So'zi shirinning o'zi shirin
Muallif: . .
Sana: 04.02.2021
12062

Xalqimizda bir ajoyib, ibratomuz maqol bor: “Achchiq til- zahri ilon, chuchuk tilga- jon qurbon”. Ushbu maqol haqida biroz tafakkur qilsak, unda qanchalar ulkan ma’no bor ekanini anglab yetamiz. Chunki, tig’lar bilan yetkizilgan jarohat qanchalar og’ir, chuqur bo’lmasin uni davolash imkoni bor. Ammo, til bilan biror kimsaga zarar bersangiz, uning asorati bir umr tuzalmaydi.

Zero, til qalbning cho’michidir. Qalb qanchalik sof bo’lsa, tildan shunchalik go’zal so’zlar chiqadi. Aksincha bo’lsa, tildan faqat zahar tomar. Shuning uchun jamiyatimizdagi har bir shaxs o’zini va oilasini isloh etib, qalban poklanib borsa, tillaridan ham faqat shirin so’z chiqa boshlaydi. Kim o’zgadan go’zal muomalani talab qilsa, o’zi ham o’zgalarga shirin muomalada bo’lsin. Chunki, boshga keladigan balo, ofatlarning ko’p qismi til sababidan, ya’ni: o’ylamay gapirib qo’yganimiz tufayli keladi. Odamlar orasida obro’-e’tiborga sazovor bo’lish uchun esaxush muomala va shirin so’zning ahamiyati juda kattadir.

Rivoyat qilinishicha: Luqmoni Hakimga xojasi: qo’yning eng shirin joyini pishirib keeling - debdi. Luqmoni Hakim qo’yning tili va yuragini pishirib, olib kelibdi. Ho’jayin yeb bo’lgach, Luqmonga: haqiqatan ham juda mazali ekan- deb, tashakkur aytibdi. Kunlardan bir kuni yana xojasi chaqirib; busafar qo’yning eng achchiq joyini pishirib keeling - debdi. Bu safar ham Luqmoni Hakim qo’yning tili va yuragini olib kelibdi. Shunda xo’jayin hayratlanib: ikki xil ta’mli go’sht so’rasam ham, bir joyini olib keldingiz, buning hikmati nimada? - deb so’radi. Luqmoni Hakim: Hojam! Qalb yaxshi bo’lsa, butun jasad yaxshi bo’ladi, agar u yomon bo’lsa, butun jasad yomon bo’ladi. Shuning uchun ikki safar ham birdek taom tayyorladim - degan ekanlar. Qissadan hissa: agar barchamiz o’zimizning qalbimizni isloh etib, poklashga harakat qilsak, butun tanamiz pok, tilimiz shirin bo’ladi. Yo’qsa, odamlar nafrat qiladigan, hamma ozor beradigan zarar kurandaga aylanamiz. Alloh barchamizni sobit qadam qilsin!

Muhammad Yunus Muhammad Muso o’gli,

Mir Arab oliy madrasasi talabasi

. .