HAYIT BAYRAMI ODOBLARI
Mana soat sayin ulug‘ bayram Qurbon hayiti yaqinlashib kelmoqda. Musulmonlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlaridan buyon bu bayramni orziqib, alohida ahamiyat bilan kutib oladilar. Bizlarni dorulomon yurtda tinchlik xotirjamlikda hayot kechirish baxtiga musharraf qilgan hamda hayit bayrami shodliklariga muvaffaq qilgan Alloh taologa hamdlar bo‘lsin!
Hayit bayramlarida yoshu-qari, boyu-kambag‘al jamiyat vakillarining barchalari shodu-xurram bo‘lib, bir-birlariga xursandchilik izhor qiladilar. Bu ulug‘ bayramlardan biri Ramazon ro‘zasi tugaganidan so‘ng, ikkinchisi esa hojilar Arafotda turganlaridan so‘ng nishonlanadi. Musulmonlar hamisha orziqib kutadigan ushbu ikki hayit bayramlariga taalluqli bir qancha odoblar bo‘lib, ularga amal qilish bu bayramlardagi xursandchiliklar to‘liq bo‘lishiga va eng muhimi ko‘plab ajru savoblarga ega bo‘lishga sabab bo‘ladi. Hayit bayramlarining odoblari deganda asosan quyidagi odoblar tushuniladi:
1) yaxshi niyat qilish;
Musulmon kishi barcha ishlarida bo‘lgani singari hayit bayramlarida bajaradigan ishlarini ham yaxshi niyatlar bilan ado etishi lozim. Masalan, hayit namoziga otlanar ekan zimmasidagi vojib amalni ado etishni niyat qiladi, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalarini bajarish niyati bilan yaxshi kiyimlarini kiyib chiqadi, silai rahm niyati bilan qavmu-qarindoshlarini ziyorat qilishga harakat qiladi va hakozo barcha amallarida ezgu niyat qilinadigan bo‘lsa, xursandchiliklardan tashqari ko‘plab ajru mukofotlarga ham ega bo‘ladi.
2)g‘usl qilish;
Hayit bayramiga tayorgarliklardan biri namozgohga g‘usl qilib, toza-ozoda bo‘lib chiqishdir. Ushbu odobga rioya qilish tufayli boshqalarning undan aziyat chekishlarining oldi olingan bo‘ladi.
3)xushbo‘ylanish;
YUvinib toza-ozoda bo‘lganidan so‘ng shirin mushk va atirlar bilan xushbo‘ylanib chiqish ham bu kunning odoblaridan sanaladi.
4)yaxshi kiyimlarni kiyish;
Hayit kunida imkoni bor kishi yangi kiyim kiyishi mustahab bo‘ladi. CHunki bu ish Alloh taoloning bandasiga bergan ne’matlarini izhor etish, shodu-xurramligini namoyon qilish bo‘ladi. Ulug‘ zotlarning hayit bayramlarida eng yaxshi kiyimlarini kiyganlari ma’lum va mashhurdir.
5)qurbon hayitida qurbonlik qilishdan oldin hech narsa emaslik;
Qurbon hayitida Ramazon hayitining aksi o‘laroq to hayit namozini ado etilgunicha taomlanmaslik, balki so‘ygan qurbonligining go‘shtidan eyishi sunnat hisoblanadi. Bu haqda shunday xabar berilgan:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam qurbonlik kunida namoz o‘qigunlaricha taomlanmasdilar”. Termiziy rivoyati.
6)hayit namoziga erta borish;
Barro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallamning xutba qilayotib shunday deganlarini eshitganman: “Albatta, ushbu kunimizda avval boshlaydigan narsamiz namoz o‘qishimizdir, so‘ngra qaytib qurbonlik qilishimizdir, kimki shunday qilgan bo‘lsa, albatta, bizning sunnatimizni topibdi”. Buxoriy rivoyati.
Ushbu hadis hayit kunida dastlab namozga chiqish uchun tayorgarlik ko‘rish va unga erta borish lozimligiga dalolat qiladi.
7)masjidga piyoda yurib borish;
Hayit kuni agar kasallik, uzoqlik va qoru-yomg‘ir singari biror uzr bo‘lmasa, namozgohga piyoda yurib borish sunnat hisoblanadi. Bizning hanafiya mazhabimizda ayollarning hayit namoziga chiqishlari makruh sanaladi.
8)Masjidga etib borgunicha ovozini chiqarib tahlil va takbir aytib borish;
Hayit namozini o‘qish uchun uydan chiqilgan paytdan to namozgohga etib borguncha “La ilaha illalloh” va “Allohu akbar” kalimalarini aytib borish ham sunnat hisoblanadi. Ushbu sunnatni ado etish Islom shiorini izhor qilish va hayit bayrami kelganidan shodlanish ifodasi, hamda ushbu kunning oldingi va keyingi kunlardan farqli kun ekanini barcha insonlarga bildirishdir.
