Hanafiy ulamolardan Imom Muhammad rohimahulloh
Muallif: . .
Sana: 10.01.2020
3089

Maʼlumki, diyorimiz musulmonlari bir necha yuz yildan beri Ahli sunna val-jamoadagi hanafiy mazhabiga muvofiq amal qilib keladilar. Lekin afsuski, bugungi kunga kelib, mazhabni tan olmay, hatto mujtahid imomlarimizni ilmsizlikda ayblayotgan ayrim kishilarni uchratib qolamiz. Ularning hayotiga bir nazar solsak. Masalan: mazhab imomlarimiz Abu Haniyfa va Abu Yusuf rohimahullohlarning shogirdi Imom Muhammad rohimahullohda ikki ustozining ilmiy salohiyat darajasi namoyon boʻladi. Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniy otasi Shom qoʻshinlarida xizmat qilgan. Keyinchalik Iroqning “Vosit” degan joyiga koʻchib oʻtgan. Shu yerda hijriy 131-yilda Imom Muhammad tavallud topgan. U kishi ilm shaharlaridan biri Kufada voyaga yetdi. Avval hadis ilmiga kirishib, juda koʻp hadis oʻrgandi. Keyinchalik Abu Haniyfa rohmatullohi alayhning darslariga qatnasha boshladi. U kishiga fiqh ilmi ustun kelib shu ilmda tanilib, peshqadam boʻldilar. Keyinchalik Bogʻdodga kelib yashadilar. Insonlar u kishidan hadis va fiqh ilmini oʻrganishar edilar Soʻngra Roqqoga koʻchib oʻtdilar, Horun ar-Rashid u kishini oʻsha joyga qozi qilib tayinlaydi. Umrlarining oxirida “Ray” shahriga borib, oʻsha yerda hijriy 189- yili 58- yoshlarida vafot etdilar.

Shayxlari: Abu Haniyfa, Misar ibn Kadom, Sufyon Savriy, Umar ibn Zar, Molik ibn Migʻval, Molik ibn Anas, Avzoiy, Abu Yusuf va boshqalar.

Shogirdlari: Imom Shofeiy, Abu Sulaymon Juzjoniy va boshqalar u kishidan hadis rivoyat qilgan. U kishining darajalari— Imom Muhammad: “otam menga 30 ming dirham qoldirib ketgan edi, 15 mingini arab tilini oʻrganishga sarf qildim, qolgan 15 mingini esa, hadis, fiqh oʻrganishga sarf qildim”- deganlar. Ismoil ibn Hammod ibn Abu Xanifa aytganki: “Muhammad ibn Xasanning 20 yoshida Kufa masjidida darslari boʻlar edi”. Imom Shofeʼiy aytadilar: “Muhammad ibn Xasandan fasohatliroq kishini koʻrmadim, qachon u tilovat qilsa Qurʼon uning tilida nozil boʻlganga oʻxshardi va undanda aqilliroq kishini koʻrmaganman”. Abu Ubayt aytadi: “Muhammad ibn Xasandanda Allohni kitobini biluvchiroq kishini koʻrmadim”. Ibrohim Harbiy aytadi: “Imom Ahmaddan bu daqiq, nozik masalalarni qayerdan olgansiz deb soʻradim. U: Muhammad ibn Xasanning kitoblaridan deb javob berdi”. Muhammad ibn Samoa aytadi: “Imom Muhammad ahliga mendan dunyo hujjatlarini soʻramanglar! Qalbimni mashgʻul qilib qoʻyadi nima hojatlaring boʻlsa vakilimni olinglar bu gʻamimni kamaytiradi va qalbimni boʻsh qiladi”. Imom Hisoiy va Imom Muhammad bir kunda vafot etishganda Horun Ar-Roshid bugun Lugʻat va fiqh ham vafot etdi degan. Imom Muhammadning kitoblari Zohid Kavsariy: “bizgacha u kishining tabaqasidagi biror olimdan fiqh ilmidan Muhammad ibn Xasandan yetib kelganchalik miqdorda kitoblar kelmagan. Balki, u kishining kitoblari mazhab fiqhlarida yozilgan kitoblarning ustuni hisoblanadi”-deganlar. Imom Muhammadning eng katta kitoblaridan “Mabsut” nomi bilan tanilgan “Asl” kitoblari. Bu kitob haqida aytiladi: Imom Shofeiy buni yodlagan va “Umm” kitoblarini “Asl”ga oʻxshash kitobini yozgan. Ahli kitoblardan bir hakim kishi “Mabsut”ni oʻqib chiqib, kichkina Muhammadlaringni kitobi shu boʻlsa, katta Muhammadni kitobi qanday boʻladi?- deb islomni qabul qilgan ekan.


Mir Arab oliy madrasasi o'qituvchisi Temirov Ibrohimjon

. .