O’ZGALAR HAQQIDAN SAQLANAYLIK
Muallif: . .
Sana: 23.02.2018
1868

O’ZGALAR HAQQIDAN SAQLANAYLIK

Hidoyat mayog’imiz bo’lmish Qur’onda Robbimiz Haqq subhanahu va taolo marhamat qilib aytadiki: “Bir-birlaringizning mollaringizzni botil yo’l bilan yemanglar”. (Baqara 188 ).

Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham o’zlarining muborak hadislarida o’zgalarning haqi jahannamda qorinda olov bo’lishiga ishora qilganlar. Biz musulmonlar hayotimizning barcha tarmog’ida o’tgan salaflarimizdan o’rnak olamiz, xuddi shuningdek, bu borada ham:

Bir vaqtlar Marv shahrida hokimlik qilgan Nuh ibn Maryam ismli juda olim va badavlat kishi bor edi. Bir kuni hazrat Muborak ismli qora tanli qullarini chaqirdilar va shaharning chetrog’ida joylashgan katta bog’lariga qo’riqchilikka jo’natdilar. Jo’nata turib: “Muborak, bog’imga yaxshi qaragin, mevalarga hech kim tegmasin”-dedilar.

Oradan bir muddat o’tib hazratning o’zlari bog’dan xabar olgani bordilar va qullariga: “Ey Muborak, menga bitta shirin anor keltir”-dedilar. Muborak bir katta va chiroyli bo’lgan anorni keltirdi, hazrat anorni yeb ko’rdilar va: “Bu anoring nordon ekan, borib boshqasini keltir”-dedilar. Keyingisi va undan keyingilari ham mana shunday bemaza chiqavergach, hazrat g’azab bilan: “Sen meni axmoq qilayapsanmi! Keltirgan anorlaringni barchasi bemaza-ku!”-dedilar. Bu gapga nisbatan qulning berilgan javobidan esa xayratda qoldilar. Muborak: “Xojam, siz menga kelishimdan oldin bog’ga yaxshilab qarashimni va mevalardan hech kim yemasligini ta’kidlagan edingiz, shunday ekan men bog’ga yaxshilab qaradim va mevalarni hech kimga yedirmadim, shuningdek, o’zim ham yemadim, endi qanday qilib anorni shirinini yemasdan bilishim mumkin! Men anorlarni ko’rinishiga qarab, chiroyli ko’ringanini olib kelyapman”-deb javob bergan edi.

Qulning javobidan hazrat biroz o’yga toldilar va: “Ey Muborak, mening bir chiroyda va ilmu-taqvoda dong’i ketgan qizim bor, nima deysan, shu qizimni kimga turmushga bersam to’g’ri bo’lar ekan?”-dedilar.

Muborak: “Hojam, agar dunyo istasangiz, moldor odamga bering! Agar oxirat istasangiz,ilmli va taqvoli insonga bering”-dedi.

Hazrat: “Muborak, agar qizimni senga turmushga bersam, sen rozi bo’lib, uylanasanmi?”-dedilar.

Muborak: “Xojam, siz ulug’, badavlat, hur kishisiz. Men esa, qora tanli habash qulman. Shunday ekan, men sizning qizingizga munosib emasman”-dedi.

Hazrat esa: “Muborak, men bir ayolim bilan masahatlashayin, agar ayolim rozi bo’lsa, men qizimni senga berishga roziman”-dedilar.

Erlarining bu taklifiga ayoli ham rozi bo’lgach, qizlarini Muborakka turmushga berdilar. Oradan bir muddat o’tib, bu oilada o’g’il farzand dunyoga keldi va bu farzandlariga Abdulloh deb ism qo’ydilar. Keyinchalik bu yigit islom olamida “Abdulloh ibn Muborak” nomi bilan dong’i ketgan, hamda Qiyomatgacha nomi tillarda doston bo’luvchi mufassir, muhaddis va boshqa ilmlar peshvosi bo’lib yetishdilar!

Buxoroda yashab o’tgan ulug’ avliyolardan biri bo’lmish Sayyid Amir Kulolning onalari aytadilar: “Men mana shu farzandimga (Sayyid Amir Kulolni nazarda tutyaptilar) homilador bo’lgan paytimda biror shubhali narsa yeb qo’ysam, qornim shunchalik qattiq og’rir ediki, ba’zan og’riqning zo’ridan hushimdan ketib qolar edim. Keyinchalik bildimki, bu narsa Allohning mana shu farzandimni homilaligidayoq haromdan saqlagani sababidan ekan.

Ulug’ mazhabboshimiz bo’lmish Abu Hanifa davrlarida baytulmoldan bir qo’y yo’qoldi. Hazratimiz bir necha cho’ponlardan bitta qo’y necha yil umr ko’rishi haqida so’radilar, ulardan eng uzoq muddat yetti yil ekanini bildilar va shundan so’ng yetti yil qo’y go’shti yemadilar. So’raganlarga esa: “ Men go’shtini yegan qo’y baytulmoldan yo’qolgan qo’y bo’lib qolishidan qo’rqaman”-deb javob berdilar.

Ulug’larimizning hayotida o’zgalar haqidan saqlanish xususida sizu-bizga go’zal o’rnak bordir.

Alloh taolo barchalarimizni haromdan saqlanib, ota onasiga Abdulloh ibn Muborak, Sayyid Amir Kulol va ulug’ imomimiz Abu Hanifadek farzand bo’lishni hamda, mana shu ulug’ zotlardek farzandlarni tarbiyalab, O’zining huzuridagi eng haqq din bo’lmish islom diniga hissa qo’shishni nasib qilsin.

Mir Arab oily madrasasi 1-kurs talabasi

O`RISHEV ANVAR

. .