9)Hayit namozidan oldin boshqa biror nafl namoz o‘qimaslik;
Hayit namozgohiga etib borgandan so‘ng tahiyyatul masjid yoki boshqa biror nafl namoz o‘qimasdan, tahlil va takbirlar aytib zikr qilib o‘tirish sunnat hisoblanadi. Abu Sa’iyd al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam iyddan oldin hech narsa o‘qimas edilar, qachon manzillariga qaytsalar ikki rakaat namoz o‘qirdilar”. Ibn Moja rivoyati.
10)mo‘min-musulmonlar o‘zaro bir-birlarini hayit bilan muborakbod etishlari;
Insonlarning bir-birlari bilan ko‘rishishlari va bir-birlarini hayit bayrami bilan qutlashlari ham barchaning ko‘ngliga xursandchilik ulashadigan odoblardan hisoblanadi. Hayit kunida bir-birlarini tabriklash ma’nosida o‘qiladigan muayyan duo bo‘lmasa ham, “Alloh bizdan ham sizlardan ham qabul qilsin” ma’nosidagi tilaklar bildirish yaxshi sanaladi.
11)masjiddan uyiga qaytishda boshqa yo‘ldan qaytish;
Hayit kunida namozgohdan uyiga qaytishda borgan yo‘lidan boshqa yo‘l bilan qaytish ham sunnat hisoblanadi. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon iyd kuni bo‘lsa yo‘lni farqli qilardilar”. Buxoriy rivoyati.
Ushbu sunnatga amal qilishning ko‘plab foydalari bordir. Avvalo, namozga borib kelishdagi bosgan qadamlari ko‘payadi. Natijada savoblari ham ana o‘shancha ko‘payadi. Qolaversa, boshqa yo‘ldan qaytishda yanada ko‘proq insonlarga xursandchilik izhor qilish va ularni hayit bilan qutlash imkoniyati ham oshadi. Eng muhimi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilgan bo‘ladi.
12)qavmu qarindoshlarni ziyorat qilish;
Aslida qavmu-qarindoshlarning holidan xabar olish barcha vaqtda ham musulmon kishining zimmasidagi vazifalardan hisoblanadi. Hayit kunlaridek xursandchilik pallalarda esa bu vazifa yanada ta’kidlab eslatib qo‘yilgan. Bu ham dinimizning go‘zalligidan hisoblanadi. Qavmu-qarindoshlar ziyorat qilinganda hayitdagi umumiy xursandchiliklar doirasi kengayadi, ularga sovg‘alar ham ulashiladigan bo‘lsa, o‘zaro mehr-muhabbat rishtalari mustahkamlanib shodu-xurramliklar yanada ziyoda bo‘ladi.
13)qo‘ni-qo‘shnilarni bayram bilan tabriklash;
Hayit munosabati bilan qo‘ni-qo‘shnilarga taom ulashish va ularni ziyorat qilish ham hayit xursandchiliklarining yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladigan amallardan hisoblanadi.
14)yosh bolalarni xursand qilish;
Hayit bayramida yosh bolalarni xursand qilish, ularga hayitlik sovg‘alari ulashish, hayvonot bog‘lariga yoki o‘yingohlarga olib borib o‘ynatib kelish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ayniqsa, hayit bayramining shodliklaridan ehtiyojmand oilalarning farzandlarini ham bahramand qilishga urinish komil musulmonning belgilaridandir.
15)Turli isrofgarchiliklardan tiyilish;
Musulmon kishi hamma vaqt, xususan hayit kunlarida shariat man qilgan ishlar bilan “xursandchilik” qilmaydi. SHunga ko‘ra, go‘yo “hayitda ruxsat” degandek turli noshar’iy o‘yin-kulgilar va gunoh ishlarga mashg‘ul bo‘layotganlar yoki aksincha shariat bayram qilib belgilagan kunni azaga aylantirib olayotganlar ushbu ulug‘ kunda shariatga zid ishlarni sodir etish bilan qattiq gunohkor bo‘ladilar. Zero, bunday fazilatli kunlarda qilingan xayrli amallarning ajr-savobi ko‘paytirib berilganidek, bu ulug‘ kunlarda sodir etilgan gunoh va ma’siyatlarning iqobi ham ziyoda bo‘lishini unutmaslik lozim. Buning aksi o‘laroq, bu kunlarda istig‘for va tavba-tazarru’da bo‘lish mo‘min kishining muhim xususiyatlaridandir.
Barcha holatlarimizda dinimiz ko‘rsatmalariga muvofiq hayot kechirishga Alloh taolo hammamizni muvaffaq qilsin! Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!
MAHMUDOV ASRORXON
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi
Eng ko'p o'qilgan Yangiliklar
