VIRTUAL MAKONDAGI HAYOT...
Muallif: . .
Sana: 24.08.2021
373

Virtual makonda hayot kechirish sizu biz oʻylagandan ham koʻra xavfliroqdir. Masala shu qadar dolzarb va murakkabki, uni soʻzsiz muammo darajasiga koʻtarsa boʻladi. Nima uchun? Avvalo, faktga yuzlansak. Bugun dunyoda har bir ofis xodimi kuniga oʻrtacha hisobda 5-6 soat vaqtini kompyuter oldida oʻtkazadi. Telefon soʻzlashuvlari, televizor, internet va kompyuter oʻyinlarini qoʻshib hisoblaganda, bu raqam ikki baravarga ortadi. Demak, zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalanish uchun kunning teng yarmini sarflar ekanmiz.

Yoshlar orasida esa mobil telefonlardan keyingi oʻrinda internet eng ommaviy aloqa vositasi ekanini isbotlashning hojati ham boʻlmasa kerak. Sotsiologik tadqiqotlarga koʻra, yer yuzi aholisining 22 foizi internetdan har kuni foydalanadi. Yana bir qiziq maʼlumot: hozir global tarmokda eng koʻp koʻriluvchi yuzta veb-saytning yigirmatasi ijtimoiy tarmoqlar turkumiga kiradi, yana oltmishtasi u yoki bu jihatdan ijtimoiy mazmundagi saytlardir. Uning fonida internet va ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilarining sonigina emas, ushbu tarmoqlarning insonlarga koʻrsatayotgan taʼsiri ham sezilarli ravishda ortib borayotgani yaqqol koʻzga tashlanmokda.

Internet foydalanuvchilarining 78 foizi (aksariyati yoshlar, albatta) ijtimoiy tarmoqlardagi maʼlumotlarni haqqoniy va xolis axborot,

deb hisoblaydi. Koʻp vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkazuvchi insonlar ulardan, asosan, elektron xat-xabarlarni qabul qilish uchun foydalanishadi. Vaholanki, shaxsiy yozishmalar, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardagi kabi qisqa matnli xabarlar kerakli axborotning atigi yetti foizini yetkaza oladi xolos. Ulardagi maʼlumotlarning 90 foizi esa mutlaqo befoyda axborotlardir. Boshqacha qilib aytganda, ijtimoiy tarmoqlarda oz-ozdan vaqt oʻtkazganda ham inson bunday mashgʻulotdan deyarli hech qanday foyda olmaydi.

Aslida, biz soʻz yuritayotgan muammo koʻp qirralidir. Unga chuqur kirib borgan sari muammo izidan muammo kelib chiqaveradi. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarga tobelikni olaylik. Bu ham koʻp tarmoqli muammo.

Chunki virtual tobelik insonda tashqi olamdan yolgʻizlanish, reallikdan, shaxsiy hamda ijtimoiy hayotdagi qiyinchilik va muammolardan qochish, ularni koʻrmaslik va tan olmaslik, oxir-oqibat esa depressiyaga olib keladi. Bu holat ijtimoiy psixologiyada “omma ichidagi yolgʻizlik” nomini olgan. Yaʼni, inson bir qarashda ijtimoiy faol muhitda hayot kechiradi-yu, biroq, borgan sari undan qochishga, yolgʻizlanishga intiladi. Qizigʻi shundaki, bunday holat koʻproq telekommunikatsiya va kompyuter texnologiyalaridan foydalanuvchi insonlarda kuzatilmoqda. “Omma ichidagi yolgʻizlik” holatining salbiy oqibati oʻlaroq, depressiyaga yoʻliqqan insonlar nihoyatda passiv, kamharakat va kamgap boʻlib qolishadi. Shu bois ular virtual makonda hayot kechirishni maʼqul koʻrishadi. Chunki real hayotda yashash, insonlar bilan muloqot qilish kishidan faollikni, maʼlum mikdorda energiya sarflashni talab qiladi. Virtual dunyoda esa minimal harakat evaziga deyarli barcha kutilgan natijalarga erishish mumkin. Bugungi kunda internet makonida, asosan, koʻngilochar yoʻnalishdagi ijtimoiy tarmoqlarning tobora ommalashib borayotgani shu bilan bogʻliq.

