Ey xodim, xizmatga shoshma! Yoxud GEDONIZM…
Muallif: . .
Sana: 13.02.2018
1954

Bismillahir Rohmanir Rohim

Ey xodim, xizmatga shoshma! Yoxud GEDONIZM…

O‘qishni tamomladik. Birov xursand, ish joyi tayin. Kimdir xafa, umidi yo‘q, do‘stlaridan ajralib uzoq-uzoqlarga, hayot qo‘lidan tutib, tortqilayotgan tomonga, ona yeriga ketadi. Yana kimdir allaqanday tushunarsiz holda lablari o‘ynab, o‘zidagi o‘zgarishni sezib, namlangan ko‘zlarini olib qochadi. Men esa bu tabiiy hol deya bilib, bilsamda bu xotirjamlikni kimsaga bildirmaslikka urinaman, boisi meni bemehr demasinlar. Men ham do‘stlarim yonidan uzoqlashishni, ular bilan ha deganda xayrlashishni istamayman, ammo na iloj…

O‘ylashimcha, bu kechinma oliygohni tamomlab, mustaqil hayot yo‘liga qadam qo‘yganlarning katta qismidan o‘tgan. Bundan keyini xizmat. Vatan, xalq va din yo‘lidagi bu ulug‘ xizmat, albatta, muhim, biroq har ishning usuli, odobi bor. Ba’zida tengdoshlarimiz – yoshlar shoshqaloqlik qilib, xatolarga yo‘l qo‘yishmoqda. Bu xatolar nafaqat o‘z hayotlari, faoliyatlariga, balki, bugungi avlod vakillariga nisbatan ham ishonchsizliklarga olib kelmoqda. Ba’zan yoshlarga nisbatan quloqqa chalinadigan salbiy fikrlar bunga misol bo‘ladi.

Xizmatning ham usuli bor, odobi bor. Ustoz-shogirdlik an’anasining yuksak namunasini ko‘rsatgan ajdodlar hayotiga qaralsa, ular ustozlari yonida umrining katta qismini sarflashgan. Chunki, xizmat fazilat bo‘lishi bilan bir paytda o‘ta nozik ishdir. Bunday nozik ishda pishib yetilgan shogird xizmatga loyiq xodim bo‘lgandagina ustozlarining ijozati va ko‘rsatmasi bilan mustaqil faoliyat olib borgan. Aslini olganda ilohiy ta’limot – Islom ham tadrijiy taraqqiyot uslubiga, ustoz-shogird an’anasiga monand rivojlangan. Alloh Qur’onni O‘zining farishtasi Jabroil alayhissalom orqali Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qildi. Shu yo‘sinda Qur’on U Zotning qalblariga joylashdi. Alloh Qur’onni kitob holida tushirib qo‘yishi ham mumkin edi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham sahobalarga Qur’onni tilovat qilib berdilar. Qur’on sahifalardan sahifalarga ko‘chmadi, balki, qalblardan qalblarga ko‘chib o‘tdi. Shu bois qadimdan olimlar ilmni sahifalardan emas, balki, ustozdan o‘rganishni targ‘ib qilganlar, buning ziddini makruh sanaganlar.

Bugungi o‘ta tezkor zamonda esa ba’zi shoshqaloq yoshlar ana shu tarixiy qoidani biroz esdan chiqarmoqdalar. Qabrgacha ilm izlash vazifasida sustkashlikka yo‘l qo‘ymoqdalar. Ilm izlashdek sharafli ishda muallim, mudarris va ustozlar ko‘magi va yo‘l-yo‘riqlariga bo‘lgan ehtiyojni yetarlicha his qilmayaptilar. Ustozi yo‘qning ustozi shaytondir, degan purhikmat gapni tushunishni istamayaptilar, nazarimda. Barcha istaklariga tezda, qiyinchiliklarsiz erishish orzusi yoshlarning ongini band qilmoqda. Bu yo‘lda kim to‘siq bo‘lsa, go‘yo dushman, maslahat berib toyilishdan ogohlantirsa, yutuqlarni ko‘ra olmayotgan hasadgo‘yga aylanmoqda.

Bugun ko‘plab psixologik kasalliklar paydo bo‘lmoqda. Shunday kasalliklardan biri gedonizmdir. Gedonizm barcha istak-xohishlarga, orzu-havaslarga tez va to‘siqlarsiz erishishni aks ettiruvchi ma’naviy illatdir. Buni oliy ta’limni endigina tamomlagan g‘o‘r yoshlar hayotida ko‘p hollarda kuzatish mumkin. Bunday yoshlar, garchi ularda katta iste’dod mavjud bo‘lsa-da, ulkan natijalarga erisha olmaydilar. Yosh nihol tez singanidek bunday kasallikka chalingan yoshlar ham hayotda o‘z o‘rinlarini topa olmay yo‘ldan adashadilar. Bunga ba’zi hollarda atrofdagi kattalar ham e’tiborsizlik qilish orqali sabab bo‘ladilar.

Kelajak yoshlar bilan. Kechagi avlodni bugungi avlod davom ettirar ekan, bunday ilohiy jarayonda loqayd qolish mudhish xato bo‘ladi. Shu bois kattalar, ayniqsa, muhtaram mudarris, muallim va ustozlar bunday yoshlarni qanotlari ostiga olishlari, ularni xatolaridan oldin ogohlantirishlari lozim. O‘zlari ham bosib o‘tgan hayotning muhim davridan g‘o‘r yoshlarni eson-omon yetaklasalar, ayni muddao. Niholni yoshligida to‘grilash mumkin-ku axir. Aks holda u qiyshiq yog‘ochga aylanadi yoki keraksiz nobob o‘tindek yonib, kul bo‘ladi.

Shodiyev Baxtiyor,

Mir Arab oily madrasasi o‘qituvchisi

. .