KULGI KOʻPAYSA, HAYBAT OZAYADI
Muallif: . .
Sana: 24.01.2023
20

Oʻz oʻrnida boʻlgan kulgi, albatta, maroqlidir. Lekin bu hargiz moʻminni hazil-huzul, mazaxlash, xandalar oʻqish bilan vaqtini oʻtkazishiga undamasligi lozim. Boisi “Kimning kulgisi koʻpaysa, haybati ozayadi” (Hazrat Umar).

Paygʻambarimiz alayhissalom feʼllarining aksari tabassum boʻlgan. Baʼzi-baʼzida kulganlar ham. Lekin hech qachon qahqaha otib kulmaganlar.

Kulgi moʻminni Allohning ibodati, toati, zikri kabi qurbat hosil qiluvchi amallardan mashgʻul qilmasligi kerak. Ammo meʼyorda kulish, tabassum qilishning zarari yoʻq. Masalan, kishining farzandlari yoki ayoliga kulib qoʻyishi mustahabdir. Hadisda: “Birodaring yuziga tabassum qilishing sadaqadir” (Imom Termiziy rivoyati), deyiladi.

Kishilarga tanilish darajada kulgini koʻpaytirish yomon amallardan. Moʻmin hayotda ham amalda jiddiy boʻlishi lozim.

Shariatning shiorlarini (azon, namoz, roʻza kabi ibodatlarni) masxaralash, istehzo qilish eʼtiqodga zarar yetkazadi. Nubuvvat davrida munofiqlar musulmonlarni istehzo qilishar, hazil-mazax qilib bir-birlarini kuldirishardi. Istehzolariga javoban Alloh taolo bunday dedi: “... Uzr aytmanglar. Batahqiq, imoningizdan keyin kufr keltirdingiz...” (Tavba surasi, 66-oyat).

Ammo muboh ishda yolgʻon aralashtirmasdan hazil qilish joiz.

Baʼzilar hazil qilishda haddan oshib, oʻzgalarning fikrini inobatga olmay qoʻyishadi. Gohida bir kishini, baʼzida esa boshqani masxara qilishadi. Oqibatda nafratga duchor boʻlishadi. Munʼiy hazil haromga olib borgani uchun joiz emas.

Shu oʻrinda “Kulgi tahoratni sindiradimi?” degan savol tugʻiladi. Ulamolar namozdan tashqarida xoh baland, xoh past ovozda kulish tahoratni sindirmaydi, deyishgan.

Namoz asnosida kulish uch turga boʻlinadi:

– Balogʻatga yetgan kishining namozda eshittirib kulishi tahoratini sindiradi va namozini buzadi. Ammo balogʻatga yetmagan odamning kulishi tahoratini sindirmaydi, namozini buzadi. Abu Muso Ashʼariy roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Paygʻambarimiz alayhissalom odamlar bilan (masjidda) namoz oʻqiyotgan edilar. Toʻsatdan koʻzi ojiz kishi kelib, chuqurga tushib ketdi. (Uni koʻrib) namoz oʻqib turganlardan koʻpchiligi kulib yubordi. (Namoz tugagach) Rasululloh alayhissalom: “Kim kulgan boʻlsa, tahoratini yangilasin va namozni boshidan oʻqisin”, deb buyurdilar” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Faqat oʻzi eshitib, boshqalar eshitmaydigan darajada kulish namozni buzadi, lekin tahoratni sindirmaydi.

Tabassum namozni buzmaydi, tahoratni ham ketkazmaydi. Jobir roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sahobalari bilan asr namozini oʻqiyotganlarida tabassum qildilar. Namozdan soʻng u zotga: “Yo Rasululloh, namoz oʻqib turib tabassum qildingizmi?!” deyishdi. Shunda u zot alayhissalom: “Mening oldimdan Mikoil alayhissalom oʻtdi. Uning ikki qanotida chang bor edi. U menga kulgan edi, men unga tabassum qildim”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Paygʻambarimiz alayhissalom ummatlariga mehribon, nasihatgoʻy va rahmlidirlar. Shariatimizda hech qanday qiyinchilik, mashaqqat yoʻq. Ziyon va mashaqqatlarni ketkazish foyda va manfaatlarni jalb qilishdan ustun turadi.

Manbalar asosida
Abdulvohid VALIYEV
tayyorladi.

Manba muslim.uz

. .