Diyorimizda qadimiy obidalarga nazar tashlar ekansiz, beixtiyor bu binolar yurtimiz madaniyati va urf-odatlarini oʻzida aks ettirganining guvohi boʻlasiz. Ulardagi nozik naqshinkor bezaklar kishilarni lol qoldirish bilan birga, bu xalqning qanday nozik did sohibi ekanligini ham koʻrsatib turadi. Masjid va madrasalarning oʻta mohirlik bilan bino qilinganligidan bilish mumkinki, bu xalq azaldan ilm-fanga juda katta eʼtibor qaratgan.
Oʻzbekiston hududidagi minoralar Gʻarbiy Osiyo oʻlkalaridagi bu turdagi inshootlardan ham meʼmoriy, ham qurulmasi jihatdan farq qiladi. Tahlillar shuni koʻrsatadiki, XII asrdayoq Markaziy Osiyoda minoralarning keyingi rivojlanish bosqichlarini belgilab bergan Minorai Kalonning meʼmoriy yechimi va badiiy-estetik koʻrinishlari, uning meʼmoriy qismlari, nisbatlari, kompozitsiyaviy tugalligi Yaqin Sharq va Magʻrib minoralaridan farqli ravishda, XIX asrgacha Sharq meʼmorchiligida bunyod etilib kelingan aksariyat minoralar uchun etalon vazifasini oʻtagan[1].
Samarqand sayqali deb nom olgan Registon majmuasi Movarounnahrdagi shahar qurilish madaniyatining eng yirik namunalaridan biridir. Ulugʻbek madrasasi, Sherdor, Tillakori madrasalari esa Samarqand Registonining yuragi sifatida eʼtirof etiladi.
Maʼlumotlarga koʻra, Ulugʻbek madrasasining bunyod etilishida Koʻhak tepaligidan qazib olingan tosh-marmarlardan foydalanilgan. Koʻhak tepaligidagi Obi Rahmat arigʻining boʻyida esa ilk bor “samo peshtogʻiga narvon qoʻyilgan edi”. Ulugʻbek tomonidan bu yerda qurdirilgan rasadxona oʻsha davrdan to bugunga qadar asrlardan sado berib kelmoqda.
Oʻzbekistonning boy meʼmoriy anʼanalari jahon madaniy merosi rivojining barcha bosqichlari, nodir meʼmoriy asarlarining turli-tuman koʻrinishilarini oʻzida mujassam etgan boʻlib, minoralar kabi oʻziga xos inshootlar meʼmorchiligida ham maʼlum darajada sezilarli iz qoldirgan.
Buyuk Ipak yoʻli madaniy, savdo yoʻllarida muhim markazlar hisoblangan shahar va qishloq maskanlarida bunyod etilgan minorasimon inshootlarning ilk koʻrinishlari saqlanib qolmagan boʻlsada, dastlab ular karvon yoʻllarini belgilovchi mayoq, shaharlar aholisini tashqi xavfdan ogoh etuvchi kuzatuv minoralari vazifalarini oʻtash uchun qurilgani shubhasizdir[2].
IX-X asrlardan boshlab bu turdagi inshootlar diniy maqsadlarda qurilgan. Buxoro, Vobkent, Jarqoʻrgʻon, Koʻhna Urganchdagi bu davr minoralarining meʼmoriy-konstruktiv yechimi yuqorida qayd etilgan vazifalarni bajarishga mos qilingani bundan dalolat beradi[3].
Minora-mezana tizimidagi bunday minoralarning turli xil koʻrinishlari asosida Buxorodagi Minorai Kalon yechimlari yotadi. Oʻzbekistonda Jarqoʻrgʻon minorasi, Xivaning XIX asr minoralari oʻziga xos koʻrinishlari bilan alohida oʻringa ega boʻlsa ham minoralarning aksariyatida Kalon minorasining yechimlarining umumiy qonuniyatlari sezilib turadi, yaʼni konussimon shakl, tarhi aylana va ichki oʻzagiga asoslangan zinalar qurilmasi hamda mezana bilan tugallanishi umumiydir.
Samarqand, Toshkent, Fargʻona vodiysi shaharlari, Shahrisabz kabi qadimiy hududli shahar guzarlari, mahalla masjidlari qoshida qurilgan katta-kichik minoralar yechimi tahlili ham Buxoro minoralari uslublariga mos andozada qilinganini bildiradi.
Oʻzbekiston hududidagi meʼmoriy majmualardagi guldasta, burjlarning minorasimon shakllarida ham betakror yechimlar mavjud. Ularning nodir namunalari Sharq meʼmorchiligining Temuriylar va undan keyingi davr bosqichida yuksak badiiylik va estetik-dekorativ koʻrinishga ega ekani chet el mutaxassislari tomonidan ham tan olingan. Shakllanishi Yaqin Sharq minoralarida boshlangan, yaʼni yuqoriga kichrayib boradigan bir necha boʻgʻinli hajmiy yechim Temuriy inshootlarida oʻziga xos koʻrinishini olgan edi.
Sharq meʼmorchiligining Temuriylar davri meʼmoriy bezak sanʼatidagi qirqma koshin qoplamalar, sirkor koshinli muqarnas va sharafalar bilan butkul bezatilgan minora-guldastalar, burjlarning shakliy-hajmiy yechim usullari Magʻrib va Yaqin Sharq, Xuroson minorasimon inshootlariga qaraganda bir muncha salobatli, mahobatli inshootlarning umumiy meʼmoriy kompozitsiyasiga uygʻun ravishda yaratishga qaratilgani bilan farqlanadi.
