IJTIMOIY ISLOHOT VA HAMKORLIK – AHOLIGA G’AMXO’RLIKNING YUKSAK IFODASI
Muallif: . .
Sana: 16.07.2021
485

Ba'zi odamlarning qolganlardan xoli, o'zi bilan o'zi ovora, men senga tegmay, sen menga tegma qabilida yurganlarini ko'ramiz. Bu odamlar haqida Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Insonlarga aralashib, ularning aziyatiga sabr qiladigan mo'min ularga aralashmay, aziyatlariga sabr qilmaydigan mo'mindan ko'ra yaxshiroqdir”, deganlar (Termiziy rivoyati).

Bundan hikmat shuki, agar odamlarning ichida yursa, ularning muammolarini ko'rib, hal qilishga yordam beradi. Yoki boshiga qiyinchilik tushganlar undan yordam so'ray oladi. Namozlarimizni jamoatda ado etilishining asosiy hikmatlaridan biri ham shudir. Mo'min musulmonlar bir-birlari bilan ko'rishib, hol-ahvol so'raydilar va bahamjihat hal qiladilar. Natiyjada jamiyatdagi barcha muammolar hal bo'ladi va o'zaro mehr-muhabbat uyg'onadi.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Sizlarning Alloh taologa eng mahbublilaringiz insonlarga manfaat beruvchilaringiz”, deb marhamat qilganlar (Tabаroniy rivoyati).

Bu hadisdan kelib chiqadiki, kim eng yaxshi inson bo'lishni xohlasa, qo'lidan kelganicha boshqalarga foidasi tegishi kerak ekan. Agar u ilm ahlidan bo'lsa, ta'lim sohasiga xizmat qilib, manfaati tegishi kerak. Chunki, muallimga dengizdagi baliqlar ham istig'for aytadi. Vafot etganidan keyin esa, doimiy borib turuvchi sadaqai joriya bo'ladi. Agar o'rgatmay yashirsa, qiyomatda olovli jugan bilan juganlanadi. Alloh o'zi asrasin.

Agar u boy bo'lsa muhtojlarga, yetim-yesirlarga ehson qilish bilan manfaati ko'proq tegadi. Chunki, uning qilgan ehsoni 10 barobardan 700 barobargacha ziyoda yaxshilik deb nomai a’moliga yoziladi. Moliga baraka kiradi, har turli balolardan omonda bo'ladi. Aksincha bo'ls,a baxilligi sababli holiga voy bo'ladi. Qolgan soha egalarini ham huddi shunday davom ettirish mumkin.

Har birimiz Allohning nazdida eng yaxshi inson bo'lishga harakat qilsak, ijtimoiy sohamizning barcha jabhalari o'z-o'zidan isloh bo'ladi.

IBROHIMJON TEMIROV

Mir Arab oliy madarasasi hadis fani o’qituvchisi

. .