Ramazon oyida musulmonlarga roʻza tutish farz qilingan ekan, albatta, hamma moʻmin musulmonlar Alloh taoloning buyrugʻiga boʻysungan holda bir oylik roʻzalarini tutadilar. Ular Allohning farzini bajarish bilan bir qatorda vaʼda qilingan ulkan ajru savoblarga ham erishadilar. Ramazon oyi shunday fazilatli oyki, unda insonning koʻngli yumshab, gunohdan tiyilib, yaxshilikka moyil boʻlib qoladi.
Zero Nabiy s.a.v. bir hadisi shariflarida: Ramazon oyining birinchi kechasi kirib kelar ekan shaytonlar, haddidan oshgan jinlar kishanlanadi. Doʻzax eshiklari berkitiladi, uning birorta eshigi ochilmaydi. Jannat eshiklari ochiladi, uning birorta eshigi yoʻpilmaydi. Nido qiluvchi (farishta): Ey yaxshi amallarni talab qiluvchi odam! Yaxshi amallaringni qilib qol. Ey yomon amallarni qilmoqchi boʻlgan odam! Bu ishlaringni toʻxtatib tur. (Bu kechada) Alloh uchun dozaxdan ozod qilinadiganlar bordir, deya nido qiladi. Bu holat (ramazonning) har bir kechasida sodir boladi. (Termiziy rivoyati)
Lekin shaytonlar kishanlangan, doʻzax eshiklari berkitilgan bolishiga qaramay ayrim insonlar gunoh ishlarida davom ettirishlariga guvohmiz. Bu kabi shariat taqiqlagan ishlarni amalga oshirish hatto roʻzador insonlardan ham kuzatiladi. Ulamolar bunga ana oʻsha insonlarning nafsi buzuqliklari sababdir, kishanlangan shaytonlar emas, deya izoh berganlar. Zero insonlarni gunohga daʼvat etuvchi faqat shaytonlargina emas, ularning nafslari hamdir.
Shunga koʻra ulamolar insonlarning tutayotgan roʻzalari ularning ixlos-muhabbatlari qay darajada yuqori darajada ekaniga qarab, ular tutayotgan roʻzalarni ham uchta darajaga taqsimlaganlar.
Birinchi daraja ommaning roʻzasidir. Bu roʻza fiqh kitoblarida bayon qilinganidek, kishi niyat qilgan holda oʻzini bomdod vaqtidan to quyosh botguncha yeyish, ichish, jinsiy yaqinlikdan tiyishi bilan boladi. Bu roʻzaning eng adno miqdoridir. Mana shu miqdor ham topilmasa, uning roʻzasi roʻza deyilmaydi, u odam roʻza tutmagan hisoblanadi. Roʻzaning bu turi boshqa turlarga nisbatan eng adno darajada boʻlgani uchun ham uning uchun olinadigan savob qolgan darajalarga nisbatan kamroq boladi.
Ikkinchi daraja esa bu xoslarning rozasidir. Bu roza birinchi darajaga ziyoda olaroq koʻz, quloq, til, qoʻl, oyoq va boshqa aʼzolarni ham masiyat ishlardan tiyish bilan amalga oshadi. Bu roʻza birinchisiga qaraganda qiyin boʻlishi bilan bir qatorda uning uchun erishiladigan savobi ham ulkandir. Bu roʻzani solihlar roʻzasi ham deyiladi.
Bu roʻzaning mukammal boʻlishi esa quyidagi omillar bilan bolishi haqida aytilgan:
Koʻzni barcha yoqimsiz va yomon narsalardan tiyish.
Tilni yolgʻon, gʻiybat, chaqimchilik, tuhmat, fahsh va uyat soʻzlarni soʻzlash, adovat, maqtanchoqlik kabi sharʼan nojoiz gaplarni gapirishdan tiyish. Tilovati Qurʼon, Allohning zikri bilan mashgʻul boʻlish.
Sufyoni Savriyning: Gʻiybat roʻzani buzadi, Mujohidning Ikki xislat gʻiybat va yolgʻon roʻzani buzadi, degan gaplari ommaning roʻzasiga emas, balki, solihlarning roʻzasiga oiddir. Yaʼni, kishi gʻiybat, yolgʻon va boshqa til bilan bajarilgan gunohlar tufayli roʻzasi buzilmasa ham, uning roʻzasi solihlarning roʻzasi darajasidan pastga tushadi, solihlar roʻzasi bolmaydi.
Quloqni eshitish makruh boʻlgan barcha narsalardan saqlash. Zero, gapirish mumkin boʻlmagan narsani eshitish ham mumkin emasdir.
Qoʻl, oyoq, va boshqa aʼzolarni gunohlardan saqlash. Ogʻiz ochgandan soʻng ham qorinni harom narsalar isteʼmolidan saqlash lozimdir. Zero, qorinni halol narsadan saqlab, roza tutib, keyin halol boʻlmagan narsa bilan iftor qilishning manosi ham yoʻqdir.
Uchinchi daraja esa, xoslardan ham xoslarning roʻzasidir. Unda avvalgi ikki darajadanda ziyodaroq narsalardan tiyilish kerak boʻladi. U ham bolsa, roʻzador inson yuqoridagilardan tashqari qalbini ham noshariy ishlarni oylashdan, behuda qiziqishlardan, dunyoviy fikrlardan tiyadi. Qalbda faqat Allohning zikri qoladi. Bu rozalarning ichida eng yuqorisi va bajarish qiyin bolganidir. Lekin Allohning beradigan savobi ham shunga yarasha boʻladi, insha Alloh.
Koʻrinib turibdiki, roʻzador kishi oʻzini qancha koʻproq narsadan tiysa, uning roʻzadorlar orasidagi darajasi ham shuncha ortib boraveradi. Zero, roʻza arab tilida sovm deyilib, uning ma'nosi tiyilish demakdir. Qarabsizki, musulmon kishi roʻza bilan taqvodor kimsaga aylanib qoladi. Shuning uchun ham Alloh taolo Quroni karimda: Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham roʻza farz qilindi. Shoyadki taqvodor boʻlsangiz, deya marhamat qilib, roʻza kishining taqvodor boʻlishiga sabab ekanini eslatgan.
Demak, biz musulmonlar bir oʻzimizning tutayotgan roʻzalarimizni bir kuzatuvga olib, hozirda qaysi darajada ekanini aniqlab olishimiz, ommaning roʻzasida boʻlsak, uni solihlarning rozasi darajasiga olib chiqishga harakat qilishimiz kerak boʻladi. Agar tutayotgan roʻzamiz solihlar roʻzasi darajasida boʻlsa, uni xoslardan xoslarning roʻzasi darajasiga olib chiqishimiz va buning uchun Allohdan tavfiq soʻrashimiz kerak boʻladi.
Alloh hammamizning tutayotgan roʻzalarimizni qabul qilsin, uning darajasi ortib borishida Oʻzi yordamchi bolsin. Omin.
Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi
Toʻxtasinov Roʻzimuhammad
