IXTILOF HAQIDAGI BAʼZI HADISI SHARIFLAR
Muallif: . .
Sana: 19.01.2023
373

Endi ixtilofning yomonligi haqida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan vorid boʻlgan baʼzi hadisi shariflar bilan qisqacha tanishib chiqaylik:

Birinchi hadis:
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ixtilof qilmanglar, yana qalblaringiz ixtilofli boʻlib qolmasin”, deganlar.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam qaytargan narsadan qaytmogʻimiz lozim. U zot bizni ixtilof qilishdan qaytarib tursalar-u, biz oʻzaro ixtilof qilib tursak, qandoq boʻladi?! Hadisi sharifda ixtilofning yomon oqibati alohida taʼkidlanmoqda. Bu qalblarning ixtilofli boʻlib qolishidir.
Ha, bir-ikki bor ixtilof sodir boʻlgandan keyin, uning taʼsirida qalblar ixtilofli boʻlib qolsa, Alloh koʻrsatmasin, keyin oʻshanday qalb egalarining boshlari shubhasiz kelishmovchilik va urush-janjallardan chiqmay qoladi.
Ikkinchi hadis:
Muhaddislarimiz Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda u kishi quyidagilarni aytadilar: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga issiq paytda borgan edim, bir oyat haqida ixtilof qilgan ikki kishining ovozlarini eshitib qoldim. Shu payt Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chiqdilar, yuzlaridan gʻazab bilinib turar edi. Bas, u zot:
“Albatta, sizdan oldin oʻtganlar Kitob haqida ixtilof qilganlari uchun halok boʻlganlar!” dedilar».
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oʻz sahobalaridan ikkitalarini bir oyat haqida ixtilofga tushishlaridan gʻazablanishlari bejiz emas ekan. Chunki ular oʻzlari sezmagan holda, tarixdagi eng katta xatolardan birini takrorlashayotgan ekan. U ham boʻlsa, ilohiy kitob haqida ixtilof qilishdir. Oldin oʻtgan ummatlar oʻzlari tufayligina magʻlubiyatga uchraganlar».

Yangiqoʻrgʻon tumani “Poromon” jome masjidi imom xatibi Zamirbek Yoʻldoshev

Manba muslim.uz

. .