​ATO IBN ABU RABOH rohimahulloh (2-qism)
Muallif: . .
Sana: 11.01.2020
2230

Ato ibn Abu Raboh ozod boʻlganlaridan soʻng Baytul Haramga joylashlashdilar va shu maskanda yashab, ilm oʻrgana boshladilar.

Muarrixlar u kishi yigirma yil Masjidul Haramda istiqomat qilganlarini yozishgan.

Ato ibn Abu Raboh olim kishi edilar. Zamondoshlari orasida ikkinchi u kishidek olim tobeinni topish qiyin.

Abdulloh ibn Umar shunday voqeani rivoyat qiladilar: “ Makkaga umra qilish uchun borganimda odamlar mendan masala va fatvo soʻrashdi:

- Ey Makka ahli, sizlarga hayronman, oralaringda Ato ibn Abu Raboh boʻla turib, mendan masala soʻraysizlarmi?“ - dedim men.

Tabiatidagi ikki hislat tufayli Ato ibn Abu Raboh din va ilm bobida yuksak martabaga erishdi. Avvalo, nafsini tiydi, har xil befoyda narsalardan yuz oʻgirdi. Ikkinchidan, vaqtining qadriga yetdi, uni aslo behuda sarflamadi.

Koʻfa ulamolaridan biri Muhammad ibn Suqo roziyallohu anhu mehmonlariga Ato ibn Abu Rabohning foydali nasihatlaridan soʻz ochib, shunday hikoya qiladi: “Ato menga ey birodarimning oʻgʻli, oʻtgan ulugʻ zotlar bekorchi gapni yomon koʻrar edilar,- dedi. Men: “Ular qanday gaplarni bekorchi sanaganlar?“- deb soʻradim.

- Alloh taolo kitobini oʻqish va uqish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini rivoyat qilish, fahmlashdan boshqa barcha gaplarni.

Ular amru maʼruf va nahiy munkardan, Allohga yaqin qilguvchi ilmdan, shuningdek, eng muhim soʻzlarnigina aytishdan oʻzga hamma gaplarni bekorchi hisoblaganlar,- dedi u.

Soʻngra yuzimga tik qarab, barcha amallarni inobatga olib, barcha soʻzlarni yozib turguvchi maloikalar xususidagi:

“Holbuki, shak-shubhasiz, sizlarning ustingizda (qilgan har bir amallaringizni) yod olib, yozib turguvchi ulugʻ (farishta)lar bordir“ (Infitor 10-11) oyatlarini keltirdi va:

- Buni inkor etasizmi? - dedi. Ayni chogʻda, “Qof“ surasining 17-18-oyatlarini ham qoʻshib qoʻydi:

“Zotan oʻng va chap (tomon)da oʻtirgan ikki qabul qilguvchi (yozib turguvchi farishtalar insonning aytgan va qilgan barcha yaxshi-yomon soʻz va amallarini) qabul qilib yozib tururlar. U biron soʻzni talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa) uning oldida hoziru nozir boʻlgan bir kuzatuvchi (farishta u soʻzni yozib olur)“.

Keyin dediki: “Agar kimgadir bu dunyodagi soʻz va amallari yozilgan sahifa koʻrsatilsa, unda na diniga va na dunyosiga aloqasi boʻlgan narsalarni koʻrib uyalib qolmaydimi?!!“.


“Mir Arab“ Oliy madrasasining 3-bosqich talabasi

Anvarjon Oʻrishev tayyorladi.

. .