VATANNI HIMOYA QILISH - VATANDOSHLARNI HIMOYA QILISH
Muallif: . .
Sana: 14.01.2022
16

Islom olamida Movarounnahrlik olimlar va mutasavvif pirlar safini to’ldirgan, biz avlodlarga manfaatli kitoblar yozib qoldirgan va Vatan uchun jonlarini fido qilgan vatandoshlarimizdan biri Najmiddin Kubrodir.

Najmiddin Kubroning to’liq ismlari Ahmad ibn Umar ibn Muhammad Xivaqiy al-Xorazmiydir. Najmiddin Kubro 1145-1221 melodiy, 540-618 hijriy yillarda yashagan bo’lib, Xorazmning Xivaq shahrida dunyoga keladi.

Vatan himoyachisi bo'lishdеk sharafli kasbga xiyonat etish kеchirib bo'lmas gunohi aziym ekanligi haqida ham dinimizda qattiq ta'kidlangan. Jumladan, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Halokatga eltuvchi еtti amaldan saqlaninglar” – dеganlar. Shu vaqtda sahobalar “Yo Rasululloh, ular nima?” — dеyishdi. Shunda Payg'ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi va sallam:

1. Alloh taologa shirk kеltirish.

2. Sеhr-jodu qilish.

3. Nohaq birovni o'ldirish.

4. Sudxo'rlik qilish.

5. Еtimning haqqini еyish.

6. Vatan himoyasidan qochish.

7. Iffatli mo'mina ayolga tuhmat qilishdir” — dеdilar (Imom Buxoriy ).

Chingizxon shayx Najmiddan Kubroning mashhurliklarini eshitgan boʻlganidan Xorazmga hujum qilish oldidan u kishiga chopar yuborib, “Men Xorazmni qatliom qilmoqchiman, shuning uchun Sizdek ulugʻvor shaxsni u yerdan ketib, bizga qoʻshilishingizni soʻrayman”, degan. Ammo, shayx unga javoban: “Men yetmish yil umrim davomida xorazmliklar bilan turmushning achchiq-chuchugini birga tortganman. Endi ular boshiga balo-qazolar yogʻilayotgan paytda qochsam muruvvatdan boʻlmaydi”, degan. Najmiddin Kubro moʻgʻul bosqinchilariga qarshi oʻz muridlari bilan shiddatli jangga kirib, shahid boʻlganlar.

Xulosa o’rnida aytish joizki, Vatanni va vatandoshlarni himoya qilish yurtdoshlariga katta yaxshilik qilish demakdir.

A'zamjon Toshboyev

Mir Arab oliy madrasasi o’qituvchisi

. .