​"Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi Qonun loyihasining muhokamasiga qo’yilishi yuzasidan munosabat
Muallif: . .
Sana: 19.09.2020
1158

Kuni kecha Oliy majlis tomonidan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo’yildi.

Muhokamaga qo’yilgan masalalardan biri sifatida “diniy libos” atamasini aytish mumkin. Ma’lumki, ushbu qonunidagi mazkur masala uzoq yillardan beri mamlakatning ko’plab musulmon fuqarolari uchun muammo tug’diryapti. Ushbu muammo tufayli bir qanchalari ma’muriy javobgarlikka ham tortilgani hech kimga sir emas. Shuning uchun ham muhokama vaqtida aksariyat fuqarolarning “diniy libos” atamasini qonunchilikdan chiqarib tashlash kerak, degan fikrda bo’lishlari ham tabiiy holdir.

To’g’ri, ayrim dinlarning ibodatga xos bo’lgan liboslari bor. Ammo, Islom shariatida diniy libos degan tushunchaning o’zi yo’qdir. Imom-xatiblarning kiyib yurgan salla, choponlari, ayol-qizlarning butun badanlarini berkitadigan kiyim kiyishlariga esa shariatda diniy libos sifatida qaralmaydi. Libos diniy bo’lishi uchun undan aynan ibodat vaqtida foydalanadigan bo’lishi kerak. Yuqorida zikri kelgan liboslar esa, musulmonlarning ibodatgagina xos bo’lgan kiyimlari emas, balki, bu kiyimlardan umumiy holatlarda foydalanish mumkindir. Ayol-qizlardan yuzlari va kaftlaridan boshqa butun badanlarini berkitib yurishlari din, shariat talabidir. Zero, ayollarning badanlari avrat bo’lib, uni berktish, birovga ko’rsatmaslik lozimdir.

Nima bo’lganda ham O’zbekiston Respublikasi qonunchiligida bunday islohotlar o’tkazilishi va xalqning fikrini o’rganib, muammolarni bartaraf qilib borish ijobiy ishlar sirasiga kiradi. Bu esa Alloh taoloning “Va ularning ishlari o’zaro mashvarat bilandir” oyatiga muvofiqdir. (Sho’ro surasi, 38-oyat.)

Ushbu qonunning keng muhokamaga qo’yilishi har bir fuqaroning o’z fikrini erkin bildirishi, qonunning ijobiy va salbiy tomonlarini aytib o’tish mumkinligini ifodalaydi. Bu esa xalq tomonidan bildirilgan fikrlar qayta ko’rib chiqilishi, kerak bo’lsa, unga o’zgartirish kiritilishi mumkin deganidir.

Bu va shu kabi bir qancha ishlar, albatta, qonunchlikda olib borilayotgan ishlar borgan sari takomillashayotgani, fikr erkinligi uchun imkoniyatlar yanada ko’payganini ifodalaydi. Ushbu omil kelajakda, albatta, O’zbekiston fuqarolarining manfaatiga xizmat qiladi, degan umiddamiz.

Mir Arab Oliy madrasasi o’qituvchisi

To’xtasinov Ro’zimuhammad

. .