30 YOSHING MUBORAK, JONAJON YURTIM!
Muallif: . .
Sana: 29.08.2021
475

Bizning hozirgi kunda diniy ibodatlar-u dunyoviy amallarimizni eminlikda bajarishimiz, oilamiz bag’rida osoyishta hayot kechirib, tunlari xotirjam orom olishimizni ta’minlab berayotgan asosiy omil bu - mustaqillikdir. Chunki, istiqloldan avvalgi yurtimiz holatini yodda saqlab, tafakkur qilsak, mustaqillik ne’mati naqadar totli va juda ham oliy in’om ekanini yanada chuqur anglab yetamiz. Ushbu 30 yil mobaynida yurtimizda barcha sohalar isloh etilib, tubdan o’zgardi. Xususan, so’nggi to’rt yil mobaynida barcha sohalar qatorida diniy sohada ham ko’plab islohotlat amalga oshirildi.

Avval yurtimizda diniy oliy o’quv yurtlaridan birgina Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti faoliyat yuritgan bo’lsa, so’nggi yillarda ular soni 3 taga yetdi. 2017-yilda Mir Arab oliy madrasasi, 2018-yilda Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Bulardan tashqari, o’rta maxsus islom bilim yurtlari ham yana bittaga ko’paydi, 2020-yilda Termizda Imom Termiziy o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi tashkil etilib, o’z faoliyatini boshladi.

Xalqimizga Kalomullohni o’rgatish uchun yurtimizda Qur’on o’qitish kurslari tashkil etildi. Avvallari Qur’on o’qishni o’rganishni faqat orzu qilish mumkin edi, bugun esa istalgan fuqaro borib, rasmiy ravishda Qur’oni karimni tajvid bilan o’qish huquqiga ega bo’ldi.

2020-yilda diniy sohada birinchi bor Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning farmoniga asosan marhum Muftiy Usmomxon Alimov hazratlari “El-yurt hurmati” o’rdeni bilan taqdirlandi. Uning davomi o’laroq shu yilning 28-avgust kuni bir qator diniy soha vakillari “O’zbekiston Respublikasi mustaqilligining
30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandilar.

2021-yilda 8 oyning o’zida masjidlarning 14 tasi ochildi, 42 tasi yangidan qurildi, 88 tasi esa ta’mirlandi.

Yuqorida zikr etilgan yutuqlar, shuningdek, xalqimizning osoyishta hayot kechirishi, qo’shni davlatlar bilan aloqalarning yanada mustahkamlanishi, xususan, yurtimizning duyoga tanilishida eng asosiy omil mustaqillik, desak mubolag’a bo’lmaydi. Shunday ekan, mustaqillik ne’matining qadriga yetib, tashqi tomondan bizning birligimiz, tinchimizga ko’z olaytirganlardan ehtiyot bo’lishimiz kerak. Har xil buzuq mafkuralarga uchib qolmasdan, el-yurt ravnaqi uchun birdamlikda harakat qilsak, albatta, kelajak avlodga o’zimizdan ham yaxshi hayotni qoldirib ketamiz.

Barchamizga mustaqillik qutlug’ va abadiy bo’lsin!

HAYDARXON YO’LDOSHXO’JAYEV

Mir Arab oliy madarasasi rektori

. .