
Barchamizga o'rnak va namuna bo'lgan zot - Payg'ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam payg'ambar qilib yuborilishlaridan boshlab barcha insonlarni birlikka, birdamlikka chaqirganlar. Hatto qayerga borsalar ham o'zaro adovatdagi qavmlarni birlashtirganlar. Buni Madina shahrining oldingi nomi Yasrib misolida ham ko'rish mumkin. U yerda aka-uka Avs va Hazrajdan tarqalgan ikki qabila doimo o'zaro urush qilib, bir-birlarini qirib kelishardi. Lekin, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sabab o'zaro kelishib, bir bayroq ostida jam bo'lib, “ansorlar” degan nomga sazovor bo'ldilar.
Bu sunnatga hozirgi ba'zi kuchlarning manfaatiga xizmat qiladigan axborot xuruji davrida yanada ko'proq amal qilishimiz lozimdir.
Alloh taolo o'zaro tortishuv va nizo zaiflashib, kuch-quvvatni ketkazib qo'yishini O'zining kalomida quyidagicha marhamat qiladi:
“Alloh va Uning Rosuliga itoat qiling. O'zaro nizo qilmang, u holda tushkunlikka uchraysiz va kuch-quvvatingiz ketadir. Va sabr qiling.
Albatta, Alloh sabr qilguvchilar bilandir” (Anfol surasi, 46 oyat).
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida musulmonlar uch kundan ortiq arazlashib yurishidan ham qaytarganlar. O'zaro arazlashganlardan qaysi biri birinchi bo'lib aloqani tiklashga urinsa, unda xayr-yaxshilik borligining bashoratini berganlar.
Shunday ekan, biz faqat uchinchi tomon foyda ko'radigan nizolardan ehtiyot bo'lishimiz va fitnaga sabab bo'ladigan ishlarni qilmasligimiz kerak.
Alloh taolo o'zaro ahilligimizni bundan-da ziyoda qilsin.
IBROHIMJON TEMIROV
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi