HAZRAT UMAR JORIY QILGAN BOLALAR NAFAQASI
Muallif: . .
Sana: 23.01.2023
20

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu hijriy 13 yil 21 jumodul oxirdan 23 yil 26 zulhijjagacha, milodiy hisobda 634-yil 21-avgustdan 644-yil 2-noyabrgacha musulmonlarga xalifalik qilgan[1].

Hazrat Umar roziyallohu anhuning xalifa, musulmonlarning bosh rahbari sifatida olib borgan faoliyati namozga oʻtish, fath ishlarini boshqarishdangina iborat boʻlmagan. U kishining maqsadi Qurʼoni karim va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari, shariat taʼlimotlari asosida, hayotning barcha jabhalarida namunali jamiyat qurishdan iborat edi.

Islom ahli poytaxti boʻlmish Madinai munavvara shahriga savdogarlar karvoni kelib tushdi. Karvonda ayollar, yosh bolalar ham bor edi. Xalifa Umar ibn Xattob sahobalardan Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhuga: “Karvondagilarni qoʻriqlashga vaqting bormi?” – dedilar. Ikkovlon kechasi bilan karvondagilarni qoʻriqlab, namoz oʻqib chiqishdi. Umar roziyallohu anhu yosh bolaning yigʻisini eshitib, oʻsha tomon bordilar va uning onasiga: “Allohdan qoʻrq! Goʻdagingga yaxshi qara!” – deb ortlariga qaytdilar. Bola yana yigʻlashda davom etdi. Umar roziyallohu anhu yana uning onasi oldiga qaytib kelib: “Allohdan qoʻrq! Goʻdagingga yaxshilik qil!” – deb: ortlariga qaytdilar. Tun oxirlab qolganda yana bolaning yigʻisini eshitgan xalifa haligi onaning oldiga borib: “Shoʻring qurisin. Yaxshi ona emasga oʻxshaysan. Kechasi bilan oʻgʻling tinchimadi-ya!?” – dedilar.

Qarshisida turgan odam rahbar ekanini bilmagan ona xuddi qorovulga gapirayotganday: “Ey Allohning bandasi, kechasi bilan meni tinch qoʻymading. Axir, men uni koʻkrakdan ajratmoqchiman. U boʻlsa koʻnmay, injiqlik qilyapti”, – dedi. “Nima uchun?” – deb soʻradilar Umar roziyallohu anhu. “Chunki Umar faqat koʻkrakdan ajratilgan bolalarga nafaqa tayin qilgan”, – dedi ayol. “Bolaning yoshi qanchalik boʻldi?” – dedilar Umar. “Falon oylik boʻldi”, – dedi ayol. Umar roziyallohu anhu: “Uni koʻkrakdan ajratishga shoshilma”, – dedilar va orqalariga qaytib ketdilar. Soʻng xalifa borib, bomdod namoziga imomlikka oʻtdi. Namozdagi odamlar uning yigʻisidan qiroatini ajrata olishmadi. Boʻlib oʻtgan hodisadan qattiq taʼsirlangan xalifa yigʻlab turib namoz oʻqir edi. Salom berganidan soʻng: “Umarning shoʻri qurisin! Musulmonlarning qanchadan-qancha bolalariga zulm qilibdi”, – dedi va jarchini chorlab: “Bolalaringizni koʻkrakdan ajratishga shoshilmanglar! Biz Islomda har bir tugʻilgan bolaga nafaqa beramiz!” – deb jar solishga amr etdi[2]. Bu haqda boshqa yurtlarga ham farmon yubordilar.

Xorazm viloyati, Shovot tumani Yusuf Hamadoniy jome masjidi imom-xatibi Shermuhammad Boltayev

[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Islom tarixi. –Toshkent: Hilol-nashr, 2018.B 53

[2] Mahmud Shokir. Tarixi islomiy. – Maktabi islomiy, 1991.b 28

Manba muslim.uz

. .