Faol foydalanuvchilar soni boʻyicha hozir dunyoda “Gʻasebook” ijtimoiy tarmogʻi yetakchilik qilmokda. Uning bir oylik auditoriyasi yetti yuz million kishidan ortiq. Mamlakatimizda mazkur ijtimoiy tarmoq

128 ming nafar foydalanuvchisiga ega edi (2012 yil fevral holatiga koʻra). Oʻzbekistonlik internetdan foydalanuvchilarining 2,5 millioni www.odnoclasnici.ru saytida roʻyxatdan oʻtgan. “Odnoklassniki” 1995 yilda Rendi Konrad tomonidan asos solingan zamonaviy koʻrinishdagi birinchi ijtimoiy tarmoq Slassmates.somning rus tilidagi nusxasi hisoblanadi. Qolaversa, u hududiy ijtimoiy tarmoq boʻlib, hamdoʻstlik mamlakatlari auditoriyasi uchun moʻljallangan.

Soʻnggi yillarda internet tarmogʻida ham bir qancha oʻzbek tilidagi ijtimoiy tarmoqlar paydo boʻlib qoldi. Biroq, bu kabi ijtimoiy tarmoqlar koʻpincha brend darajasiga yetgan yirik ijtimoiy tarmoqlardan qisman yoki toʻliq nusxa koʻchirish yoʻli bilan shakllantirilmoqda. Ularning asosiy kamchiligi ham mana shundadir.

Ijtimoiy tarmoq – millionlab insonlarni oʻz domiga tortuvchi ulkan mashinadir. U odamzodni programmalashtiradi. Yaʼni, bizni muayyan xatti-harakatlarni bajarishga undaydi. Unda yaxshi-yomon, toʻgʻri-egri kabi axloqiy mezonlar mavjud emas. Masalan, muayyan ijtimoiy tarmoqlarda birovni kalaka qilib, shaʼniga nomunosib gaplarni aytish, behayo suʼratlarni joylashtirish, begona ayol yoki erkak bilan uyatsiz mavzularda suhbatlashish kabi holatlar normal hodisa sifatida qabul qilinishi mumkin.

Axloqiy meʼyorlarning bu qadar buzilishi, baʼzan esa mutlaqo tanolinmasligi real hayotda insonlar oʻrtasidagi munosabatlarga salbiy taʼsir koʻrsatadi, putur yetkazadi.

Maʼlumot oʻrnida ayrim misollarni keltirsak. Bugungi kunda AQSHda qayd etilayotgan har beshta ajrimdan bittasiga ijtimoiy tarmoqlar sabab boʻlmoqda. Sankt-Peterburg psixoanalitik markazi mutaxassislari tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot natijalari esa ajrashgan oilalarning 15 foizi ana shu ijtimoiy tarmoqlar tufayli boʻlganini koʻrsatdi.

Mustaqilligimiz – bu hech kimga qaram boʻlmasdan, oʻz milliy manfaatlarimizni, uzoq va davomli maqsadlarimizni koʻzlab, iqtisodiyotimizning barqaror surʼatlar bilan oʻsishini taʼminlash, aholimizning farovonligini, xalqaro maydonda Vatanimizning obroʻ-eʼtiborini munosib darajaga koʻtarishdir.

Biz oldimizga qoʻygan buyuk maqsadlarni amalga oshirishda oʻtgan yillar davomida erishgan va jahon tan olgan yutuq va marralarimiz, milliy demokratik davlat qurish, iqtisodiyotimizni yangi asosda tashkil etish, hayotimiz darajasi va sifatini oshirish borasidagi keng koʻlamli ishlarimizni koʻramiz. Shahar va qishloqlarimizning, butun mamlakatimizning qiyofasi tobora ochilib, obod boʻlib borayotgani hech kimga sir emas, albatta. Shunday ekan aytinglarchi bu kabi yuksak natijalarga istiqlolga erishmasdan turib yetib borishimiz mumkinmidi? Bunga javob bitta: yoʻq va aslo yoʻq. Shunday ekan aziz yurtdoshlar, barchalarimiz birgalikda yurtimizning kelajagi va farovonligi uchun birgalashib jon-jahtimiz bilan harakat qilaylik.

MANSUR JAMBILOV

Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi

. .