Nega bu ahvolga tushib qoldik?
Muallif: . .
Sana: 17.05.2018
3188

Oxirgi paytda barchani tashvishga solib turgan eng muhim narsa, umuminsoniy qadriyatlarning toptalyotganligi, axloq-odob toptalyotganligi, ma’naviy qadriyatlar toptalyotganligi, diniy ta’limotlar oyoqosti bo‘layotganligi bo‘lib qoldi. Kundan kunga bu sohada ahvol yomonlashib bormoqda.

Insonlar gunoh ishlarni tap tortmay qilishlari oddiy bir holga aylandi. Balki , gunoh ishlarni qilganlar, harom-xarish yurganlar, birovni haqini eganlar, zulm qilganlar va hokazolar o‘zlarining qilayotgan isyonlari, gunohlari bilan faxrlanadigan darajaga etdi .

Avvallari hatto, hammamiz birgalashib, jo‘r bo‘lib yomonlayotgan “Hudosizlik imperiyasi” vaqtida ham bu qadriyatlar, bu ma’naviyatlar, bu odob-axloqlar bunchalik xorlanmagan edi.

Avvallari ham poraxo‘rlik bor edi. Lekin bu darajada sharmandalarcha, ochiq-oydin, tap tortmasdan balki, faxrlanib poraxo‘rlik qilinmas edi. Avvallari ham faxsh ishlar, foxishalik bor edi. Lekin bu darajada ochiq-oydin, bexayolik, faxrlanish va chet yurtlarga ham borib foxishalik qilish sodir etilmagan edi. Avvallari ham birovning haqqini eyish bor edi. Lekin, bu darajada sharmandalarcha, hammaning ko‘z o‘ngida ochiq-oydin va maqtanib birovning haqqini poymol qilish yo‘q edi. Avvallari ham ba’zi bir shunga o‘xshash gunohlar, harom-xarish ishlar bor edi. Lekin, bu darajada keng tarqalmagan va bu darajada ochiq-oydin emas edi hamda bu gunoh ishlarni qiluvchilar ham bu darajada faxrlanib gerdayib yuradigan holatda emas edi…

Nima bo‘ldi, nimaga hozirgi kunda ommaviy ravishda orqaga ketish, ommaviy ravishda hayosiz bo‘lish, birovning haqqidan qo‘rqmaslik va hokazo gunohlar, harom-xarish ishlar rivojlanib borgan sari ashaddiylashib bormoqda?!

Foxishalik qilayotganlar nima uchun shu ishni o‘zlariga qilyaptilar?! Qorni och bo‘lganlari uchunmi, usti yupun bo‘lganlari uchunmi?! Agar qorni och, usti yupun bo‘lganlari uchun deyayotgan bo‘lsak, chet yurtlarga borib, yurt obro‘sini oyoqosti qilayotganlar ochmi qornilari, ustilari yupunmi yoki turar joylari etishmaydimi?! Demak, bu erda gap ochlikda emas, usti yupunlikda emas.

O‘g‘rilik qilayotganlarning ba’zilari ochlikdan, ehtimol bola-chaqalarini boqolmayotgandir… lekin, millionlab dollarlarni o‘g‘irlayoganlar, katta o‘g‘rilar, ularda nima muhtojlik bor? Ularning qorni ochmi yoki bola-chaqalarini boqolmayaptilarmi? Ha, bu kichik miqyosdagi o‘g‘rilardan ko‘ra, katta miqyosdagi o‘g‘rilik qilayotganlar, birovning haqqini ochiq-oydin kuch bilan tortib olayotganlar bu dajaga etishiga sabab nima?! Poraxo‘rlar oyligi etmayotganidan poraxo‘rlik qilyaptimi? Ehtimol ba’zi birlari, juda oz bir qismi shunday qilayotgandir. Lekin, bularning ko‘pchiliklari puli ko‘pligidan yanaham ko‘paytirish maqsadida poraxo‘rlik qilayotganini hammamiz yaxshi bilamiz. SHu tariqa har bir gunoh ishni, har bir harom ishni, har bir noto‘g‘ri ishni olib tekshiradigan bo‘lsak nochorlik bu juda kam miqdorda balki, ko‘p narsalarga sabab bo‘layotgan narsa boshqa tarafda ekani ma’lum bo‘ladi.

