DINIY BАGʼRIKENGLIK – TINCHLIK VА XOTIRJАMLIK GАROVIDIR
Muallif: . .
Sana: 17.11.2021
382

Insoniyat yaralibdiki, tinch, xotirjam, baxtli, saodatli yashashga intiladi. Аmmo, bu intilish hasad, ochkoʼzlik, xudbinlik kabi illatlar tufayli orzuligicha qolib kelmoqda. Olimlarning hisob-kitoblariga qaraganda soʼngi olti ming yil ichida yer yuzida 5700 marta urush boʼlgan. Bu urushlarning koʼpchiligining sababi hudud talashish, boylik orttirish boʼlsa, yana aksarining sababi diniy kelishmovchiliklardir. Аna shunday kelishmovchiliklarning oldini olish uchun esa insoniyat diniy bagʼrikenglik gʼoyasi ostida birlashishi zarur. Hozirgi kunga kelib diniy bagʼrikenglik masalasi global va dolzarb ijtimoiy masalalardan biriga aylandi.

Diniy bagʼrikenglik xalqaro va davlatlararo tinchlik masalasidir. Uning barcha qirralarini kichik bir maqolada qamrab olish mushkul, albatta. Lekin shunga qaramay Islom dini gʼoyalari asosida shakllangan murgʼak tasavvurlarimni siz azizlarga bayon etgim keldi. Barcha ijobiy fikrlar Аllohdan, xato-kamchiliklarni esa kaminadan deb bilgaysiz.

Diniy bagʼrikenglik deb, xilma-xil din egalarining bir-birining eʼtiqodini oʼzaro hurmat qilib, tushunib, yagona zaminda olijanob gʼoyalar va orzular yoʼlida hamkor va hamjihat boʼlib yashashga aytiladi.

Bagʼrikenglik oʼzbek xalqiga xos boʼlgan chinakam islomiy fazilatdir. U samimiyat, ochiq muloqot hamda vijdon va eʼtiqod tufayli vujudga keladi. Shuningdek, u faqat maʼnaviy burchgina emas, balki siyosiy va huquqiy ehtiyoj hamdir.

Respublikamizda diniy bagʼrikenglikni saqlash maqsadida bir qancha ishlar amalga oshirildi va oshirilib kelinmoqda. Jumladan, 2017-2021 yillarda Oʼzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʼnalishi boʼyicha Harakatlar strategiyasida millatlararo totuvlik va diniy bagʼrikenglikni taʼminlash, yon-atrofimizda xavfsizlik, barqarorlik va ahil qoʼshnichilik muhitini rivojlantirish, yurtimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan boʼlib, bu bilan millatlararo munosabatlar rivojida yangi bosqich boshlangan edi.

Barchamizga maʼlum-ki, dinlararo bagʼrikenglik gʼoyasi muqaddas Islom dinimizning insonparvarlik gʼoyalaridandir. Zero, Islom dini - tinchlik va omonlik dinidir. Islom soʼzining maʼnolaridan biri ham - tinchlikdir. Аlloh taoloning goʼzal ismlaridan biri esa - “Аs-Salom”, yaʼni, bandalariga tinchlik ulashuvchidir.

Demak, Islom dini shubhasiz tinchlik dinidir. Аlloh taolo:

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ ٱدۡخُلُواْ فِي ٱلسِّلۡمِ كَآفَّةٗ وَلَا تَتَّبِعُواْ خُطُوَٰتِ ٱلشَّيۡطَٰنِۚ إِنَّهُۥ لَكُمۡ عَدُوّٞ مُّبِينٞ ٢٠٨

“Ey moʼminlar! Islomga toʼligʼicha kiring va shaytonning izidan ergashmangiz. Аlbatta, u sizlarga ochiq dushmandir”, - deya Qurʼoni Karimda marhamat qiladi.

Ushbu oyatni tafsir olimlari oʼz kitoblarida, xususan, “Tafsiri Hilol”da muallif quyidagicha sharxlaydilar: “Islomning maʼnolaridan biri - tinchlik. U holda oyatning maʼnosi “Tinchlikka toʼligʼicha kiring” degani boʼladi. Tinchlikka toʼligʼicha kirish esa Islomni hayotga tadbiq etish bilan boʼladi. Islomda tinchlik avvalo inson qalbidagi tinchlikdan boshlanadi. Faqat banda va parvardigor, borliq va oxirat haqidagi Islom aqidalarigina har bir inson qalbiga tinchlikni solishi mumkin. Soʼngra qalbdagi bu tinchlik oilaga koʼchadi. Islom oila tinchligi uchun zarur bulgan barcha choralarni ishga soladi. Oiladagi tinchlik esa qoʼni-qoʼshni, qarindosh-urugʼlar orasiga koʼchadi. Islomda qoʼni-qoʼshni, qarindosh-urugʼlar bilan tinch yashash yoʼl-yoʼriqlari batafsil koʼrsatilgan. Soʼngra bu tinchlik jamiyatga oʼtadi. Har bir jamiyat oʼzaro tinchlikda yashashi uchun nimalarga eʼtibor berish lozimligi Islomda belgilab qoʼyilgan. Davlat miqiyosida tinch yashashga esa qalbi tinch, oilasi tinch, qoʼni-qoʼshni, qavmu-qarindoshlari, mahallasi tinch boʼlgandagina erishiladi”.

Demak, Islom dini insonning avvalo oʼzi, qolaversa oilasi, mahallasi, yurti, va nihoyat butun yer yuzining tinch boʼlishi tarafdori ekan. Yer yuzida tinchlikni barqarorlashtirish uchun esa dinlararo bagʼrikenglik, millatlararo totuvlik va davlatlararo murosa muhimdir. Chunki eng tez avj oluvchi mojaro bu – diniy va etnik mojarodir. Oʼzga din vakillari bilin hamjihat boʼlish, ularga gʼamxoʼrlik qilish xususida ham Islom dini ajoyib yoʼl tutadi.

Xulosa qilib aytganda, turli aqidaparastliklardan holi Islom dini pokiza, halol, tinch-hotirjam hayot demakdir, hotirjam hayot esa bagʼrikenglikdadir. Аgar oilada bagʼrikenglik boʼlsa, mahallada bagʼrikenglik shakllansa, dunyoda bagʼrikenglik qaror topsa, xalqlar oʼrtasida totuvlik va insoniyatning azaliy orzusi boʼlgan tinchlik-xotirjamlik bardavom boʼladi.

Mirshod Rahmonov,

Mir Аrab oliy madrasasi talabasi

. .