ISTIQLOL – HAR BIR MILLAT GULTOJI
Muallif: . .
Sana: 29.08.2024
49

Mustaqillik azaldan insoniyatning orzu-umidlari, armon va iztiroblarini o‘zida mujassam etadi. Darhaqiqat, insonlar tabiatning gultoji sifatida hamisha ozodlik va hurriyatga intilib yashaydi. Shu bilan birga ular o‘zlarini har jihatdan erkin his qilishga, tahlikasiz turmush kechirishga ehtiyoj sezadilar. Shuning uchun ham insoniyat tarixi turli davrlarda yer sharining barcha mintaqalarida ozodlik uchun kurashning shakli turlicha, mohiyatan o‘xshash bo‘lgan hurriyatga intilish hodisalarini ko‘p ko‘rgan.

Xo‘sh, mustaqillikning o‘zi nima? Istiqlol nimalarga asoslanadi va mazmun-mohiyati nimalardan iborat? Shular haqida ikki og‘iz so‘z yuritamiz.

Eng avvalo shuni aytish kerakki, mustaqillik tenglik sari qo‘yilgan birinchi qadamdir. Chunki, tenglik bo‘lmagan joyda kimdir kimgadir tobe bo‘ladi. Mute’lik bor joyda hukmronlik, o‘zgalar hisobidan yashash kabi illatlar paydo bo‘ladi. Natijada so‘nggi bir yarim asr mobaynida boshimizdan o‘tkazilgan mustamlakachilik illatlariga qarshi kurashish g‘oyalari dunyoga keldi.

Istiqlol o‘zaro hurmat, bir-birini tan olish, bir-birini qadrlash asosida mamlakat fuqarolari o‘zaro munosabatida ham, jahon davlatlari o‘rtasidagi aloqalarida ham ana shu umuminsoniylik qadriyatlarga tayanish, umumiy mezonlar asosida yashash demakdir.

Mustaqillik jamiyatdan ajralmagan holda dunyo muammolari va taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan istiqbol haqida o‘ylashdir.

Istiqlol – erkin dunyo qarash, erkin tafakkurga suyanib yashash solohiyatidir.

Mustaqillik inson imkoniyatlarini tobora kengaytirib, uning yaratuvchanlik iqtidorini va bunyodkorlik qobiliyatini yanada kuchaytiradi. Bir so‘z bilan aytganda, mustaqillik, mustaqil yashashga, mustaqil fikrlashga, o‘z taqdirini o‘zi belgilashga, o‘z hayotini o‘zi izga solishga, ziddiyatlarni osonlik bilan yengishga imkon yaratib beradi. Shu sababli mustqallik ne’matini har bir fuqaro qadriga yetib, uni qadrlashi darkor. Mustaqillik bor joyda ilf-fan va texnalogiyalar rivojlanadi. Davlat va xalq birgalikda o‘z maqsadi tomon intiladi. Shuning uchun istiqlol har bir davlatda katta qadr-qimmatga ega ne’mat hisoblanadi.

Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi
Ro‘zmetov Muhammad Mustafo

. .