Xalqparvar rahbar
Muallif: . .
Sana: 01.02.2018
1803

Bismillahir rohmanir rohim

Xalqparvar rahbar

Mukammal yo’l – Islomni bizlarga din qilib bergan Alloh taologa hamdlar bo’lsin. Tarixning ulug’vor kunlarida dunyoga ustozlik maqomini haqli ravishda olgan ota bobolarimiz ayni islom yo’lidan yurgan, uning ko’rsatmalariga amal qilgan edilar.

Vatanini sevib, firoqda uni doimo sog’inib va unga talpinib turgan, bizlarga ham shuni ta’lim bergan buyuk muallim Payg’ambar Muhammad sollallohu a’layhi vasallamga salovot va salomlarimiz bo’lsin.

Xalqimiz dono o’tmishdoshlarini sevib ardoqlaydi, ularni yaxshiliklari bilan yodga oladi. Shonli tariximizni esa doimo ko’klarga ko’tarib faxrlanadi. Biroq, undan faqatgina faxrlanish go’yo taomning mazali ekanligini og’izdan bol tomib tariflab, ammo undan tatib ko’rmaslikka, hatto hech tatib ko’rmaslikka o’xshaydi. Shu boisdan bu shavkatli o’tmishni turli pardalarsiz shaffof holda ko’rishni nasib etgan Yaratganga shukrlar aytish hamda shukrning isboti o’laroq ajdodlar yo’liga ma’nan qaytish, ilmu-irfonidan, barokotlaridan bahramand bo’lish, nasihatlariga yurish ayni muddao bo’ladi. Bu yo’lning avvali ularni yaxshi tanishdan boshlanadi.

Mustaqilligimizning ilk kunlaridan ajdodlar ruhini shod qilish, qabrlarini obod etib, ular haqqiga Qur’on o’qish baxtiga erishdik. Buning izidan ular qoldirgan merosga ega bo’lish, undan dunyo unumli foydalanib turgan bir paytda haqli ravishda biz ham istifoda qilish imkoniga ega bo’ldik. Bu xayrli ishda vasila bo’lganlarga Alloh ajrlarini ko’paytirib bersin.

O’zbekistonning birinchi Prezidendi Islom Karimov xalqning bu xayrli yo’lga, azim daryoning sharafli o’zaniga qaytishiga sababchi bo’ldi. Xalq mustaqillik haqqini qo’lga olar-olmas Islom Karimov turli sohalarda islohotlarni amalga oshira boshladi. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va boshqa jabhalar qatorida xalqning ma’naviy olamida ham katta o’zgarishlarga yo’llar ochildi, keng imkoniyatlar yaratildi. Musulmonlar ikki hayit bayramlarini nishonlash, diniy ta’lim olish, buyuk ajdodlari xotirasiga hurmat ko’rsatish kabilar bunga misol bo’ladi. Bu ishlarda bosh-qosh bo’lib, shaxsan ko’rsatmalar berib, ijrosining taminlanishini kuzatib borgan inson Islom Karimov edilar. Albatta, shaxdam qadamlar bilan ildamlab borayotgan davlat, xalq yo’liga to’g’anoq bo’ladiganlar, o’zlariga turli jihatlardan tobe qilishni istovchilar doim topiladi. Buning uchun turli harakat va urinishlar qilindi. XX asrning 80-yillari oxiridagi millatlar o’rtasidagi nizolar, 90-yillardagi diniy tus berilgan harakatlar, jumladan: 1999-yildagi mash’um suiqasd, 2000-yilda Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida, 2004-yilda Toshkent va Buxoroda, 2005-yilda esa Andijonda amalga oshirilgan terrorchilik aktlari bunga misol bo’la oladi. Ana shunday og’ir damlarda Islom Karimov katta fidoiylik ko’rsatib, xalqni yolg’iz tashlab qo’ymadi, doimo ular yonida turib, boshini siladi. Tinchlik, osoyishtalik yo’lida ulkan xizmatlar qildi.

Bunday bo’ronli kunlarda O’zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov endigina xudosizlik balosidan qutulib, o’z diniga, madaniyati va boy qadriyatlariga qovushayotgan xalqning xursandchiliklariga chang solishlariga yo’l qo’ymadi. U kunlar o’ta og’ir, kimning kim ekanligi noma’lum edi. Aksariyat insonlarda sobit fikr mavjud emas, johillik, aqidada kamchilik, mutaxassislar yetishmovchiligi aziyat berardi. Bunday vaziyat esa xalqning ongida bo’shliq paydo qiladigan tushkunlik damlar bo’lib, bundan o’zlarining g’arazli maqsadlari yo’lida foydalanib qolishga urinadigan parda ortidagi kuchlar har doim ham topiladi. Dunyo tajribasi va tarixidan bunday paytlarda fuqorolar urushlari, eng kamida juda katta parokandalik kelib chiqishi ayon. Bir so’z bilan aytganda, Islom Karimovning chekiga tushgan rahbarlik va vaziyat har sohada havas qilarlik darajada emas edi.

Lekin, Islom Karimov kelajakni oldindan ko’ra bilish qobiliyati bilan bunday vaziyatda qilinishi lozim bo’lgan barcha ishlarni amalga oshirdi. Xudo bergan iqtidori, xalqning duolari, ajdodlar ruhiga bo’lgan hurmat evaziga unga ko’kdan ingan barokot bilan O’zbekiston oldidagi muammolarning hal qilinishiga sabab bo’ldi. Islom Karimov xalq ishonchini oqladi. Mustaqillik farzandi sifatida yurti va yurtboshiga sodiq, og’ir damlarda vataniga yelkadosh bo’lishni, uning oldidagi burchini doim his qilib turishni yaratgandan so’raydigan biz yoshlar Islom Karimovni ana shunday xalqparvar rahbar sifatidagi xotiralar bilan yodga olamiz. Alloh birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qilgan yaxshi amallarini yo’ldosh aylasin.

Baxtiyor Shodiev

Mir Arab oliy madrasasi o’qituvchisi

. .