan hadis aytish qoidalariga toʻliq amal qilib, keyin hadisni oʻz masalalariga xujjat qilganlarini keltirib oʻtadilar. Lekin shuni oʻnitmaslik kerakki shunday buyuk muhaddis Ismoil Buxoriy r.a. Abu Hafs Kabir rahmatullohi alayhining buyuk shogirdlaridan hisoblanadi va u zotning buyuk duolari sharofatidan shu martaba va maqomni egallaganlar. Shak yoʻqki ulugʻlar duosi va sharofati bilan inson umuman yetib boʻlmaydigan kirralarni bosib oʻtish mumkin. Imom Buxoriy rahimahulloh zamonida u kishidan oʻtadigan biror- bir kishi boʻlmagan. U zot aytadilar menga tenglashadigan biror- bir kishi yoʻq boʻlsa ham u zot palonchi ustozim mendan koʻra ilmda yuqori turadi, deb aytgan ekanlar. Bu gaplaridan soʻng u ustozlaridan bu gapni soʻraganlarida ustozlari u aslida ilmda mendan yuqorilab ketgan lekin ayrim masalalarda men bilan tenglashganidan shunday, degan deb u zotni oʻz ustozlari buyukligini taʼriflagan ekan. Har bir zamonda olimlar ichida yetib boʻlmaydigan maqom va martaba boʻladi, uni olimlar oʻzlari ham eʼtirof qilib oʻz zamonasidagi olimlar bilan oʻzlarini taroziga solib kim maqomda qanday natijaga ega ekanliklarini har xil yoʻllar bilan aniqlashganlar. Bagʻdodlik alloma Imom Muhammad Hasan Shayboniy Abu Hafs Kabir rahimahullohga ijoza bergan. Abu Hafs Kabir hanafiy mazhabi asosida fiqh ilmining sir- sinoatlarini Movarounnahrda, Oʻrta Osiyoda birinchi marotaba tarqalishida jonbozlik koʻrsatgan zotdir. Bu duoning sharofatidan butun Movarounnahr va qoʻshni davlatlarni ilm nuriga toʻldirib tashladi. Bu zot kelmasdanoq taqvolarining natijasidanoq butun Buxora halqi taslim boʻldi. Bu zotning soʻzlari va irshodlari va koʻrsatmalari orqali ular qalbiy kasallariga shifo topishdi. Butun qalbiy kasalliklardan forigʻ boʻlganlar bu kishiga shogird toʻshardi. Bir oʻzlari 40 dan ortiq madrasa taʼsis etdi va dars halqalarini paydo qildi. Goʻyo u zotga kelgan shogirdlari ana endi haqiqiy hayotda yashayotganlarini aytishardi.
Vafotlari: Abu Hafs Kabir rahmatullohi alayh 216 hijriy yili (832 milodiy) Buxoroda vafot etadilar va hozirgi Hazrati Imom mazeiga dafn etildilar.

Yunusobod Oqtepa” jome masjidi imom

noibi Urol Nazar Mustofo tayyorladi

manba muslim.uz

. .