
Parvardigorimiz bizlarga shunday xitob qilgan: “Ey mo‘minlar! Allohdan qo‘rqinglar, (har bir) jon erta uchun nima taqdim etganiga qarasin! Allohdan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir. Sizlar Allohni unutib qo‘ygan, (shundan keyin Alloh) ularga o‘zlarini ham unuttirib qo‘ygan kimsalarga o‘xshab qolmanglar! Ana o‘shalar fosiq, itoatsiz kimsalardir!” (Hashr surasi, 18-19-oyatlar).
Oyatda aytilishicha, banda Allohning aytganini qilmasa, Parvardigor uni O‘z holiga tashlab qo‘yadi. Biz Allohning rahmatiga muhtojmiz. Demak, shunga yarasha shariat buyruqlarini bajarishimiz kerak.
O‘zimizni bir sarhisob qilaylik: amallarimiz yuzasidan hisob-kitobga tayyormizmi? Ibodatlarimiz o‘rnida bajarilyaptimi? Nuqson-kamchiliklar vaqtida to‘g‘rilanyaptimi? Oxiratda foyda beradigan qanday ezgu ishlarimiz bor? Allohga haqiqiy taqvo qila olyapmizmi? Oxiratda najot topish uchun sarmoyamiz yetarlimi?..
Alloh bizni hisob qilishidan oldin o‘zimizni sarhisob qilib, imtihon oldidan xato-kamchiliklarimizni tuzatib olaylik. Xatoni to‘g‘rilash imkoni bugun bor. Ertaga bo‘lmay qoladi.
“Vaqt g‘animat, o‘tsa nadomat” deb bekorga aytishmagan.
Endi mana bu xitobga e’tibor qarataylik: “Ey mo‘minlar, na mol-dunyolaringiz, na bola-chaqalaringiz sizlarni Allohning zikridan to‘sib qo‘ymasin! Kim shunday qilsa, ana o‘shalar ziyon ko‘ruvchilardir! Sizlarning (har) biringizga o‘lim kelib, u: “Parvardigorim, meni ozgina muddatga (hayotda) qoldirsang, xayr-sadaqa qilib, solihlardan bo‘lsam”, deb qolishidan ilgari – Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilinglar! (Chunki) Alloh biron jonni ajali kelgan vaqtida (vafot ettirmasdan) qoldirmaydi. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir” (Munofiqun surasi, 9-11-oyatlar).
Kimda-kim mol-dunyo yig‘ish, bola-chaqa tashvishida Allohga ibodat qilishdan chalg‘isa, o‘limidan oldin yana ozgina fursat berilishini o‘tinib so‘raydi.
Hayotda bunday odamlar ko‘p uchraydi. Kimningdir mol-davlati bisyor, qo‘sha-qo‘sha o‘g‘il-qizlari bor. Ammo, ibodatdan yiroq, peshonasi sajdaga tegmaydi. Shunday bo‘lsa-da, o‘zini komil musulmon sanaydi. Hatto “jannat to‘ri meniki bo‘ladi” deb da’vo ham qiladi. Yana kimdir o‘ziga to‘q, ibodatli, ammo, boylik to‘plab, “Bir kun ishlatarman”, deb yuraveradi. Vafoti yaqinlashganda esa ne qilarini bilmay qoladi. Chunki, ming mashaqqat bilan yiqqan boyligi boshqalarga qolyapti. O‘limdan keyin molidan, uy-joyidan ayriladi. Ammo, oxiratda davlatining hisobini o‘zi beradi. Mana shuning uchun ajali yetgan xasis boy ozroq hayot berilishini o‘tinib so‘raydi. “Yana biroz yashasam, sadaqa qilardim, muhtojlarga yordam berardim!” deb yalinib-yolvoradi. Lekinб endi kech. fursat o‘tdi. Unga ortig‘i bilan vaqt berilgandi. O‘sha damlarni g‘animat bilmadi. Alloh umri poyoniga yetgan bandaga boshqa imkon bermaydi. Nima qilsa, vaqt borida tez-tez qilib qolish kerak edi...
Rivoyat qilinishicha, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu bir kuni: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Boy odamga haj yoki zakot farz
bo‘lsa-yu, ammo ikkisini bajarmasa, o‘limi oldidan (hayotga) qaytishni o‘tinib so‘raydi”, deganlar”, deb aytganida, bir kishi: “Ey, Ibn Abbos! Allohdan qo‘rq! Buni faqat kofirlar so‘raydi!” deya xitob qildi. Shunda Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Men sizlarga Qur’ondan dalil keltiraman”, deb yuqorida keltirilgan Munofiqun surasidagi oyatlarni o‘qib bergan ekan.
RAMAZON DONYOR ÓG'LI
Mir Arab oliy madrasasi 4- kurs talabasi