Xo‘sh, bunday bo‘lishiga sabab nima?! Nima uchun Xudoni tan olmasdan, ochiq-oydin kofirlik, xudosizlik hukm surgan vaqtda ham bo‘lmagan narsa, hozir orqaga qarab ketmoqda, insonlar butun ma’naviyatlar jabhasida yuztuban ketmoqdalar?! Bu erda asosiy bir “qoida” buzilmoqda. Bu “qoida” ilohiy qoida bo‘lib, inson tabiatini bilib ana o‘sha inson tabiatiga mos muomala qilish qoidasi buzilmoqda. SHuning uchun biz aytib o‘tgan narsalar yuz bermoqda. Agar shu tarzda ketadigan bo‘lsa, bundan keyin bundan ham battar bo‘lishi turgan gap. CHunki, xudosizlar davridagi qilingan ishlar bugungidan oz miqdorda bo‘lishligining sababi bor. Agar o‘sha davr xudosizlik davri bo‘lsa ham tutgan ishida Xudoning amrlari bo‘lgan. Bu degani nima degani?! Bu degani, inson muomalasi to‘g‘risidagi ilohiy qoida Alloh subhanahu va taoloning ko‘rsatgan yo‘llaridan bir oz ana o‘sha xudosizlik davrida ham foydalanilgan, agar ularning o‘zi buni tushunib etmagan bo‘lsa ham.

Bu qoida qanday qoida?! Bu qoida Alloh taolo insonni yaratganida uning tabiatiga qo‘shib bu dunyoni yaxshi ko‘rish hissini ham yaratgan. Ha, ota-onadan tug‘ilgan har bir inson birov o‘rgatmasa ham, birov ta’lim bermasa ham o‘zi tabiiy ravishda bu dunyo va uning xoy-u havaslariga muhabbatga ega bo‘ladi. Kichkina bolalar qo‘liga tushgan narsani “maniki” deb o‘ziniki ekanini isbot qilishga urinishlari, bir-birlari bilan talashishlari mana shu tabiatning dastlabki ko‘rinishlari hisoblanadi.

زُيِّنَ لِلنَّاسِ حُبُّ الشَّهَوَاتِ مِنَ النِّسَاءِ وَالْبَنِينَ وَالْقَنَاطِيرِ الْمُقَنْطَرَةِ مِنَ الذَّهَبِ وَالْفِضَّةِ وَالْخَيْلِ الْمُسَوَّمَةِ وَالْأَنْعَامِ وَالْحَرْثِ ذَلِكَ مَتَاعُ الْحَيَاةِ الدُّنْيَا وَاللَّهُ عِنْدَهُ حُسْنُ الْمَآبِ (14)

Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Odamlarga shahvatlar muhabbati, to‘p-to‘p tillo kumushlar, ayollar va boshqa narsalar ziynatlab qo‘yildi”. Demak, odamlarning barchasiga mana shu shahvat narsalar, dunyoning orzu-havasi Alloh taoloning o‘zi tomonidan ziynatlab qo‘yilgan ekan. CHunki, Alloh taolo insonni bu dunyoga muhabbatli qilib yaratmasa, bu yorug‘ dunyo obod bo‘lmas edi. Hamma “manga bo‘sin” degan muhabbati bo‘lgani uchun, mening oilam bo‘lsin , farzandim bo‘lsin, uyim bo‘lsin, kiyimim bo‘lsin, maoshim bo‘lsin va boshqa-boshqa narsalar bo‘lsin degan muhabbat o‘zining tabiatidan kelib chiqqanligi uchun, o‘zini o‘nglashni, oilasini yaxshilashni va dunyoni obod qilishni o‘ylaydi va harakat qiladi. Ana o‘sha insonning tabiatida bor narsa ya’ni xohish o‘zini tek qo‘yib berilsa, u to‘g‘ri yo‘ldan bormasdan, noto‘g‘riga ketishi, haddidan oshishi, chegaradan chiqishi, qoidani buzishi va o‘zining xoyu-havasi yo‘lida boshqalarni qurbon qilishi turgan gap. SHuning uchun Alloh taolo bu dunyoni yaratib, unda insonni ham yaratib, uni bu dunyoga muhabbatli qilib yaratganligiuchun uni tavozun ila saqlash qasdida dinni nozil qilgan. Ana o‘sha nafsini jilovlab turish, chegarada tutib turish, faqat foyda tarafga ishlatish, o‘zining ham o‘zgalarning ham ziyon tomoniga bu muhabbatni ishlatmaslik uchun insonga diniy ta’limotlarni bergan.

Inson tabiatidan dunyoga, orzu-havasga muhabbati bo‘lganligi uchun, xoyu-havasni yaxshi ko‘rganligi uchun, mana shu tabiiy narsalar insonni dunyoga qarab tortadi. Uning ko‘ziga ziynatlab ko‘rsatadi va mana shu narsaga qarab harakat qilishga undaydi. Endi buning qarshisiga diniy ta’limotlar chiqadi va “dunyoga qiziqma, oxiratingni o‘yla, Xudodan qo‘rq, halol yur, harom yurma, birovning haqqini ema”, kabi qaytariqlar bilan, amru ma’ruf bilan va nahyu-munkar bilan bir tarafga ya’ni, dunyoga tortib turgan tabiatni orqasiga qaytarib, o‘rtacha bo‘lishini yo‘lga qo‘yadi. SHuning uchun, diniy ko‘rsatmalarda ko‘proq dunyoning qoralanishi, oxiratni o‘ylashga tashviq qilinishining sababi ham bu insonning tabiatidagi dunyoga bo‘lgan muhabbat, xoyu-havasni o‘ta ko‘tarilib ketmasligining hisobidan bu tomonni ham ko‘tarib ikkovini barobar, tog‘ri mutavozun holida birovga zarar bermaydigan, ikki dunyo baxt-u saodatiga boshlaydigan darajada olib borishga harakat qiladi. Ana shundagina ilohiy qoida to‘laqonli ishlaydi va bu qoidaga amal qilgan inson mutavozun inson bo‘ladi hamda baxt-u saodatga erishadi. Erishganda ham ikki dunyoning baxt-u saodatiga erishadi. Mana shu ilohiy qoidaga amal qilgan oila ham, baxtli saodatli oila bo‘ladi. Mana shu ilohiy qoidaga amal qilgan jamiyat ham baxtli saodatli jamiyat bo‘ladi albatta.

Afsuski, bugungi kunda mana shu qoida tag-tugi bilan qo‘porib tashlandi. O‘zi Alloh taolo tomonidan dunyoga muhabbatli qilib yaratilgan, xoy-u havasga ishqi bor qilib yaratilgan insonlarga yana “dunoga o‘ch bo‘l, xoy-u havasning ketidan yur, boylik orttir, pul to‘pla, falonchi millioner bo‘lipti, u falon narsadan boshlagan edi, ayron sotib boshlagan edi, sovuq suv sotib boshlagan edi, endi bu darajada bo‘ldi, u qil va bu qil”, deb kecha-yu kunduz, erta-yu kech, radio ham, televizor ham, gazet jurnallar ham, kitoblar ham, internet tarmog‘i ham va butun jamiyat ham turgan bitgani mana shu narsani gapiradigan bo‘lib qoldi. SHuning uchun ham insonlar dunyo yo‘lida har qanday pastkashlikka qo‘l urishdan tap tortmaydigan bo‘lib qoldi. Agar shu quturgan “musobaqa” davom etadigan bo‘lsa, oqibati yanada og‘ir bo‘lishi, bugungi ko‘rayotgan musibatlarimiz ularning oldida ip esholmay qolishi turgan gap. SHuning uchun ko‘zimizni ochmoqligimiz kerak va o‘zimizning insoniy tabiatimaizni tushunib etmoqligimiz hamda uning o‘ziga muvofiq keladigan ilohiy qoidani ishlatib, ikki dunyo saodatiga erishish uchun harakat qilishimiz kerak. Alloh taolo barchalarimizni O‘zi hidoyatga boshlagan bo‘lsin.

Mir Arab Oliy madrasasi 1-kurs talabasi Solihov Dilshod

. .