Farzand tarbiyasida qissalarning o’rni
Muallif: . .
Sana: 15.01.2018
3799

Oila va farzand tarbiyasi mas'uliyatli vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada ulamolarimiz nasihatlari, ajdodlarimiz o’gitlari, ayniqsa, Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning nasihatlari katta ahamiyat kasb etadi. Zero, Ul zotning oila va farzand tarbiyasi masalasida aytgan so'zlari va qilgan ishlari har birimiz uchun suv va havodek zarur. Chunki, bugungi kunda farzand tarbiyasi, oila masalalarida aholi orasida ko'proq tushuntirish ishlari olib borish lozim bo'lib turibdi.

Tarbiya masalasi azaldan jamiyatda muhim masala hisoblanib kelgan. Islom shariatida ham farzand tarbiyasi, xususan, qizlar tarbiyasi masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Chunki qiz va o’g’il bolalarni tarbiya qilish ilk damlardanoq alohida e’tibor, o’ta ehtiyotkorlikni talab qiladi. Bu borada yo’l qo’yilgan kichik bir xato ham vaqti kelib, juda katta afsus va nadomatlarga sabab bo’lishi mumkin[1]. Bandalarining halol va pok yashashini ko’zlab, ular foydasiga “Alloh sizlar uchun o’zlaringizdan juftlar yaratib, juftlaringizdan sizlar uchun o’g’illar va nabiralar paydo qildi va sizlarni pok narsalardan rizqlantiradi…”, deb Alloh taolo muborak kalomi Nahl surasining 72-oyatida marhamat qilgan. Bashariyat hidoyatchisi, insoniyat muallimi, ulug’ murabbiy, namunali oila boshlig’i, ummatning haq yo’lda barqaror bo’lishida beqiyos hissa qo’shgan habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Ota bolaga go’zal odobdan yaxshiroq narsani bera olmaydi”, deb ota-ona uchun farzand tarbiyasi qanchalik muhimligini bayon qilganlar.

Farzand tarbiyasida hikoyalarning o’rni beqiyos. Qissa bolani uzoq vaqt o’ziga jalb qiladi, uning aqli va tafakkurini charxlaydi. Hikoyada bolaga rohat va lazzat bo’lgani uchun bolaning ongiga ta’sir qiluvchi uslublarning avvalgisi hisoblanadi. Nabaviy qissalarda bolalar uchun muhim bo’lgan ko’plab foydalarni topamiz. Bu hikoyalarni Nabiy alayhissalom o’zlarining huzurlaridagi katta-yu kichik sahobalariga so’zlab berardilar. Nabiy alayhissalom o’tgan zamonlarda bo’lib o’tgan voqealarni so’zlab bergan paytlarida, sahobalar u zotning so’zlariga e’tibor bilan quloq solardilar. Chunki, bu qissalarda ular va qiyomatga qadar keladigan kishilarning barchasi uchun pand-nasihat bor.

Shu o’rinda muhim bir mulohaza bor. Albatta, Nabiy alayhissalomning qissalari o’tgan zamonlarda bo’lib o’tgan, ishonchli haqiqatga suyanadi. Bu qissalar cho’pchak va afsonalardan yiroqdir. Bu tarixiy qissalar bolaning ruhiga, oldinga intilish va shijoatni ziyoda qilish kabi ishonchni hosil qiladi. Bolada manbai qurimaydigan, doimo oqib turadigan, islom shiorlarini va bema’ni bo’lmagan chuqur hissiyotlarni paydo qiladi.

Albatta, dunyoning buyuk olimlari va mashhur solih kishilar qissalar bolaning nafsida fazilatlarni paydo qiladigan, eng yaxshi vositadir deya zikr qilganlar. Ular bolani mashaqqatlarni ko’tarishga, vayronkor g’oyalardan nafratlanishga va buyuk maqsadlarga undaydi.

Mana shu o’rinda ba’zi qadimgi ulamolar: “Hikoyalar Allohning qo’shinlaridan bo’lgan bir qo’shindir. Alloh bu qo’shin bilan avliyolarining qalblarini mustahkamlab qo’yadi”, deganlar. Bu gapni Allohning kitobidagi quyidagi oyat tasdiqlaydi. Alloh taolo Hud surasi 120-oyatida aytadi:

“Biz qalbingni sabotli qilish uchun senga Payg’ambarlar xabarining hammasini qissa qilib aytmoqdamiz. Bu (sura)da senga haq va mo’minlarga mav’iza hamda eslatma keldi”.

Imom Abu Hanifa rohmatullohi alayhi: “Menga ko’p fiqhdan ko’ra ulamolar va ularning yaxshi amallari haqidagi hikoyalar suyukliroqdir. Chunki bu hikoyalar qavmlarning odoblaridir”, deganlar. Bu gapni Alloh taoloning kitobidagi quyidagi oyat tasdiqlaydi. Alloh taolo Yusuf surasi 111-oyatida shunday deb marhamat qiladi:

“Batahqiq, ularning qissalarida aql egalari uchun ibrat bor edi”

Ha, bu kabi hayotda ro’y bergan ibratli qissalar farzand qalbida chuqur o’rin egallaydi. Inson tabiatida kimgadir ergashish va taqlid qilish sifati bor. Agar unga solih insonlar haqida aytib berilsa, kelajakda, albatta, ularga o’xshashga harakat qiladi. O’z navbatida ota-ona ham farzandiga bunday uslubda tarbiya berishi uchun ilm-u ma’rifatli bo’lishi kerak.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, farzand tarbiyasida qissalarning o’rni beqiyosdir.

Mirmahamatov Muhammad

Mir Arab oliy madrasasi 1-kurs talabasi



[1] Alimov U. Islom ma’rifati – ezgulik yo’li. T – Movarounnahr 2015, 78-bet.

. .