2017 yil 5 dekabr kuni Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi tashabbusi bilan Buxoro soliq kollejida Mir Arab oliy madrasasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiyamiz – bizning baxtimiz!” shiori ostida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash yo‘lida yaratilayotgan keng sharoit va imkoniyatlar ularning ijodiy-intellektual salohiyatini yuksaltirishda katta ahamiyat kasb etayotgani, Konstitutsiyamizning yaratilishi tarixi, Bosh qomusimizdan o‘rin olgan diniy bag`rikenglik, huquq va burchlarimiz hamda yoshlarimizni yot g`oyalar va “ommaviy madaniyat” ta`siridan ogoh bo‘lishga qaratilgan mavzular o‘rtaga tashlanib, ularga mintalitetimizga yod bo‘lgan illatlardan o‘zlarini asrash yuzasidan tegishli tushunchalar berildi.
Mir Arab oliy madrasasi rektori Xaydar Yuldashxodjaev mazkur yig`ilishda ma`ruza qilib, jumladan, quyidagi fikrlarni bildirdi: “Islom dini terrorizm va diniy ekstremizmni butunlay qoralaydi.
Shu o‘rinda bir fikrni eslash o‘rinli, deb bilaman. Joriy yilda Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda Buxoroga tashrif buyurganida O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida islom dini tinchlik dini ekanini ta`kidlagani butun dunyo musulmonlari uchun faxr baxsh etganini mamnuniyat bilan aytdi. Hadisi shariflarda ham insonlar uning qo‘lidan va tilidan ozor ko‘rmaydigan inson musulmon bo‘lishi bayon etilgan. Biz kundalik salomlashishimizda ishlatadigan so‘z “Assalomu alaykum”ning ma`nosi ham “Sizga tinchlik tilayman” deganidir. ...Asosiy maqsadimiz tinchlik va insonlarni yaxshilik qilishga undovchi islom dinining asl mohiyatini o‘g`il-qizlarimiz ongiga singdirish, yosh avlod zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, yurt ravnaqi uchun fidoyi insonlar bo‘lib kamolga etishiga ko‘maklashishdir.
“Biz – terrorizm va diniy ekstremizmga qarshimiz”, “Mening mahallamda jinoyat sodir bo‘lmasligi kerak” g`oyalari doirasida o‘tkazilgan ushbu tadbir orqali yoshlar giyohvandlik, odam savdosi va diniy ekstremizmning ayanchli oqibatlari haqida keng tushunchaga ega bo‘ldilar.
Davra suhbati yakunida turli zararli g`oya va illatlarning asl maqsadi, ularga qarshi kurashishda milliy ma`naviyatimiz, qadriyatlarimizning o‘rni haqida yoshlar o‘z fikrlarini bildirdilar.
Foto lavhalar: