Jinlar g‘oib sirlarini biladimi?
Muallif: . .
Sana: 26.12.2017
4567

Jin va insonni O‘ziga ibodat qilishlari uchungina yaratgan, ularga barcha zohiriy va botiniy ne’matlarini komil qilib bergan, “Bas, (ey insonlar va jinlar) Parvardigoringizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursizlar?!”, deb xitob qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin!

Jinlarga ommatan, insoniyatga xossatan haq bilan, hidoyat bilan, nuru-ziyo bilan yuborilgan Allohning elchisi, sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salovotu durudlar bo‘lsin!

Jinlarning mavjudligi Qur’oni karim, hadisi sharif va ijmoi ummat bilan sobit bo‘lgandir.

Ko‘pchilik odamlar jin deganda qandaydir g‘ayritabiy faqat yomonlik qiladigan mavjudotlarni nazarda tutadilar. Aslida ham shundaymi? Yo‘q! Jinlar ham alohida bir olam. Ularning ham insonlar kabi yaxshisi, yomoni, kofiri, musulmoni bo‘ladi. Bu notanish olam bilan tanishishdan oldin, avvalo, uning lug‘aviy va istilohiy ma’nolari, nimadan yaratilaganligi, shaklu shamoillari qanday shu va boshqa ularga tegishli ma’lumotlarni o‘rganib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Jin so‘zi arab tilida اَلْجِنُّ ko‘pligiاَلْجَانُّ jaan, o‘zbek tilida esa ajina deyiladi. “To‘silgan” ma’nosida. Ko‘zga ko‘rinmagani va to‘silgani uchun jin deb nomlandi. Onasi qornidagi bolani اَلْجَنِينُ “janin”- (o‘ralgan, to‘silgan), aqli boshidan uchgan, aqli to‘silgan odamni jinni yoki majnun deyish ham shundan olingan. YAna jangda himoya qilish va to‘sish vositasi hisoblangan qalqonni مِجَنٌّ deb nomlandi. Johiliyat vaqtida farishtalarni ham ko‘zga ko‘rinmagani uchun “jin” deb atashgan.

Badruddin ash – SHibliy rahmatullohi alayh aytadi: “Jinlar inson va hayvonlar suratiga kirib olishga qodirdirlar. Ilon, chayon, tuya, mol, qo‘y, ot, hachir, eshshak, qush va odam bolalari suratiga kirib olishi mumkin. Qurayshliklar Badrga chiqib ketayotgan vaqtlarida Suroqa ibn Molik ibn Jo‘‘shum suratida kelgani bunga dalil.”

Asrimizdagi va undan oldingi asrlarda yashagan ko‘pchilik insonlar jinlarni ko‘rmagan, eshitmagan yoki ular jin ekanligini bilmagan bo‘lsalarda ularni arvohlar, g‘ayb odamlari yoki sahro kishilari deb nomlaganlar.

Bu mavzuda kelgan rivoyatlarning eng to‘g‘risi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni jinlarni ko‘rganlari, ular bilan gaplashganlari, ular Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan gaplashganlari, jinlarga ta’lim berganlari, Qur’on tilovati qilib berganlaridir.

Biz ularni ko‘rmasakda ba’zi it, eshak kabi hayvonlar ularni ko‘radi.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إِذَا سَمِعْتُمْ صِيَاحَ الدِّيَكَةِ فَاسْأَلُوا اللَّهَ مِنْ فَضْلِهِ فَإِنَّهَا رَأَتْ مَلَكًا وَإِذَا سَمِعْتُمْ نَهِيقَ الْحِمَارِ فَتَعَوَّذُوا بِاللَّهِ مِنْ الشَّيْطَانِ فَإِنَّهُ رَأَى شَيْطَانًارَوَاهُالْبُخَارِيُّ وَ مُسْلِمٌ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Xo‘roz qichqirig‘ini eshitgan paytinglarda Allohning fazlidan so‘ranglar. CHunki u farishtani ko‘rgan bo‘ladi. Eshak hangrashini eshitgan paytlaringda Allohdan shaytonning yomonligidan panoh so‘ranglar. CHunki u shaytonni ko‘rgan bo‘ladi», dedilar.

Jinlar haqiqatda bor mavjudotlar bo‘lib, asli o‘tdan yaratilgan. Jin so‘zining lug‘aviy ma’nosi avval aytilganidek, to‘silgan degani, ya’ni odamlar ko‘zidan to‘silgan narsa. SHu sababli ham u insonlarga ko‘rinmaydi. Ular o‘zlari ko‘rinmay turib, odamlarni va boshqa narsalarni ko‘rishlari mumkin. SHu bilan birga turli shakllarga kirishlari ham mumkin. Jinlar erkak va ayol jinsiga mansub, dashtu biyobonlar, tog‘ va o‘rmonlarda yashaydi. Ular bir necha toifadan iborat, g‘ul, ifrit, silot toifasidagilari mashhur. SHaytonlar jinlarning yovuzlaridir.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Alloh insonlarga ham, jinlarga ham payg‘anbar qilib yuborgan. Jinlarning bir qismi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ukoza bozoriga ketayotgan vaqtlarida Makka va Madina oralig‘idagi Nahla degan joyga yotganlarida o‘sha joyda bomdod namozini o‘qishadi. Qur’on tilovatini eshitib, dinga kirgan va islomni targ‘ib qilgan. Ularning ichida ham xuddi odamlarga o‘xshab imonsiz-imonli, yaxshi – yomon, adashgan va hidoyatda yurganlari, firibgar va soddalari bor. Jinlardan ham Qur’onga, Payg‘ambar sollalloh alayhi vasallamga iymon keltirib yaxshi yo‘lda yurganlari jannatga, imonsiz bo‘lib yomon yo‘lda yurganlari do‘zaxga tushadilar. Ular odamlarga hech qachon yordam bera olmaydilar va g‘oib sirlarini bilmaydilar, chunki Qur’oni karim nozil bo‘lgandan so‘ng ular bu xislatlardan mahrum bo‘lganlar. Qur’oni karimda Alloh taolo marhamat qiladi:

Albatta bizlar (farishtalarning so‘zlarini o‘g‘rincha eshitib olish uchun) osmonga taqilgan edik, uning kuchli qo‘riqchi (farishta)lar va (o‘g‘ri jinlarga otilguvchi uchar) yulduzlar bilan to‘la ekanligini ko‘rdik. Albatta bizlar (ilgari osmondan ayrim) joylarga (farishtalarning so‘zlarini o‘g‘rincha) eshitib olish uchun o‘tirib olar edik. Endi hozir (ya’ni Muxammad alayhis-salom payg‘ambar qilib yuborilganlaridan keyin) esa kim (ya’ni, qaysi jin o‘g‘rincha) eshitar bo‘lsa, o‘zini kuzatib turgan bir (uchar) yulduzni ko‘rar. Albatta bizlar erdagi kishilarga (Alloh tomonidan) yomonlik iroda qilinganmi yoki Parvardigorlari ularga yaxshilikni iroda qilganmi, bilmasmiz”(Jin surasi, 8,9,10).

Islomdan avvalgi vaqtda jinlar osmonga chiqib maloikalarning o‘zaro suhbatlarini, jumladan yaqin kunlarda sodir bo‘ladigan va bo‘lgan ba’zi ishlar haqidagi ma’lumotlarni yashirin eshitib, erdagi folbinu - munajjimlarga birga o‘nni qo‘shib etkazishar edi. Oradan ancha vaqt o‘tib, osmon xabariga quloq osgani chiqsalar, ularni yulduzlardan uzilib chiqqan uchqunlar urib haydaydigan bo‘lib qolibdi. Ular erga o‘z qavmlari huzuriga qaytib, “Nima bo‘ldi ekan, bizni uchqunlar quvadigan bo‘lib qoldi – ku”? deyishadi. SHunda ba’zilari, dunyoda ulkan, olamshumul o‘zgarish bo‘lgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylashadi. Mashriqu - mag‘ribni kezib bizdan osmon xabarini to‘sgan narsani qidirish zarur, degan qarorga kelib, safarga otlanadilar. Rivoyatlarda naql qilinishicha, Nasiybin nomi bilan ataluvchi joyda yashovchi Jinlardan etti nafari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bomdod namozida qiroat qilayotganlarini eshitib to‘xtashgan, bizdan osmon xabarini to‘sgan narsa shu, deb o‘z qavmlariga qaytib, bo‘lgan hodisani aytadilar.

Johiliyat vaqtida arab qabilalari jinlarga maxfiy, noravshan xudolar deb e’tiqod qilardilar. Ular jinlarning nasabi Alloh taologa etib boradi, uning jinlardan sheriklari bor, degan buzuq e’tiqodga ham bo‘ysunishardi. SHuningdek, arablar jinlar g‘oyibdan xabardor, folbin va munajjimlarga osmon sirlarini aytib turishadi, degan o‘yda edilar. Johiliyat arablarida jinlarning hukmi er yuzida o‘tadi, degan xom hayol bo‘lib, agar ulardan birortalari ma’lum bir erga borib yotib qolmoqchi bo‘lsalar, «Ushbu joyning xo‘jayin jinidan panoh so‘rayman», degan ma’nodagi duoni qilishardi. Hozirgi vaqtgacha kishilarda yuqoridagi aytiladiganlarga o‘xshash turli-tuman buzuq, bid’at-xurofotdan iborat tushunchalar mavjud va ular bu yolg‘on e’tiqodga bo‘ysunadilar.

Islom dini kelib, Qur’on nozil bo‘la boshlagach jinlar uchun osmonning barcha yo‘llari berkilgan va yuqoridagi oyatda jinlarning o‘zlari e’tirof etganlaridek, ular Alloh erdagi bandalari bo‘lmish insonlarga nimani iroda qilishidan mutlaqo bexabardirlar. SHunday ekan, jinlardan panoh tilash yoki ulardan najot kutish, folbinlarga borib ulardan yordam so‘rash shirk va bid’atdan o‘zga narsa emasdir. Alloh taolo mana shunday shirk va bid’at amallardan hamisha o‘z panohida asrasin.

. .