Temuriylar davri meʼmorchiligidagi Jome masjidlar, ulkan madrasalar va saroylarning meʼmoriy jihatdan tugal koʻrinish olishida bu minorasimon hajmlar muhim vosita boʻlib keldi. Hatto, davrlar mobaynida yuqori boʻgʻinlari tushib ketgan boʻlsada, Samarqanddagi Ulugʻbek madrasasidagi burj-minoralar, Goʻri Amir majmuasi hovlisi burchaklarini belgilovchi minoralar, Bibixonim jome masjidida saqlanib qolgan peshtoq yon guldastalari, hozirda ham oʻzlarining muqarnasli qoldiqlari bilan nisbatan tugal meʼmoriy hajmdek tasavvur uygʻotadi. Chunki, ularning har bir hajmiy qismi meʼmoriy ishlov jihatdan mukammaldir[4].
Oʻzbekiston minoralar meʼmorchiligi tarixida Xorazm minoralari alohida oʻrin tutadi. Shahar koʻrinishiga chiroy baxsh etgan, koʻchalarga fayz kiritgan shaklan va hajman turli-tuman boʻlgan sharqdan – Xazorasp darvozasidan Ichan qalʼa orqali gʻarbga qarab har 200 metr masofada bir maqomda qator terilgan Polvon qori, Said Sholikorboy, Juma, Kalta minor va Shayx Qalandar bobo minoralari Xivaga takrorlanmas goʻzallik baxsh etgan[5].
Bu yerda Xorazm meʼmorlarining yuksak mahorati va anʼanaviy shaharsozlik sanʼati namoyish etilgan. Ularning aksariyati XVIII-XIX-asrlarda qurilgan boʻlib, umumiy qurulmaviy qonuniyati bir boʻlsada, meʼmoriy-kompozitsiyaviy shakllanishi jihatidan Buxoro, Vobkent minoralaridan va ayniqsa Jarqoʻrgʻon minorasidan birmuncha farq qiladi. Silindrik shakldagi Xiva minoralarining umumiy xususiyati, ularning yuqori qismining keskin torayishi va nisbatan tik koʻrinish olishidadir[6].
Shuningdek, alohida qafasa yoki mezana ajratilmay, ular minora hajmining davomi sifatida koʻrinadi. Xorazm minoralari (XIX asr) qadimiy konussimon aylana tarhli minora inshootlari shakllanishining alohida, mustaqil yoʻnalishini belgilab bergan.
Oʻzbekiston minoralari meʼmorchiligida kompozitsiyaviy shakl sifatida muqarnasli sharafalar, karnizlar muhim oʻrin tutadi. Mezanali yoki qafasali minoralarning tashqi koʻrinishining asosiy meʼmoriy koʻrinishini belgilab bergan. Kichik ravoqsimon muqarnaslar texnologik jihatdan bir xil shakllardan, detallardan yigʻilsada, ulardan turli-tuman meʼmoriy hajmni yaratishga imkoniyat mavjud boʻlgan.
Muqarnaslar Sharq meʼmorchiligida meʼmoriy-hajmiy bezak sifatida yuksak darajada shakllangan. Mirzo Ulugʻbek davrining mashhur muhandislaridan Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy meʼmorlar uchun yozgan meʼmoriy oʻlchov, hisob-kitoblarga bagʻishlangan risolasida muqarnaslar tuzish qoidalari uchun alohida bob ajratib, muqarnaslarni tashkil etuvchi elementlar, ularning turlari haqida maʼlumot beradi. Muqarnas yasashda miqyos, modul birligidan foydalanib aylanma karnizni toqi ichkarisi qubbani, toʻgʻri sharafani yasash yoʻllari haqida yozadi[7].
Minoralarda muqarnaslar qatori asosan qafasadan minora tanasiga oʻtish qismida boʻgʻinlarning oraliqlarini belgilashda, yaʼni turli hajmiy elementlarni bogʻlovchi vazifasini bajargan. Muqarnaslarning koʻp qatorli, yirik toqichalik, koshin qoplamali yoki silliqlangan oʻyma gʻisht yoki sopol boʻlakchalarida yigʻilgan koʻrinishi Buxoro va Vobkent minoralaridagi mezanalarda toʻliq namoyon boʻlgan. Boʻgʻinlar oraligʻini belgilovchi muqarnaslar esa Samarqanddagi Ulugʻbek madrasasi va Bibixonim masjidida qoʻllanilgan boʻlib, ular sirkor koshin boʻlaklardan yigʻilgan. Muqarnaslarning ayrim turlari keyinchalik Boburiylar meʼmorchiligidagi minoralarda marmar elementlarda qaytarilgan.
Tahlillarga koʻra, Oʻzbekiston hududidagi minoralarning balandligi ancha yuqori boʻlganlarining aksariyati qadimda poytaxt maqomini olgan shaharlarda bunyod etilgani aniqlangan. Xiva va Buxoro minoralari shular jumlasidandir. Vobkentdagi va Jarqoʻrgʻondagi minoralarni istisno qilganda Toshkent vohasi, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax hamda Fargʻona vodiysida baland va mahobatli minoralar kuzatilmaydi.
Mansurjon Boboyev,
Navoiy viloyati “Mirxalil Maydon ota” jome
masjidi imom-xatibi
manba muslimuz
Eng ko'p o'qilgan Yangiliklar
